Ronalduning shov-shuvli intervyusidan keyin “Manchester Yunayted” klubi sotuvga qoʻyiladigan boʻldi

News media
Dolzarb:
Tashkent, Uzbekistan
Dushanba, Okt 2, 2023
“Manchester Yunayted” klubi Ronalduning shov-shuvli intervyusidan keyin sotuvga qo‘yildi. Klubga egalik qilish istagini bildirayotgan talabgorlar ko‘paymoqda. Bu haqda Al-Jazeera xabar berdi.
Xabarda keltirilishicha, ko‘pchilik muxlislar uchun klubning sotilishi yoqimli yangilik bo‘ldi. 17 yil avval MYni sotib olgan milliarder oila Gleyzerlar muxlislarga avvalboshdanoq yoqmas edi. “Manchester Yunited News” blogi jurnalisti Ahmad Bilolning aytishicha, muxlislarda Geyzerlarga nisbatan juda kuchli nafrat bor.
Ko‘chmas mulk magnati Malkolm Gleyzer 2003-yilda klubning 2,9 foiz aksiyani sotib olish bilan MYga sarmoya kiritishni boshladi. Oradan ikki yil o‘tib, 2005-yilda klubni sotib olib, unga egalik qildi.
Gleyzer xo‘jayinlik davrida klubni 790 million funtsterling (955 million dollar) qarzga botirdi. Garchi bu qarz foizlari bilan to‘lanayotgan bo‘lsa-da, klubning hozirgi kunda yana 500 million funtsterling (604million dollar) to‘lanmagan qarzi bor.
Bir paytlar Britaniyaning eng boy klublaridan bo‘lgan “Manchester Yunayted” Gleyzerlar egalik qilgan davrda moliyaviy qiyinchiliklarga uchradi. Bundan tashqari, u 2017-yildan buyon bironta chempionlikni qo‘lga kirita olmadi. Ungacha esa jamoa 20 ta chempionlik unvoniga sazovor bo‘lgan edi. Shuningdek, “Manchester Yunayted” bir mavsumda Yevropa kubogi, Angliya kubogi va Angliya Ligasi sovrinini qo‘lga kiritgan yagona ingliz jamoasi edi.
Oktabr oyi boshida teleboshlovchi Piyers Morganga bergan intervyusida MYning sobiq o‘yinchisi Krishtianu Ronaldu Gleyzerlar haqidagi tanqidga qo‘shilib, ularning klub faoliyatiga befarqligini da’vo qilgandi.
“Republic Of Mancunia” futbol blogi jurnalisti Skott Pattersonning aytishicha, Gleyzerlar klubga juda oz sarmoya kiritadi, shu sababli uning stadioni va mashg’ulot maydonchasi yaroqsiz holga kelgan.
“Sunday Times” boylar ro‘yxatiga ko‘ra, Buyuk Britaniyaning eng badavlat kishilari ichida 27-o‘rinni egallagan Jim Ratkliff klubni sotib olishga qiziqish bildirgan. MYning ancha yillik muxlisi Ratkliff matbuot kotibi orqali avgust oyida agar jamoa sotuvga chiqsa, albatta, klubga egalik qilishga da’vogar bo‘lishini aytgan.
2010-yilda klubni sotib olishga harakat qilgan “Goldman Sachs”ning sobiq raisi Lord Jim O‘nil 23-noyabr kuni “Manchester Evening News” nashriga bergan intervyusida MYni sotib olishi mumkinligi haqida gapirgandi.
Shuningdek, hozirda klubni sotib olishga amirliklardan va AQShdan talabgorlar bor. Ma’lumotlarga ko‘ra, klub uchun Gleyzerlar 6 milliard yevro (7,12 milliard dollar) so‘ramoqda.