“Oʻz pulimdan 10 ming soʻm ham ishlatolmasdim” — Iqtisodiy zoʻravonlik nima va bu boʻyicha Oʻzbekistondagi vaziyat qanday?

Har yili 25-noyabrdan boshlab dunyoning 187 davlatida, 2021-yildan boshlab Oʻzbekistonda ham “Gender zoʻravonlikka qarshi harakatlar 16 kunligi” kampaniyasi faollik koʻrsatadi. Gender zoʻravonlik, afsuski, nafaqat yosh yoki ijtimoiy chegara, balki, geografik hudud ham tanlamaydi. Shunday ekan, unga qarshi har bir millat, har bir tashkilot, hatto, har bir odamning harakati muhim va samarali boʻlishi mumkin.

Gender zoʻravonlikning iqtisodiyotga qanday bogʻliqligi bor, deysizmi? Iqtisodiy zoʻravonlik haqidagi ushbu material savolingizga javob topishda yordam beradi. Zoʻravonlikning bu turi haqida, balki, eshitmagandirsiz. Biroq, sizning, bizning oramizda undan aziyat chekkanlar, chekayotganlar koʻplab topilishi mumkin.

Foto: econet.ru

Mablagʻ istalgan jamiyatda muhim ahamiyatga ega. Psixologik nuqtai nazardan esa u odamga xavfsizlik hissini beradi, yaʼni puli bor odam oʻzini nisbatan himoyalangan his qiladi. Oʻylab koʻring, siz ham tashqariga chiqqaningizda choʻntagingizda mablagʻingiz boʻlsa, oʻzingizni xotirjamroq sezasiz.

Iqtisodiy zoʻravonlik nima?

Iqtisodiy zoʻravonlik yuqoridagi vaziyatning aksida boshlanadi. Yaʼni, bir odam oʻz xohishlarini deb, ikkinchi odamning pullarini cheklashi yoki boshqarishi — shubhasiz, zoʻravonlikdir. Chunki aynan shu daqiqalardan, kishi ongida oʻz xavfsizligi birovga bogʻliq, degan tushuncha shakllana boshlaydi.

Unutmaslik kerakki, iqtisodiy zoʻravonlik ham boshqalari kabi ikkinchi tomonning erkiga qarshilikdir. Olaylik, zoʻravon jabrlanuvchining turmush oʻrtogʻi boʻlganida ham, sevgi darajasidan qatʼi nazar, bu holatga davomli chidash qiyin kechadi. Odamni doimiy xavotir, vahima bosa boshlaydi.

Iqtisodiy zoʻravonlikka Oʻzbekiston qonunchiligida shunday taʼrif beriladi:

“Xotin-qizlarga nisbatan turmushda, ish joylarida va boshqa joylarda amalga oshirilgan zoʻravonlik shakli, xotin-qizlarning normal yashash va kamol topish uchun oziq-ovqat, uy-joy hamda boshqa zarur shart-sharoitlar bilan taʼminlanishga boʻlgan huquqini, mulk huquqini, taʼlim olish hamda mehnatga oid huquqini amalga oshirishni cheklashga olib keladigan harakat (harakatsizlik)”.

Yuqoridagi taʼrifdan bu zoʻravonlikka faqat ayollar uchraydi, degan xulosaga kelish mumkin. Biroq, xorijiy manbalar bu zoʻravonlik nafaqat ayollarga, balki oiladagi farzand yoki uyning qariyasiga nisbatan ham amalga oshirilishi mumkinligini yozadi:

“Iqtisodiy zoʻravonlik juftliklar orasida keng tarqalganiga qaramay, undan nafaqat rafiqa, balki, oiladagi qariyalar ham aziyat chekishi mumkin. Masalan, zoʻravon jabrlanuvchining nafaqasidan mahrum qilishi va hatto, shaxsiy ehtiyojlariga ham bermasligi mumkin. Eng dahshatlisi esa nafaqadan foydalanish huquqini cheklab, turar joyni oʻz nomiga oʻtkazish haqidagi hujjatlarga majburan imzo qoʻydirish hollari ham yoʻq emas”.

Iqtisodiy zoʻravonlik quyidagi koʻrinishlarda boʻladi:

  • Nazorat (asosan, oilada)

— Tomonlarning ishlamaydigani, boshqasining ishlab topgan pullarini oʻzlashtiradi;

— Jabrlanuvchining barcha tushumlari zoʻravon tomonidan boshqariladi. Bu esa oilada har bir sotib olingan buyum yoki mahsulot emotsional-psixologik diskomfortlar evaziga kelishini bildiradi;

— Ikki tomon uchun ham muhim boʻlgan qarorlarni, masalan, mashina yoki kredit olish masalalarini bir tarafning oʻzi, maslahatlashmay qabul qiladi. Eng yomoni — bu kredit jabrlanuvchi nomiga majburan rasmiylashtiriladi. Bu esa qonunchilikda firibgarlik deb baholanadi.

  • Hissiyotlar (juftliklar oʻrtasida)

Moliyaviy zoʻravonlik har doim ham “nazorat” koʻrinishida aks etavermaydi. U emotsional yoʻl bilan ham amalga oshirilishi mumkin. Agar ayol turmush oʻrtogʻidan doimiy tarzda oʻta qimmatbaho sovgʻalar talab qilaversa, u ham moliyaviy zoʻravonlikning bir koʻrinishi boʻlishi mumkin. Bunda ayol rafiqasining gʻururidan va yoʻq deyolmasligidan foydalanishi — zoʻravonlikning yaqqol koʻrinishidir. Chunki, odatda erkaklar ayni damda yetarli mablagʻi yoʻqligini va turmush oʻrtogʻining orzusidagi hayotni taʼminlab berolmasligini aytolmaydi yoki xohishlarga rad javobini berolmaydi. Ayol bundan oʻz maqsadlari yoʻlida foydalanishi mumkin.

Kengroq qamrovda — maishiy erishuvni emas, ongsizlik natijalarini oʻylab koʻrsak, bu oiladagi koʻrinmas muammolarning yuzaga kelishiga sabab boʻlishi mumkin. Bir qarashda, ayol juda xotirjam tarzda sherigidan foydalanayotganday tuyuladi. Boshqa tomondan esa erkak bundan toʻliq rozi va manfaatdor boʻladi. Shu yoʻl bilan u boshqa majburiyatlaridan “qutiladi”. Erkak uchun baʼzi masalalarda (masalan, xiyonatda ayblov) emotsional kurashgandan koʻra, vaziyatdan pul bilan qutilish oson va qulay variantga aylanadi. Yaʼni, yuqoridagi zoʻravonlik — erkak uchun manfaatli boʻlib qoladi.

  • Bolalar

Iqtisodiy resurslar borasida moliyaviy manipulyatsiya koʻpincha farzandli oilalarda ham yuzaga kelishi mumkin. Unda farzand jabrlanuvchiga aylanadi. Bu koʻchada emas, uydagi “tilanchilik”ka moyillikni keltirib chiqaradi. Ota-onaning munosabati, xuddi bolaga katta xarajatlar sarflanadi-yu qolgan narsalarga daromad yetishmaydiganday boʻladi. Oqibatda, farzand oilaning moliyaviy kemtiklarida oʻzini ayblab, zaruratlari uchun soʻralayotgan pulga ham arzimasday his qila boshlaydi. Aynan shu hissiyotlar boladagi ruhiy oʻzgarishlarga sabab boʻlib, sogʻligʻiga ham taʼsir koʻrsatmay qolmaydi.

Bundan tashqari, shunday oilalar borki, bola oʻtish yoshiga yetishi bilan, ishlab, pul topishiga majburlanadi. Daromadini esa ota-ona oʻziga oladi. Bu bilan nafaqat iqtisodiy zoʻravonlik boshlanadi, balki, bola huquqlari ham buziladi.

Aniqlik kiritamiz —  bolaning ishga jalb qilinishi uning qiziqishlari bilan bogʻliq boʻlsa (Masalan, robototexnika yoki dasturlash, SMM kabilar) va tushum uning ragʻbatlantirilishiga sarflansa, bu zoʻravonlik hisoblanmaydi.

Iqtisodiy zoʻravonlik moliyaviy ahvolga bogʻliq emas

Iqtisodiy zoʻravonlik oilaning moliyaviy ahvoliga umuman bogʻliq emas. Siz oʻziga toʻq, qoʻsha-qoʻsha avtomobili bor, hashamatli xonadonda yashab turib ham, uning “qurboni” boʻlishingiz mumkin.

Eng achinarlisi, bu zoʻravonlik koʻp xollarda yaqin munosabatda boʻlgan kishilar tomonidan amalga oshiriladi. Biroq, zoʻravon har doim ham turmush oʻrtoq emas, aksariyat oilalarda qaynona-qaynotalar boʻlishi ham mumkin. Quyida shu kabilardan misollar keltiriladi. Unda jabrlanuvchining ismidan boshqa barcha maʼlumotlar haqiqiy.

Nazokat Sidirova. 30 yosh

7 yildan beri iqtisodiy zoʻravonlikda yashab keladi

Maktabda oʻqituvchiman. 2013-yil universitetni tamomlagach, bir yil ishlab, turmushga chiqdim. Oʻsha vaqtda oyligimning hammasi qaynotamda turardi. Lekin bu xonadonda qaynota bilan gaplashishmasdi. Zarur boʻlganida qaynonam orqali soʻrab, “Hozir pul yoʻq!” degan javobni olardim.

Katta xonadonga kelin boʻlib tushganman. Ikki qaynim va ovsinim bilan birga turamiz. Ovsinim tikuvchi. Yaxshi daromad topadi, lekin bir soʻmini ham bermaydi. Qaynim esa ishlamaydi. Qaynona-qaynotam pensiyasining umumiy miqdori 1 milliondan oshmaydi. Kichik qaynimning daromadi oyiga 2 million. Mening oyligim 3 million. Shunda oilaviy tushum bir oyda umumiy 6 millionni tashkil etadi.

Hammasi nimadan boshlangan?

Yangi kelinligimda oylik maoshim toʻliq holda plastik kartamga tushardi. Olib kelib, turmush oʻrtogʻimga bersam, ular dadamga beraqol, deganlar. Oʻshandan beri bu odatga aylangan. Oʻsha vaqtlar faqat ishga qatnash uchun yoʻl haqiga yetarli pul berishardi. Boshqa umuman ortiqcha berilmasdi, hatto tushlikka ham.

Ishonsangiz, onamnikiga borish uchun oʻz pulimdan yoʻl haqiga 10 ming soʻm ham ololmagan kunlarim boʻlgan. Ketadigan vaqtim qaynotam ataylabmi, bilmadim, qayergadir yoʻq boʻlib qolardilar.

Turmush oʻrtogʻim ulardan yashirib, berib turardi. Lekin, oʻz oyligimdan soʻrardim-ku, pulni! Uyimga biron nima koʻtarib borishni xohlardim. Shu bilan, 1 tiyin pulsiz chiqib, taksini uyning darvozasigacha haydatib, onamdan pul olib berardim.

Bir kuni, oyligim tushgan kunning ertasiga nima uchundir qaynonam orqali pul soʻrasam, qaynotam “Nega ekan? Menda pul yoʻq!”, deya baqira ketdi. Keyin juda xafa boʻlib, uyimga ketdim. Onamga bunday hayotda yashay olmasligimni aytib, yigʻlaganman. Onam buvim va buvamni chaqirganlar. Ular menga arzimagan narsaga ham arazlab keladimi, deb bu kabi muammolar oilada boʻlib turishini, ayol kishi ikkinchi tomon nima desa, koʻnishi kerakligini uqtira ketishdi. Yana, biror narsa kerak boʻlsa, ulardan soʻrashimni tayinlashdi. Shu gaplar bilan, buvamning oʻzi kelinlik uyimga olib kelib, qaynotam bilan gaplashib ketgan.

Foto: promum.com

Katta janglardan keyin oyligimning 200-300 ming soʻmini oʻzimda olib qolishga erishdim

Shunda ham hech narsa oʻzgarmadi. Har pul soʻralganda janjal boʻlishi odatga ham aylanib qolgandi. Kechasi bilan yigʻlab chiqardim. Aksiga olib, oʻsha vaqtlar umr yoʻldoshim ham ishsiz qoldi. Aslida, turmushimni ularning yaxshi boʻlgani uchungina davom ettirayotgandim.

Birinchi farzandim gripp boʻlib qolganim sababli, tugʻilmasidan ichimda nobud boʻlgan. Oradan vaqt oʻtib, ikkinchi farzandimga homilador ekanimni eshitgan otam Rossiyadan menga har oy 100 dollardan pul joʻnatib turardilar. Avvaliga, xoʻjayinim uni olmasligimni aytgan. Lekin biz unga haqiqatdan muhtoj edik. “Biror nima yegim kelayotganini qaynotamga aytib pul soʻrolmayman-ku”, deb yigʻlardim.

Keyinchalik turmush oʻrtogʻim ishga tushgach, u ham oyligini toʻliq holda qaynotamga topshiradigan boʻldi. Ularga ham kundalik yoʻl haqi uchungina pul berilardi. Erkak kishining koʻchada pulsiz yurishini tasavvur qilolasizmi?!

Otam pul yuborayotganini uydagilarga aytmaganman. Koʻchadan narsa olib kelsam, onam yoki buvim berdi, deb aytardim. Bir ogʻiz ham nega uyingdan pul olasan, deyishmagan. Eng alam qiladigani, otam menga sovgʻa qilgan telefon va kompyuterni, “Erining pulini uyiga tashmalab, oʻsha pullarning yigʻimidan sotib olgan”, degan gap tarqatishgan ekan. Men buni qarindoshlar guruhidan bilib qolganman.

Keyinchalik kelinining daromadini olib qoʻyish qaynotam tomonning “qonida bor” ekanini tushundim. Qaynotamni aka-ukalarining kelini bilan oʻzimni solishtirsam, ularnikining oldida mening hayotim jannat ekan. Ularning qaynona-qaynotasi kelini ishlaydigan maktabiga borib, oyligini tekshirib ham kelarkan.

Bugungi vaziyatimdan nolimayman. Hozirgi kunga kelib, qaynotam bilan katta janglardan keyin, oyligimning 200-300 ming soʻmini olib qolishga erishganman. Qaynotam esa umuman bermay qoʻyishimdan qoʻrqib, shunisiga ham rozi boʻlganlar.

Foto: econet.ru

Ziyoda Boltaboyeva. 36 yosh

Ikkinchi turmushida iqtisodiy zoʻravonlikka uchragan

Kasbim oʻqituvchi. Birinchi turmushimdan ajrashganimdan 11 yil oʻtib, ikkinchi bor turmush qurganman. Afsuski, ular meni emas, katta oyligimning xushtori boʻlib chiqqan. Ilk kunlarimdanoq qaynonam oyligimni surishtira boshlagan. Avvaliga berishni xohlamaganman, chunki oʻzimni ham moʻljallagan rejalarim bor edi. Keyin bilsam, turmush oʻrtogʻim ham bor pulini ularga topshirarkan.

Oilada meni pulimga umuman ehtiyoj yoʻq edi. Turmush oʻrtogʻim va qaynilarimning hammasi ishlardi. Qaynona-qaynotamning nafaqa pullari ham yaxshi boʻlgan. Lekin baribir, kelinning puli “qiziq” edi. Aytishlaricha, kelin qoʻliga pul ushlagan kundan boshlab, hurmat qilmay qoʻyarmish.

Homiladorlik vaqtimda och qolgan kunlarim ham boʻlgan. Eng alam qilgani, topshirgan pullarimizga qaynotam kayf-safo qilib, mast boʻlib kelardi. Qaynonam esa oʻzining bezanishiga biror nimalar sotib olardi.

Foto: Getty Images

Pasport, diplom va boshqa hujjatlarim ham qaynonamda turardi. Plastik kartamni esa kodini ham bilmasdim. Kasal boʻlib ham oʻz pulimdan dori-darmon ololmagach, 6 oy yashab, ortga qaytishga qaror qilganman. Shunda ham ular menga farzandimni “bekor qilish”, uy bitgunga qadar ishlash shartini qoʻyishgan. Barchasiga qoʻl siltab ketgan edim.

Onam oʻshanda indama, sabr qil, koʻchib ketsang tinchiysan, noming chiqmasin, deb qarorimga qarshi chiqqan. Lekin men fikrimda qatʼiy edim — bankka borib, plastik kartamni yoʻqotib qoʻydim, deb qulflatganman.

Bunga chidolmagan qaynonam, ishxonamga borib, direktorga nomimni bulgʻab ketgan. Mahallada esa meni “oʻgʻri”ga chiqargan. Unday emasligini isbotlaguncha, vaziyatni tushuntirguncha qancha asablarim, qancha sogʻligʻim ketgan.

Ortga qaytmadim. Necha yillab oʻqib, oʻz ustimda ishlab, topayotgan pullarimni maishatga sarflanganini hazm qilolmayman. Oʻsha vaqtda qilingan seplarimizni ham qaytarolmadim. Turmush oʻrtogʻim esa onamning xizmatini qilmading, deb aliment ham toʻlamadi.

Hozir hayotimni yoʻlga qoʻyib olganman. Daromadimni toʻgʻri taqsimlab, farzandlarim uchun investitsiya qilishni boshlaganman. Biroq, endi menda gʻalati tushuncha shakllanib qoldi — oʻylashimcha, oʻqimishli qizlarning 90 foizi turmushga chiqqach, moliyaviy nizoga uchraydi.

Muammoga huquqiy baho

Assambleya.tv jurnalisti aynan Ziyoda Boltaboyeva masalasi boʻyicha IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati katta inspektori mayor Laylo Hazratqulova bilan bogʻlandi. Uning soʻzlariga koʻra, bu vaziyatda jabrlanuvchi fuqarolik sudiga murojaat qilishi kerak boʻlgan.

Mayorga koʻra, agar jabrlanuvchi oʻsha vaqtning oʻzida fuqarolik sudiga murojaat qilganida, muammo 24 soat ichida zudlik bilan oʻrganilib, sud unga 6 oy ishlab, topshirgan pullarining oʻrtacha summasini hisoblab, undirib bergan boʻlardi.

Bundan tashqari, fuqaroning murojaati yana uch masala boʻyicha oʻrganilishi uchun:

  • Qaynona kelinining shaʼniga dogʻ tushirib, oʻgʻriga chiqargani uchun Ichki ishlarga tuhmat boʻyicha chora soʻrab murojaat qilinishi;
  • Kelinlikdagi seplari agar oʻsha vaqtda mahalla aralashib, dalolatnoma qilgan va isbotlash mumkin boʻlsa, bu boʻyicha mahallaga murojaat qilishi;
  • Turmush oʻrtogʻining aliment toʻlashdan bosh tortayotgani boʻyicha fuqarolik sudiga ariza berishi zarur. Bu masala boʻyicha hal qiluv qarori qabul qilingach, sobiq turmush oʻrtogʻi aliment toʻlashdan bosh tortsa, maʼmuriy va jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Yuqoridagi uch holat boʻyicha voqeadan maʼlum vaqt oʻtgani sababli, isbotlash qiyinroq boʻlishi mumkin. Biroq, fuqaro eng soʻnggi vaziyat boʻyicha sudga ariza topshirsa, u har tomonlama jabrlanuvchi foydasiga hal boʻladi.

Foto: econet.ru

Oʻz huquqlarini bilish va moliyaviy mustaqil boʻlish — zamon talabi

Zoʻravonlikning bu turiga uchramaslik boʻyicha advokat Bobir Mukadamov shunday deydi:

“Ayol kishi moddiy qaram boʻlmaslik uchun, avvalambor, oʻzi biror hunarni, kasb-korni oʻrganishi, turmushga chiqishdan oldin oliy maʼlumot olishga harakat qilishi, muntazam 1-2 soʻm olib kelib turadigan biznesni yoʻlga qoʻyib olishi kerak. Hozir birovga ishonib qoladigan zamon emas. Har bir mehnatga layoqatli ayol-u erkak moliyaviy mustaqil boʻlishi — bugungi kun talabi.

Oʻz daromadini ikkinchi shaxsga doimiy topshirilishiga esa hech qachon rozi boʻlmaslik kerak. Aksincha, oilaviy byudjetdan xarid qilinadigan uy-joy yoki avtotransport vositalarini birgalikda mulk hisoblanishi uchun, oldi-sotdi shartnomasi orqali rafiqasining yoki oʻzining nomida boʻlishiga erishish kerak. Oʻzi ishlab topgan daromadni bermaslikni normal qabul qilmaydigan turmush oʻrtoq yoki boshqalardan yanada koʻp “hunarlar” kutish mumkin”.

Moliyaviy zoʻravonlikdan qanday qutilish mumkin?

Har narsani inson avval oʻzidan, oʻziga savol berishdan boshlashi kerak. Agar daromadimni birovga topshirsam, meni nimalar kutadi, nimalar oʻzgaradi, bergan pullarimni qanday soʻrayman, zarurat va ehtiyojlarimni qanday qondiraman, kabi savollarga javob topishi kerak.

Shundan keyingina ikkinchi tomon bilan masalani muhokama qilish zarur. Turli vaziyatlarni oʻtirib, har tomonlama maslahatlashish, aniqlashtirib olishdan choʻchimaslik kerak.

Unutmang, mehnatingiz va uning natijasini eng avvalo oʻzingiz hurmat qiling. Keyin boshqalar ham qadrlay boshlaydi.

Muhokamalar boʻyicha kelishuv sizni qoniqtirmasa, rozi boʻlmang. Eng avvalo oʻzingizga, keyin ikki tarafga ham qulay variantni taklif qiling. Masalan, oldingizda biror kattaroq — mashina yoki uy xaridi turgan boʻlsa, unda daromadingizni maʼlum qismini xarid amalga oshirilgunga qadar berib turishga kelishing. Lekin doimiy muddatga emas.

Zoʻravonlar oʻzini nega bu qadar erkin tutadi?

Iqtisodiyot fanlari doktori, professor Barnogul Sanaqulovaning fikricha, bugungi kunda iqtisodiy zoʻravonlik holatlarining koʻp uchrashi va ularni jazolashga nisbatan sustkashlikning asosiy sabablaridan biri bu qonunchilikdagi “lazeyka”larning mavjudligida boʻlishi mumkin. Professor qonunchilikka kiritilishi zarur boʻlgan qoʻshimchalar va xorij tajribasi haqida shunday deydi:

“Misol uchun, Oʻzbekiston Respublikasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 3-moddasida “maishiy (oilaviy) zoʻravonlik” tushunchasi mavjud emasligi, unga taʼrif berilmaganligi amaliyotda iqtisodiy zoʻravonlikka taalluqli boʻlgan holatlarni turli talqin qilinishiga sabab boʻlmoqda.

Iqtisodiy zoʻravonlik uchun qonunchilikka qanday qoʻshimchalar kiritish mumkin?

Professor fikriga koʻra, mazkur qonunga “oilaviy zoʻravonlik” tushunchasi kiritilib, unga quyidagicha taʼrif berilishi maqsadga muvofiq:

“Oilaviy zoʻravonlik — oilaning bir aʼzosiga nisbatan boshqa bir aʼzosi yoki aʼzolarining muntazam ravishda takrorlanib turuvchi jismoniy, ruhiy, jinsiy va iqtisodiy zoʻravonligidir. Uni sodir etgan shaxs, jabrlanuvchi bilan bir joyda yashashi yoki yashamasligidan qatʼi nazar — oilada, sobiq yoki hozirgi turmush oʻrtogʻi yo boʻlmasa sheriklar oʻrtasida yuz berayotgan barcha jismoniy, jinsiy, psixologik yoki iqtisodiy zoʻravonlikni anglatadi”.

Bu holatga kengroq toʻxtaladigan boʻlsak, bugungi qonunchilikka oʻzgartirish kiritishda “Maishiy (oilaviy) zoʻravonlik” holati talqinida bir oila aʼzosi tomonidan boshqa oila aʼzosiga nisbatan qasddan sodir etilgan harakat yoki harakatsizlik quyidagilarda namoyon boʻlganda:

  • kaltaklash yoki badanga yengil shikast yetkazishga sabab boʻlgan boshqa zoʻravonlik harakatlarini sodir etish;
  • tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchiga oʻz xohish-irodasini singdirish yoki uning ustidan nazoratni olish maqsadida uni izolyatsiya qilish, qoʻrqitish;
  • iqtisodiy vositalardan mahrum qilish natijasida iqtisodiy vositalardan, shu jumladan yashash uchun mablagʻdan mahrum qilish, kamsitish, tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchining sogʻligʻiga uncha ogʻir boʻlmagan zarar yetkazish kabi kategoriyalarda tavsiflanishi hamda bu holatlar yuz berganda ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi lozim.

Afsuski, bugungi ayollarga nisbatan iqtisodiy zoʻravonlikni amaliy sud jarayonlarida talqin qilinish holatlarida oiladagi zoʻravonlik sifatida emas, “nizolar”sifatida baholanib kelmoqda. Bunday talqinda esa nizoga kirishuvchi tomonlar oʻrtasidagi ziddiyatlarda turli xil munosabatlar mavjud boʻlib, ular oʻzaro teng darajada qaraladi. Bu holatda biz aynan oilaviy zoʻravonlikka alohida holat sifatida qaralishini talab qilishimiz lozim.

Chunki oilaviy zoʻravonlikda muayyan iyerarxiya oʻrnatilgan. Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchi subyekt esa pastroq pozitsiyada boʻlib, tajovuzkor shaxsga nisbatan tenglikda harakatlana olmaydi, u bilan teng boʻlolmaydi. Shuning uchun, oilada yuz bergan zoʻravonlik harakatlari asosida sodir etilgan har qanday harakat, bizningcha amaldagi Jinoyat kodeksining moddalari boʻyicha talqin qilinadigan jinoyat tarkiblariga kiritilib, amaliy nuqtai nazardan notoʻgʻri.

Shuning uchun, oilaviy zoʻravonlik kontekstida turli darajadagi tan jarohatlarini yetkazilishi, oʻz joniga qasd qilinishiga undash va boshqa bir qator harakatlar Jinoyat Kodeksining boshqa moddalaridan farqli oʻlaroq, jazolanish sanksiyalari qatʼiyroq va yuqorida keltirilgan maxsus holatlar inobatga olinib, jazolanishi kerak.

Jahon amaliyotiga nazar soladigan boʻlsak, mazkur holatlarda Moldova respublikasi Jinoyat kodeksi boʻyicha “Oiladagi zoʻravonlik”ka nisbatan turli ogʻirlashtiruvchi moddalar qoʻllanilsa, Turkiya va Buyuk Britaniyada esa himoya orderiga amal qilinmaslik holati “kriminal” holat darajasida talqin qilinib, ogʻirlashtirilgan jazo choralari qoʻllaniladi. Bu masalada Istanbul konvensiyasi tajribalarini tadqiq qilish ham oʻzining ijobiy samarasini bergan boʻlar edi”.

Foto: Getty Images

Yuqorida qariyb 36 millionlik oʻzbek aholisidan ikkitagina xonadonidagi vaziyat misol tariqasida keltirildi. Achinarlisi, ular muammo haqida soʻralgani uchungina maʼlum qildi. Aks xolda esa hammasini ichiga yutib, ota-onasi aytganidek, sabr qilishda davom etadi. Biroq, butun hayot tarziga putur yetkazadigan bu kabi vaziyatlarda qilinadigan sabrning yakuni, afsuski, koʻngilsiz holatlar bilan tugallanishi ham hech gapmas.

Albatta, daromadni berish yoki bermaslik odamning oʻziga bogʻliq. Biroq, bunga koʻnib, yoʻq deyolmaganlar yoki majburlanadiganlar soni minglab. Ularni na oʻz oilasi, na aniq bir qonun himoyasiga olsa, oqibati nima boʻlishi, afsuski, javobsiz. Qoʻlimizdan kelgani esa odamlarni ogohlikka chaqirish va qonun himoyachilaridan joʻyali himoya taklifini soʻrash boʻladi.

 

Muallif: Muqaddas Musaeva

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan