Respublikaning barcha hududini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash realmi?

Foto: Infografika: Assambleya TV / Javohir Yo’ldoshov

Chekka manzillardagi barcha xonadonlarni uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlash realmi? Umuman, Oʻzbekistonda “Yashil” energetika, xususan, quyosh panellari bilan bogʻliq vaziyat qanday, uni oʻrnatib, nimaga erishiladi kabi savollarga mutaxassislardan javob olib, bu borada rivojlangan davlatlar tajribasiga nazar solamiz.

Oʻzbekiston serquyosh oʻlka ekani bilan faqat maqtanish emas, undan samarali foydalanish kerak

Oʻzbekiston — serquyosh oʻlka. Lekin u faqat zerikarli suhbatlarda, balandparvoz nutqlardagina qolib ketmasligi kerak. Undagi quyoshli kunlarning har daqiqasidan samarali foydalanish, bu orqali eng kamida oilaviy budjetga, kengroq miqyosda esa mamlakat iqtisodiyotiga va rivojiga hissa qoʻshish vaqti allaqachon kelib boʻlgan.

Quyosh batareyalari nima va ularni oʻrnatishdan nima naf?

Quyosh batareyalari sodda qilib aytganda, tabiiy yorugʻlikni oʻzlashtirib, uni energiya kuchiga aylantirib beruvchi moslama hisoblanadi. Uning turi va kuchlanishiga qarab, davlat tomonidan beriladigan anʼanaviy elektr energiyasi uzilib qolganida ham xonadoningizdagi televizor, muzlatgich, yorugʻlik lampalari va hatto konditsioneringizdan maʼlum muddat, baʼzan uzluksiz foydalanishingiz mumkin boʻladi. Bir soʻz bilan aytganda, sizni davlat beradigan elektr taʼminotiga qaramlikdan qisman yoki butunlay qutqaruvchi qurilma.

Mamlakatning istalgan nuqtasida mavjud tabiiy, tekin yorugʻlikni bir ramkaga joylagan fotovoltaiklar sizni chiroqsizlik, qorongʻilikdan olib chiqib, yoʻq joydan qoʻshimcha daromad ishlab olishingizga ham sabab boʻladi. Bu degani, kechasi ham kitobni chiroq yoqib oʻqish, sovuq kunlarda uyni isitish va istalgan energiya talab etuvchi texnologiyalardan foydalanish — mamlakatning qishloq joylari-yu, rivojlanishdan ortda qolgan shaharchalaridagi aholi uchun ham noreal emas. Hozircha esa…

Foto: “Daryo.uz” / Namoz Tolipov

Oʻzbekistondagi vaziyat quyidagicha

Tabiiy energiya masalasi boshqa rivojlangan davlatlar qatori, Oʻzbekistonda ham siyosiy muhokamalar darajasiga koʻtarilgan. Bu borada koʻplab tushuntiruvchi suhbat va yigʻilishlar oʻtkazilgan. Soʻnggilaridan, 2022-yilning 10-iyun kuni davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazilgan.

Unda mamlakatdagi energiya bilan bogʻliq muammolar yil sayin yaxshilanib borayotgani, biroq kuz-qish mavsumida ehtiyoj doimgidan ortib borishi oqibatida barcha ogʻirlik elektr tarmoqlariga tushayotgani asosli taʼkidlanadi.

Albatta, elektr tarmoqlarining sovuq mavsumda zoʻriqib ishlashi respublikaning chekka tumanlaridagina emas, poytaxtda ham sezilarli darajada belgi beradi. Buni kunning oʻrtasida ogohlantirishsiz oʻchib qoladigan chiroq misolida koʻrish mumkin.

Prezident matbuot xizmatining yozishicha, hozirgi kunda Oʻzbekistonda 2-3 milliard kV/s. elektr energiyasiga qoʻshimcha talab bor. Kelasi besh yillikda esa ushbu ehtiyoj darajasi 10 milliard kV/s. ga oshishi kutilmoqda.

Shuncha talab yuzaga kelayotgan bir davrda, faqat anʼanaviy elektr tarmoqlarigagina suyanishdan koʻra, muqobil energiya manbalarini topish, yaratish va bu borada mustaqil boʻlish, har tomonlama foydadan xoli boʻlmaydi.

Videoselektorda Prezident turli soha vakillariga qarata shunday deydi:

Bugungi masala umummilliy ahamiyatga ega. Bu ishlarni, avvalambor, oʻzimizdan boshlashimiz kerak. Har bir hokim, vazir, barcha darajadagi rahbarlar shaxsiy namuna koʻrsatib, oʻz uyi, ishxonasida muqobil energiya uskunasini oʻrnatishi zarur”.

Bundan tashqari, Xalq taʼlimi vazirligi (XTV) yil yakuniga qadar tegishli tashkilot va mahalliy hokimliklar oldiga mamlakatdagi 1000 ta umumtaʼlim maktab binolarida quyosh elektr panellari va quyosh suv isitish qurilmalarini oʻrnatish vazifasini qoʻygan.

Bu topshiriq quyidagicha taqsimlangan:

  • 390 ta quyosh panellari XTV tomonidan;
  • 610 donasi esa mahalliy hokimliklar tomonidan qoʻyiladi.

Topshiriqning ijrosi taʼminlanayotgani haqida turli tuman hokimliklari va vazirliklar Feysbuk sahifalarida maʼlum qilib bormoqda.

Muqobil energiyadan foydalanuvchilar uchun imtiyozlar bormi?

Muqobil energiya manbalaridan foydalanmoqchi boʻlgan aholi yoki tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida yangi tizim belgilangan. Unga koʻra, har bir oʻrnatilgan quyosh va shamol elektr uskunasi uchun quvvatiga qarab, 15 million soʻmgacha kompensatsiya toʻlanadi. Yoki foydalanuvchiga uch yil muddatga foizsiz toʻlov imkoniyati beriladi.

Yuqoridagi tizim davlat rahbari tomonidan 2022-yilning 1-sentabridan boshlab amaliyotga tatbiq etilishiga koʻrsatma berilgan. Uning ijrosini taʼminlash maqsadida, 1-oktabr kuni qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini imtiyoz asosida sotib olish uchun maxsus platforma ishga tushirilib, imtiyoz berish yoʻlga qoʻyilganini Energetika vazirligi masʼuli tasdiqladi.

Biroq bu borada Energetika asbob-uskunalarini takomillashtirish boʻyicha markaziy konstruktorlik byurosining elektrotexnikalar laboratoriyasi rahbari Sarvar Qurbonov shunday dedi:

“Quyosh panellarini oʻrnatib, davlatdan imtiyoz olganlar hozircha yoʻq. “Imtiyozlar ajratilsin!”, deyilgani bilan, uning mexanizmi toʻliq ishlab chiqilmagan. Platformadagi moslamalarning narxi ancha qimmat. U yerdan olinadigan boʻlsa, beriladigan imtiyoz puli bilan bozordan olinadigan narx teng boʻlib qoladi”.

Besh kishilik oilaga quyosh panellarini oʻrnatish qanchaga tushadi?

Mutaxassis Sarvar Qurbonovning maʼlumotlariga koʻra, 5 kishilik roʻzgʻorga oʻrtacha 5-7 kilovatt quyosh panellari mos keladi. 7 kilovattli tayyor quyosh batareyasi — panel, invertor va akkumulyatorlari bilan minimum 10 ming dollarga toʻgʻri keladi. Biroq u faqat ehtiyojlarni qoplash uchungina yetarli boʻladi.

Akkumulyatorlarning umri oʻrtacha 3-5 yil boʻlgani uchun, ular sarflangan xarajatni taxminan 10 yilda, elektr energiyasining narxi oshishini hisobga olsak, 8 yilda oqlaydi. Xarajatni tezroq chiqarib olish uchun tarmoqli invertorlarni oʻrnatib, kunduzi davlatga sotib, kechasi sotib olish ham mumkin.

Energetika vazirligi bosh mutaxassisi Obidjon Dilmurodov bergan maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistonda umumiy elektr energiyasini ishlab chiqarish quvvati hajmi 17 661 mVt (17 661 000 kVt)ni tashkil etadi. Shundan oʻrtacha 8-9 foizi qayta tiklanuvchi energiya manbalar (gidroelektr va quyosh elektr stansiyalari) ulushiga toʻgʻri keladi.

 

Infografika: Assambleya.tv / Javohir Yo’ldoshov

Taqqoslash uchun, Germaniyaning ayni damdagi statistik maʼlumotlari shuni koʻrsatadiki, mamlakatning umumiy elektroenergiyasi 579,1 milliard kVt/soat boʻlsa, uning 59 foizini odatiy energiya ishlab chiqarish manbalari, 41 foizini esa qayta tiklanuvchi energiya manbalari egallaydi.

Foto: Skrinshot / Destatis

Muqobil energiyadan foydalanish Germaniya tajribasida

Germaniya Rossiyadan keluvchi gazdan tezroq voz kechishga harakat qilayotgani sir emas. Biroq u Yevropaning eng quyoshli mamlakatlari tarkibiga ham kirmaydi. Aslida bu fakt nemis quyosh energetikasining samarali rivojidan umid qilmaslikka ishora qilishi mumkin edi. Ammo statistika boshqa natijalarni ko’rsatmoqda: serquyosh hisoblanmagan Germaniya katta-katta inshootlar va keng stadionlarga quyosh panellarini bemalol o’rnatib undan samarali foydalanmoqda.

Energetika statistikasi shuni koʻrsatadiki, mamlakatda oʻrnatilgan quyosh panellari avvalgidan koʻproq energiya ishlab chiqara boshlagan. Qolaversa, panellar bulutli havoda ham ishlayveradi.

Germaniya meteorologiya markazining statistik maʼlumotlariga koʻra, soʻnggi yillarda global iqlim oʻzgarishi natijasida mamlakatdagi quyoshli soatlar ortib bormoqda. Shu sababli ham, tez orada Germaniyaning eng yirik regionlaridagi turar joy va yangi binolarning tomlariga quyosh panellarini oʻrnatish majburiy boʻladi.

Foto: dw.com

Germaniya statistik maʼlumotlariga koʻra, 2022-yilning boshlarida mamlakatdagi quyosh energiyasi taxminan 8,8 milliard kVt/s elektroenergiya ishlab chiqargan. Bu mamlakatda ishlab chiqarilgan umumiy elektroenergiyaning 6,3 foiziga toʻgʻri keladi.

Berlindagi shamol parraklari parki yaqinida EnBW firmasi quyosh elektrostansiyasini tashkil etadi. Aynan quyosh panellari va shamol parraklarining birgalikda ishlash samaradorligi natijasida, 2022-yilning birinchi chorak yakuniga koʻra, Germaniya elektroenergisidagi “Yashil energetika” ulushi 50 foizga oshdi.

Xulosa qilib aytganda, fotovoltaiklar hamda iqlim oʻzgarishi nemis elektroenergetikasiga Rossiyadan keluvchi gazdan tezroq voz kechishga tezroq yordam berishi kutilmoqda.

Foto: dw.com

Maʼlumot uchun, Oʻzbekistonda ham 2023-yildan savdo va koʻngilochar majmualar, restoran, mehmonxona, yoqilgʻi quyish shoxobchalari, aeroport, vokzal, tijorat banklari kabi koʻplab binolarda issiq suv taʼminoti va tashqi yoritishning bir qismini muqobil energiya hisobidan qoplash talabi kiritiladi.

Osiyo va Yevropa boʻylab tarqalgan suzuvchi quyosh panellar

Umuman olganda, quyosh batareyalarining samaradorligi dunyo miqyosida yuqori baholangan. Uni nafaqat bino usti tomlari yoki keng dalalarga, balki katta suv havzalari, daryo, koʻl va suv omborlarida ham oʻrnatish mumkin ekan.

Bu texnologiya Osiyo va Yevropada keng qoʻllaniladi. Hozirgi kunda esa suzuvchi quyosh panellariga Amerikada ham qiziqish baland. Bu modullarning afzalliklaridan biri, ular yorugʻlik taʼsirini kamaytirib, zararli suv oʻtlarining koʻpayishini oldini oladi.

Foto: Amerika ovozi

Bu borada, Kolorado shtatining energetik milliy laboratoriya tadqiqotchisi Sika Gadzanku shunday deydi:

Gidroenergetikaga tayanuvchi mamlakatlarda xavotir shundaki, qurgʻoqchilik paytida aholini elektr bilan qanday taʼminlaysiz? Chunki iqlim oʻzgarishi tufayli ekstremal ob-havo hodisalariga tez-tez guvoh boʻlyapmiz. Suzuvchi elektrostansiyalar esa qurgʻoqchilik vaqtida yaxshi yechim boʻla oladi. Toza energiya manbai. Gidrostansiyaga bogʻlanib qolmasdan, quruq mavsumda fotogalvanik panellardan foydalanasiz”.

Shu afzalliklarni inobatga olgan Kaliforniya shimolidagi Vindzor shahri shu texnologiyadan foydalanishga qaror qilgan. Hozirda Vindzordagi oqava suv havzalarining biriga 5000 ta panel oʻrnatilgan.

Hukumat tomonidan o’tkazilgan izlanishda AQShdagi 25 mingga yaqin sun’iy ko’llar suzuvchi quyosh panellari usuliga mos deb topilgan. Ushbu suv maydonlarining to’rtdan bir qismiga panellar o’rnatilsa, ular mamlakat energetik ehtiyojlarning 10 foizini qoplashi mumkin.

Maʼlumot uchun, AQShda ishlab chiqarilgan elektr energiyasining taxminan 20 foizi yashil manbalarga to’g’ri keladi.

“Yashil tarif” — “yashil energetika”ni tez va samarali rivojlantirish uchun yaxshi yechim

Muqobil energiya borasida yana koʻplab dunyo tajribasidan misollar keltirish mumkin. Oʻzbekistonda ham uning manfaatli jihatlari haqida yetarli tushunchaga ega boʻlsak, juda qisqa muddatda nafaqat hovli, balki koʻp qavatli uy va boshqa binolarning tom qismida quyosh panellarini koʻrish odatiy tusga aylanib qoladi.

Foto: “Наука и Техника”

Aholining ongli ravishda undan foydalanishga oʻzi qaror qilishi uchun nima qilish kerak? Ushbu savolga mutaxassis shunday javob berdi:

Oʻylashimcha, odamlarni qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishga majburlash emas, shunchaki, bu haqda ularni ko’proq xabardor qilish kerak. Shundoq ham energiya resurslari narxi yil sayin oshib boryapti. Buning natijasida odamlar oʻzi tushunib, bora-bora hamyoni uchun foydali yoʻlni tanlay boshlaydi. Buni erkin bozor iqtisodiyotiga qoʻyib berish kerak”, — deydi mutaxassis.

Sarvar Qurbonovning qoʻshimcha qilishicha, imtiyoz borasida davlat kreditdan tashqari, “Yashil tarif”larni joriy qilsa, uning keng ommalashuvi yuzaga keladi.

“Yashil tarif”da davlat elektroenergiyani oʻzi sotayotgan narxdan qimmatroq narxga sotib olishi koʻzda tutiladi. Hozirda koʻplab Yevropa mamlakatlari, jumladan, Belorussiya, Ukraina va Turkiyada xuddi shu tizim joriy qilinib, muqobil energiyani rivojlantirish samaradorligiga erishilmoqda.

Mutaxassisning soʻzlariga koʻra, bizda ham “Yashil tarif” bor. Biroq qanday amalga oshirish, qanchadan sotib olish boʻyicha aniq mexanizm mavjud emas. Hozir kimdir oʻrnatib, sotmoqchi boʻlsa, u bilan davlat oʻrtasida 200 yoki 250 soʻmdan shartnoma qilinyapti. Davlatni sotish narxi esa 290 soʻm, yaʼni “Yashil tarif”ning aksi.

Maʼlumotlardan shuni tushunish mumkinki, odamlarni kundalik ehtiyojni qondirishdan tashqari, qoʻshimcha daromad masalasi ham jiddiy qiziqtiradi. Chunki panellar narxi bir qarashda qimmat va isteʼmolchi sarflagan mablag’ini qisqa muddatda qoplanishiga qiziqadi. Shunday ekan, mutaxassisning “Yashil tarif” boʻyicha taklifi har tomonlama yaxshi yechim boʻlishi mumkin. Bu borada sizning ham fikrlaringiz boʻlsa, izohlarda yozib qoldirishingiz mumkin.

Avvalroq Vazirlar Mahkamasida quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirilgani, Mudofaa sanoati idorasi binosida quyosh elektr stansiyasi ish boshlagani hamda O‘zbekistonda ilk marta o‘zini-o‘zi energiya bilan ta’minlovchi uy qurilgani haqida xabar berilgandi.

 

Muallif: Muqaddas Musaeva

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan