Oʻzbekistondagi banklar avtokreditlar boʻyicha qancha muddat, foiz hamda shartlar taklif qilmoqda? (qoʻllanma)

Oʻzbekistonda turar joy va avtomobilga ega boʻlish biroz mushkul. Avvalroq Assambleya.tv Oʻzbekistonda oʻqituvchi Spark avtomobilini sotib olish uchun qancha ishlashi kerakligini taxminan hisoblab chiqqandi.

Endi esa mashinani tezroq sotib olib, pulini boʻlib toʻlashga qaror qilganlar uchun avtokreditlar haqida maʼlumot beramiz. Ushbu xizmat qaysi bankda qanday shartlar asosida, necha foizga va qancha muddatga berilishi boʻyicha quyidagi qoʻllanma orqali tanishish mumkin.

Oʻzbekistondagi banklarning 23 tasida avtokreditlar berish xizmati mavjud. Ushbu kredit turi 18 yoshdan oshgan, doimiy rasmiy daromad manbaiga ega mamlakat fuqarolari hamda respublika hududida faoliyatini rasmiy yuritayotgan norezident shaxslarga ajratiladi.

Avtokredit olishda nimalarga ahamiyat qaratish kerak?

Fuqaro avtokredit bilan birga yelkasiga katta javobgarlikni ham oladi. Agar toʻlovlar vaqtida amalga oshirilmasa, kredit tarixiga salbiy taʼsir qiladi. Muddati oʻtgan qarzdorliklar esa kredit taʼminoti boʻlgan avtotransport vositasini sotish evaziga soʻndirilishi ham mumkin.

Foto: “Podrobno.uz”

Avtokredit uchun talab qilinadigan hujjatlar:

  • Shaxsni tasdiqlovchi hujjat;
  • daromadlar haqida ish joyidan maʼlumotnoma;
  • avtomobil sotib olish shartnomasining nusxasi;
  • kredit qaytarilishi taʼminotiga doir hujjatlar talab etiladi.

Avtokredit olish uchun ishni nimadan boshlash kerak?

  1. Eng avvalo, avtotransportni kreditga sotib olish boʻyicha bozorni oʻrganish kerak. Unda moʻljallangan avtomobilning qulayliklari, narxi, avtotransportni yetkazib berish shartlari, toʻlov turlari va shartlari bilan tanishish kerak. Avtokredit ajratadigan banklarning takliflarini yaxshilab oʻrganish zarur. Bunda eʼtiborni kredit foizi, muddati, taʼminot turi, avtotransport narxidan kelib chiqib toʻlanadigan boshlangʻich badal miqdori, kredit summasi va kreditni qaytarish jadvaliga asosan oyma-oy toʻlov summasini toʻlay olishga qaratish lozim.
  2. Shundan soʻng avtosalon bilan shartnoma imzolanadi. Undagi shartlarni diqqat bilan oʻqib, toʻlov muddatlariga eʼtibor qaratish zarur.
  3. Kredit olish uchun bank tanlanadi. Bu tanlov borasida banklarning foiz stavkasi, taʼminot summasi va muddatiga eʼtibor berish, taqqoslab, eng maqbulini tanlash kerak.
  4. Bankka avtokredit olish boʻyicha ariza va boshqa tegishli hujjatlar topshiriladi.
  5. Bank hujjatlarni oʻrganib chiqib, kredit ajratish boʻyicha ijobiy qaror qabul qilsa, u mablagʻlar shartnomaga asosan pul koʻchirish yoʻli bilan toʻlab beriladi. Kredit boʻyicha foizlar, mablagʻ isteʼmolchi hisobiga tushganidan boshlab hisoblanadi.
  6. Bank pul koʻchirib bergan kundan boshlab, avtosalondan shartnomaga koʻra, avtomobil xaridini amalga oshirish mumkin.

Tijorat banklari avtokredit shartlarini belgilashda mustaqil boʻlib, ular raqobat muhitidan va tegishli qonun hujjatlaridan kelib chiqib, kredit boʻyicha foiz, muddat va boshlangʻich badal miqdorini belgilaydi.

Yana shuni yodda tutish kerakki, kredit toʻlovi uchun boshqa kredit (masalan, mikrokredit) olish toʻgʻri yoʻl emas.

Avtokredit xizmati mavjud banklar va ularning shartlari:

Roʻyxat foiz oʻsish ketma-ketligi boʻyicha tuzilgan.

  1. “Asia Alliance Bank” 48 oygacha boʻlgan muddatga, eng kam miqdori 10 000 000 soʻmni tashkil etuvchi avtokreditlar taqdim etadi. Foiz stavkasi tanlangan muddat hamda boshlangʻich badalga qarab oʻzgarib boradi (0.01foizdan 75 foizgacha). Masalan, 70 % boshlangʻich badal toʻlansa, 12 oy muddatga 0,01 %, 48 oy muddatga esa 15 % stavkasi qoʻyiladi. Imtiyoz muddati mavjud emas.

Ushbu avtokredit faqat Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan va ichki bozorda rasmiy dilerlar tarmogʻi orqali sotiladigan Chery avtomobillar xaridi uchun ajratiladi.

Taʼminot summasi: mulk qiymatidan 125 %

2. “Oʻzsanoatqurilishbank” 60 oygacha boʻlgan muddatga 3 foizdan 70 foiz stavkasigacha kredit ajratadi.

Boshlangʻich badal: Mulk qiymatidan kamida 30 % miqdorida. Agar mijoz differensial grafikni tanlasa, 6 oygacha imtiyoz davri taqdim qilinadi.

Foto: “InsideEVs.ru”

Maʼlumot uchun, kredit toʻlovining ikki xil – annuitet va differensial usullari mavjud:

  • Annuitet grafikda har oy bir xil summa toʻlab boriladi. Unda foiz toʻlovlari boshlangʻich muddatda kattaroq, asosiy qarz esa kichkinaroq boʻladi.
  • Differensial toʻlovda asosiy qarz har oyda bir xil toʻlanadi, foiz qarzlar esa kamayib boradi.

 

Skrinshot: “Finlit.uz”

Taʼminot summasi mavjud, biroq koʻrsatilmagan.

Bu turdagi kreditlar Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan RENAULT va LADA avtomobillarini sotib olish uchun ajratiladi.

3. “Ipoteka bank” 48 oy muddatga 5 foiz stavkasi asosida avtokredit ajratadi. Toʻlovlar har oyda amalga oshiriladi. Imtiyoz muddati mavjud emas. Ajratilgan kredit summasi mijozning bank kartasiga oʻtkaziladi.

Boshlangʻich badal mulk qiymatidan 30–50 % miqdorida toʻlanadi.

Taʼminot summasi mavjud.

Ushbu kredit faqat Ipoteka banki bilan hamkorlikka ega avtosalonlardan qilinadigan xaridlar uchun ajratiladi.

4. “Ipak yoʻli bank” 60 oygacha boʻlgan muddatga 6,9 foiz stavkasidan boshlab avtokreditlar ajratadi. Toʻlovda imtiyoz davri mavjud emas.

Boshlangʻich badal mulk qiymatining 25 foizidan boshlab.

Taʼminot summasi mulk qiymatidan 125 %

Avtokredit “Roodell”ning Oʻzbekistondagi dilleridan KIA, Lada, Renault avtomobillari xaridi uchun ajratiladi.

5. “Orient Finans bank” 4 yil muddatga 1 million soʻmdan boshlangan mablagʻlarni 21–23 foiz stavkalari asosida ajratadi.

Boshlangʻich badal – mulk qiymatining 25 foizidan kam boʻlmagan miqdorda.

Taʼminot summasi – mulk qiymatining 125 foizidan kam boʻlmagan miqdorda.

Kredit mablagʻlari bank bilan kelishuv imzolagan “UzAvto Motors” AJ va “ADM Jizzax”ning rasmiy dilerlaridan xarid qilish uchun ajratiladi.

Foto: “yuz.uz”

Avtokreditlar ajratishda taʼminot turi talab etilmaydigan banklar:

1. “Mikrokreditbank” 60 oygacha boʻlgan muddatga 50 million soʻmdan boshlanuvchi kredit mablagʻlarini 5 foiz stavkasi asosida taqdim etadi. Toʻlovda imtiyoz davri berilmaydi.

Boshlangʻich badal mulk qiymatining 10 foizi miqdorida.

Taʼminot summasi mavjud emas.

Avtokredit hamkor tashkilotdan KIA avtotransport vositalari xaridi uchun ajratiladi.

2. “Poytaxt bank” – 4 yil muddatga 22 foiz stavkasi asosida 800 million soʻm miqdorida avtokreditlar ajratadi. Toʻlov har oy amalga oshiriladi. Imtiyoz muddati mavjud emas.

Boshlangʻich badal – mulk qiymatidan 30 %.

Taʼminot summasi talab etilmaydi.

Kredit uchun aniq korxonalar belgilanmagan.

3. “Bank Saderat Tashkent” 36–48 oy muddatga 10 milliondan boshlanuvchi avtokreditlarni 25 foiz stavkasi asosida taqdim etadi.

Boshlangʻich badal – mulk qiymatidan 50 % miqdorda.

Taʼminot mavjud emas.

4. “Mikrokredit bank” – 60 oy muddatga 50 milliongacha boʻlgan miqdorda 23,9 foiz stavkasi asosida avtokreditlar ajratadi.

Boshlangʻich badal mulk qiymatining 10 foizi miqdorida.

Taʼminot talab etilmaydi.

Avtokredit birlamchi bozordan Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan avtotransport vositalarini sotib olish uchun ajratiladi.

Foto: “UzNews.uz”

Taʼminot garovi nima?

Taʼminot yoki garov – mulk, zakalat, huquqlar va tovar koʻrinishida boʻlishi mumkin. Kredit taʼminotiga taqdim etilgan mulk, zakalat, huquqlar va tovar kredit asosiy qarzi va foizlarining toʻliq qaytarilishiga garov hisoblanadi. Bordi-yu, kredit summasi muddatida qaytarilmasa, toʻlovlarni undirish garovga qoʻyilgan taʼminotga qaratiladi.

Yuqorida avtokredit olmoqchi boʻlganlar uchun barcha zarur maʼlumotlar berildi. Biroq, bu qarorga kelishdan avval doimiy daromadingiz uzilib qolmasligiga hamda kredit toʻlab, boshqa xarajatlarga orttirolmay qolmasligingizga ishonch hosil qilganingiz maʼqul.

Maqolani tayyorlashda Finlit.uz moliyaviy savodxonlik sayti maʼlumotlaridan foydalanildi. Raqamlar material chop etilgan vaqtlarda aktual.

 

Muallif: Muqaddas Musaeva

One Reply to “Oʻzbekistondagi banklar avtokreditlar boʻyicha qancha muddat, foiz hamda shartlar taklif qilmoqda? (qoʻllanma)”

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan