Oʻqituvchi “Spark” avtomobilini olish uchun necha yil ishlashi kerak?

Aholini kundalik manziliga eltish uchun sanoqligina variantlar bor — jamoat transporti, taksi yoki shaxsiy avtomobil. Ulardan birini tanlash esa nafaqat qulayligiga, balki, hamyonbopligiga ham bogʻliq.

Hozircha poytaxt aholisining katta qismi jamoat transportlaridan, xususan, metro va avtobuslardan foydalanadi. Ularning bugungi kundagi narxi 1400 soʻm boʻlsa, manziliga bir transportda yetib oladigan aholi, olaylik, oʻqituvchi bir oyda yoʻl uchun qancha mablagʻ sarflaydi? Bordi-yu, u avtomobil, masalan, hozirgi kunda eng optimal variant sifatida koʻrilayotgan “Spark” avtomobilini sotib olmoqchi boʻlsa, hozirgi daromadi bilan necha yil ishlashi kerak? Quyida shu haqda gaplashamiz.

Bilamizki, oʻqituvchilar 6 kunlik ish haftasida ishlaydi. Bir oyda oʻrtacha 30 kun deb olinsa, ularning 4 kuni odatiy dam olish kunlari uchun chiqarib tashlanadi. Yil hisobidan esa bayramlar uchun beriladigan qoʻshimcha dam olish kunlari (6 kun) ham hisobdan ayriladi. Demak:

Borish va qaytish yoʻnalishlari uchun bittadan transport xarajatlari

  • 1 oyda (26 kun hisobida) — 72 800 soʻm
  • 1 yilda (odatiy va qoʻshimcha dam kunlari chiqarib tashlanganda 306 kun) — 856 800 soʻmni tashkil etadi.
Foto: “Hudud24.uz

Yuqoridagi kalendar va hisob-kitob boʻyicha bir yoʻnalishda ikkita transportdan foydalanadiganlar uchun kunlik borish va qaytish xarajatlari:

  • Bir oyda — 145 600 soʻm
  • Bir yilda — 1 713 600 soʻmga aylanadi.

Maʼlumot uchun, 3-noyabr holatiga koʻra, Toshkent metropolitenida 1 kunda oʻrtacha 345 800 nafar yoʻlovchi foydalangan.

“Tashtransuz” saytidagi maʼlumotlarga koʻra, yoʻnalishli taksi (marshrutka)larda belgilangan yoʻl haqi 1 400 soʻmdan 4 000 soʻmgacha boʻlib, undan foydalangan fuqaro:

  • Oyiga minimum – 72 800 soʻm, maksimum – 208 000 soʻm;
  • Bir yilda esa minimum – 856 800 soʻm, maksimum – 2 448 000 soʻm sarflaydi.
Skrinshot: “tashtrans.uz”

Oylik daromadlar taqsimotida, albatta, minimal isteʼmol xarajatlarining ham oʻrni mavjud. Ushbu xarajatlar Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-avgustdagi 544-sonli  (“Minimal isteʼmol xarajatlari qiymatini hisoblash tartibini amaliyotga joriy etish toʻgʻrisida”gi) qaroriga asosan, respublikaning barcha hududlarida 10,6 ming uy xoʻjaliklari oʻrtasida oʻtkaziladigan kuzatuv orqali hisoblanadi. Aniqlangan summa koʻrsatkichidan kelib chiqib, kambagʻallik chegarasi ham belgilanadi.

Foto: Statistika qoʻmitasi

2022-yildagi minimal isteʼmol xarajatlari miqdori bir oy uchun 498 000 soʻmni tashkil etgan.

Demak, metro va avtobusdan foydalanuvchilar (manziliga bir transportda boradiganlar) minimal isteʼmol xarajatlari bilan birga, bir oyda oʻrtacha 570 800-643 600 soʻm, yoʻnalishli taksilardan foydalanadiganlar esa 570 800706 000 soʻm sarf qiladi.

Yoʻl va oziq-ovqat uchun eng past narx koʻrsatkichlari bilan hisoblaganda, oyiga shuncha mablagʻ sarflaydigan oʻqituvchining oylik daromadiga kelsak, statistika qoʻmitasining ochiq maʼlumotlariga koʻra, taʼlim sohasida faoliyat yurituvchilarning oʻrtacha daromadi 2022-yilning soʻnggi choragiga koʻra 2 596 815,6 soʻmni tashkil etgan.

Tasavvur qilaylik, bir oʻqituvchi har oy 2 600 000 soʻm oyligidan jamoat transporti uchun 72 800 soʻm yoki 208 000 soʻmni sarflashdan koʻra oʻziga shaxsiy avtomobil sotib olishga qaror qildi.

Bilamizki, Oʻzbekistonda “Spark” avtomobili qulayligi va narxi jihatdan nisbatan optimal variant sanaladi. Uning “UzAuto motors”dagi narxlari esa jihozlanishiga qarab, 90 million 164 ming soʻmdan boshlanib, 111 million 466 ming soʻmgacha sotuvda mavjud.

Demak, oʻqituvchi Spark avtomobilining eng arzonini “UzAuto motors” narxlari boʻyicha xarid qiladigan boʻlsa, 2 600 000 soʻm toʻliq oyligi bilan deyarli 35 oy (3 yil) ishlashi kerak boʻladi. 111 yarim millionlik (avtomat uzatmalar qutisi bilan jihozlangan va boshqa ustunliklari bor) Sparkni xarid qilish uchun esa 43 oy — 3,5 yil davomida oylik maoshini toʻliq holda yigʻishi zarur boʻladi.

Agar eng kamtarona hayot kechiruvchi oʻqituvchining daromadidan minimal isteʼmol va yoʻl xarajatlariga ajratadigan boʻlsak, unda:

  • Borish-qaytish uchun bittadan transportdan foydalanadiganlarda — 2 600 000 – 498 000 (min. isteʼmol xarajati) – 72 800 (yoʻl xarajati) = 2 029 200 soʻmni Spark yigʻimiga qoʻsha oladi va eng arzon Spark avtomobilini 44 oyda;
  • Bir kunda ikkitadan transportdan foydalanadiganlarda — 2 600 000 – 498 000 – 145 600 = 1 956 400 soʻmdan yigʻib (46 oyda);
  • Yoʻnalishli taksidan foydalanadiganlar — 2 600 000 – 498 000 – 72 800 (marshrutkaning boshlangʻich toʻlovi 1 400 soʻmdan bir oy xisobida) = 2 029 200 soʻmdan yigʻib, 44 oyda;
  • 2 600 000 – 498 000 – 208 000 (marshrutkaning eng yuqori toʻlovi — 4 500 soʻmdan bir oy xisobida) = 1 894 000 soʻmni Spark yigʻimiga qoʻshib, 48 oyda xarid qilishi mumkin.

Avtomobil masalasida yana boshqa yechim — avtokreditlar ham bor. Ular haqida keyinroq.

Eslatib oʻtamiz, raqamlarning baʼzilari yaxlitlangan va material chop etilgan muddatdagina aktual.

 

Muallif: Muqaddas Musaeva

One Reply to “Oʻqituvchi “Spark” avtomobilini olish uchun necha yil ishlashi kerak?”

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan