Samarqandda shisha va metall ishlab chiqarishga 600 million dollardan ortiq sarmoya kiritiladi

News media
Dolzarb:
Tashkent, Uzbekistan
Yakshanba, Sen 24, 2023
Samarqand shahridagi “Asia Metal Prof” zavodi maydonida yana 621 million dollarlik yana beshta investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Bir kun avval O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev korxonaga tashrif buyurdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.
Ushbu yirik zavodda 2018-2022-yillarda xitoylik hamkorlar bilan birgalikda umumiy qiymati 110 million dollarlik loyihalar amalga oshirilgan. Bu mablag‘ning 33 million dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyadir.
2018-yil dekabrda rux va polimer bilan qoplangan metall listlar tayyorlash boshlangan bo‘lsa, ikkinchi bosqichda, 2021-yildan metall quvurlar va profillar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. 2022-yil fevraldan issiq o‘ramali metall listlar va qurilish uchun profillar ham ishlab chiqarilmoqda.
O’tgan yili korxona tomonidan 63 million dollarlik mahsulot eksport qilingan. Ayni paytda korxonada 520 nafar ishchi mehnat qilmoqda.
Davlatimiz rahbari loyihaning to‘rtinchi bosqichi – armatura ishlab chiqarish korxonasining qurilish maydonida bo‘ldi. Bu yerda yiliga 390 ming tonna armatura quyish quvvati hamda 150 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
2023-2025-yillarda yana beshta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Ularga jami 621 million dollar yo‘naltirilib, yiliga 1,7 million tonna metall hamda 10 million metr kvadrat oyna ishlab chiqarish quvvati yaratiladi. 930 ta yangi ish o‘rni ochiladi.