Ilk bankomatlar qachon yaratilgan? Ular bilan bogʻliq eng keng tarqalgan firibgarliklar

News media
Dolzarb:
Tashkent, Uzbekistan
Dushanba, Okt 2, 2023
Dunyodagi birinchi bankomatlar qachon va kim tomonidan yaratilgan, unga oʻrnatilgan PIN-kodlar kimning gʻoyasi boʻlgan, bankomatlar bilan sodir boʻlishi mumkin boʻlgan firibgarliklarning qanday turlari mavjud? Hozir shu va bankomatlar bilan bogʻliq boshqa maʼlumotlar haqida gaplashamiz.
Bankomat — pul qabul qilish va chiqarish apparati boʻlib, u orqali bank xodimi ishtirokisiz, xizmat va kreditlarga toʻlov amaliyotlarini bajarish mumkin.
Eng birinchi bankomat prototipi 1939-yilda arman millatiga mansub amerikalik olim Lyuter Jorj Simdjyan tomonidan ixtiro qilingan. Ushbu qurilma naqd pul chiqargan. Biroq, bankka ulanmaganligi bois, karta hisobidan mablagʻlarni yecha olmagan.
Simdjyan “City Bank of New-York” bankiga apparatni sinab koʻrish taklifini bergan. Lekin yarim yil oʻtgach, bankirlar mashinaga ehtiyoj boʻlmayotganini aytib, qaytarib bergan. Simdjyan ixtirosi deyarli 30 yilga unutilgan va 1960-yillarga kelib, u boʻyicha ishlar yakuniga yetgan.
Pulni naqdlashtiruvchi birinchi bankomat — Automated Teller Machine (keyingi oʻrinlarda ATM) 1967-yilning 27-iyun kuni London shimolidagi Enfild tumanida joylashgan “Barclays” Britaniya banki boʻlimiga oʻrnatiladi. Undan birinchi pullarni reklama maqsadida taklif etilgan komik-aktyor Reg Varni yechib oladi.
Oʻrnatilgan ushbu bankomatning ixtirochisi, dunyoning 150 dan ortiq mamlakati banknotalari uchun pul ishlab chiqaradigan Britaniyaning De La Rue kompaniyasida ishlaydigan shotlandiyalik Jon Shepard-Barron boʻlgan.
Barron shokolad sotuvchi avtomatdan ilhomlanib, ushbu bankomat gʻoyasini oʻylab topgan. Apparat mijoz hisobida qancha mablagʻ borligini tekshirish imkoniyatiga ega boʻlmagani tufayli, undan olish mumkin boʻlgan naqd pul miqdori avvaliga 10 funt sterling bilan cheklangan.
Yuqoridagi ATM “Kartochkasiz” bankomat boʻlib, u faqat bankdan avvaldan olingan maxsus vaucher evaziga pul chiqargan. Vaucherlarni soxtalashtirishdan himoya qilish maqsadida, cheklarga zaif radioaktiv belgilar qoʻyilgan.
1966-yil Shotlandiyalik injener Jeyms Gudfellou shaxsiy identifikatsiya raqami — PIN-kod uchun patent oladi. Ixtirochi avvaliga PIN-kodlardagi raqamlar sonini 8 ta qilib belgilaydi. Biroq, uning turmush oʻrogʻi toʻrttagacha raqamni yodida saqlab qolgani uchun raqamlar sonini aynan shunchaga qisqartiradi.
Toʻrt raqamdan iborat PIN-kod ilk bor Britaniya bankining bankomatida qoʻllanilgan. Bankomatlarni amaliyotga tatbiq etish bosqichma-bosqich amalga oshirilgan — 1971-yil bankomatlarning birinchi turidan Amerikaning taxminan 35 nafar bankida qoʻllanilgan. Keyinchalik, 1972-yilda hamma joyga bankomatlar oʻrnatishni birinchi boshlagan bank — Amerikaning “Citibank”i boʻlgan.
Oʻsha yilning oʻzida “Lloyds” banki Buyuk Britaniyada “Cash-Point” nomli ilk onlayn-bankomatlarni taqdim etdi. Ushbu onlayn-bankomatlar vaucher oʻrniga magnit-chiziqli plastik kartalarni qabul qilgan. Bu esa mijoz uchun nisbatan qulaylik yaratgan.
Telekommunikatsiyalarning rivojlanishi, bir vaqtning oʻzida bir nechta banklar foydalanishi mumkin boʻlgan bankomatlar tarmogʻini yaratish imkonini bergan.
Ushbu tarmoq ilk bor 1972-1975-yillarda AQSHda amalga oshirilgan. Vashington shtatidagi 18 nafar bankning bir necha yuzlab bankomatlari “Exchange” nomli tarmoqqa ulangan. Keyinchalik naqd pullarni nafaqat chiqaradigan, balki qabul ham qiloladigan bankomatlar ham yaratilgan.
Markaziy bank matbuot kotibi Akmal Narimonovich bergan maʼlumotlarga koʻra, 1996-yil Oʻzbekistonda ilk bor plastik kartalar tizimi yoʻlga qoʻyilgan.
Birinchi bankomat esa 1997-yilning mart oyida, Toshkent shahrining Besh-yogʻoch koʻchasidagi sobiq “Coca-Cola” zavodida, ish haqi loyihasi doirasida oʻrnatilgan.
1998-yilning yanvar oyida Bodomzor dahasidagi “Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki” binosida yana bir birinchilardan boʻlib olib kelingan bankomat taqdimoti oʻtkazilgan.
Bankomatlar jamoat joylariga oʻrnatilishidan avval, qoidasiga koʻra, naqd pul hamda tranzaksiyalar amalga oshiriladigan ichki kompyuter tizimi yordamida har tomonlama sinovdan oʻtkaziladi.
Bankomat va ularni qoʻllab-quvvatlaydigan elektron tarmoqlar odatda juda ishonchli boʻladi — tekshiruvlar 98,25 foiz mijozlarga bankomatlarning doimiy ishlashini taʼminlab beradi. Biroq, bankomatlar tarmogʻi ishlashdan toʻxtasa, mijoz oʻsha bankning keyingi ish kuni boshlanguniga qadar tranzaksiyani amalga oshirolmasligi mumkin.
Bank mijozlari bankomatlardan yuqori ishonchlilik kutadi. Bu esa oʻz oʻrnida, bankomat ishlab chiqaruvchilarini kompyuter va tarmoqdagi nosozliklarni kamaytirishiga, bartaraf etishiga undaydi.
Bundan tashqari, bankomatlarning notoʻgʻri ishlaganidan keyingi moliyaviy oqibatlar ham ishlab chiqaruvchini ogohlikka chaqiruvchi yaxshi signal vazifasini oʻtashi mumkin.
Shuni taʼkidlash kerakki, barcha nosozliklar ham mijozga zarar yetkazmaydi. Masalan, bankomat pul chiqargan-u, mijoz hisobidan mablagʻ yechilmagan, yoki tizim banknotalar nominalini notoʻgʻri hisoblagani oqibatida terilganidan koʻproq summa chiqarib berilgan vaziyatlar ham boʻlgan.
Eʼtibor bergan boʻlsangiz, bankomatga naqdlashtirilishi kerak boʻlgan summa kiritilgach, undan pul sanayotgan tovush chiqadi. Koʻpchilik uni bir marta yozib olingan tovush barcha naqdlashtirishlarda jaranglaydi, deb oʻylaydi. Biroq, u mashinaning oʻz ovozi boʻlib, belgilangan mablagʻni sanab, yuqoriga uzatayotgan mayda gʻildiraklarning ovozidir.
Bankomatlar tarmogʻi rivojlanishi bilan birga, ular bilan bogʻliq firibgarliklar soni ham ortib bormoqda.
Boshqa shaxslar hisobidan bankomatlar orqali pul mablagʻlarini oʻzlashtirishning bir necha oʻnlab usullari mavjud. Ular texnologik va tashkiliy darajalarga ajraladi. Buyuk Britaniyaning Kliring toʻlov tizimlari assotsiatsiyasi (APACS) maʼlumotlariga koʻra, bankomatlar bilan bogʻliq quyidagi firibgarliklar nisbatan keng tarqalgan:
Yuqorida dunyo miqyosidagi firibgarlik yoʻllari sanab oʻtildi. Shuni unutmaslik kerakki, oʻgʻrilikning qanday turi boʻlmasin, unga eng avvalo, karta egasining ehtiyotsizligi sabab boʻlishi mumkin. Shunday ekan, shaxsiy maʼlumotlaringizni boshqa shaxslarga oshkor boʻlishidan saqlaning.
Muallif: Muqaddas Musaeva