Xitoy O‘zbekistonga yangi temir yo‘l yo’nalishini ishga tushirdi

Uning yoʻnalishi Xorgos quruqlik porti orqali oʻtadi.
Xitoy Chjantszyakou shahridan O‘zbekistonga temir yo‘l orqali yuk tashishni yo‘lga qo‘ydi, deya xabar bermoqda “Sinxua” axborot agentligi.

Birinchi yuk qatoriga avtomobillar uchun butlovchi qismlar, maishiy texnika, shuningdek, to’qimachilik mahsulotlari kiradi. Poyezd bugun 29-avgust kuni Xitoydan O‘zbekiston poytaxtiga jo‘nagan.

“China Railway Beijing Group Co” ma’lumotlariga ko’ra, poyezd taxminan 15 kun ichida Toshkentga yetib keladi. Yoʻnalish Xitoy shimoli-gʻarbidagi Shinjon-Uygʻur avtonom viloyatidagi Xorgos quruqlik porti orqali oʻtadi.

Iyun oyi boshida Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston transport yo‘lagi bo‘ylab ilk bor sinov poyezdini jo‘natdi. Vagondagi yuk 2,5 million dollarlik tovarlarni o’z ichiga olgan.

XXR va Markaziy Osiyo mamlakatlarini bog‘lash uchun mo‘ljallangan boshqa logistika loyihalari qatorida iyul oyi boshida ishga tushirilgan Langfan-Qashg‘ar-Irkeshtam-O‘sh-Toshkent multimodal yo‘lagi ham bor.

2023-yilning yetti oyi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 6,9 milliard dollarga yetdi va yillik o‘sish sur’ati 30,2 foizni tashkil etdi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan