Islom banklari va foizli kreditlar tarixi

Bugun koʻpchiligimiz foydalanadigan kreditlar birinchi boʻlib qayerda paydo boʻlgan? Foizli kreditlar islom banklarida qoʻllanilmagani, undan asosan gʻayridinlar foydalangani hamda Yelena Glinskayaning pul reformasi haqida ushbu materialda tanishamiz.

Kredit nima?

Kredit – vaqtincha boʻsh turgan pul mablagʻlari yoki tovarlarni maʼlum muddatga, haq toʻlash sharti bilan, qarzga olish va qaytarib berish yuzasidan kelib chiqadigan iqtisodiy munosabatlar yigʻindisidir.

Kredit soʻzi lotinchadan olingan boʻlib, “qarz” maʼnosini bildiradi. Kredit qadimiy tushuncha sifatida tovar, pul, bozor, baho va boshqa atamalar bilan bir davrda paydo boʻlgan va ularning doimiy hamrohidir.

Kreditning kelib chiqishi

Maʼlumki, kishilik jamiyatining dastlabki bosqichi ibtidoiy jamoa tuzumi yemirilishi natijasida jamiyat aʼzolari boy va kambagʻal oilalarga ajraldi. Boy oilalar qoʻlida jamiyatdagi moddiy boyliklar toʻplanib qoldi, kambagʻallar esa ana shu boyliklardan mahrum boʻlgan. Natijada moddiy boyliklar va pul mablagʻlari zodagonlar, katta yer egalari, savdogarlar, sarroflar qoʻlida va cherkovlarda jamlana borgan.

Yersiz dehqonlar, mayda hunarmandlar va boshqa quyi tabaqaga mansub kishilar esa kun koʻrish uchun ulardan maʼlum haq toʻlash evaziga yer va ishlab chiqarish jihozlarini ijaraga, turli mahsulotlar va pul mablagʻlarini qarzga olishga majbur boʻlganlar. Shunday qilib, kreditning eng qadimiy shakli sudxoʻrlik krediti paydo boʻlgan.

Foto: Getty Images

Ilk foizli kreditlar bilan asosan gʻayridinlar ishlagan

Oʻrta asrlarda foizga pul berish va sudxoʻrlik hamma joyda taqiqlangan va unga buyuk gunoh sifatida qaralgan. Shunga koʻra, hozirgidek aql bovar qilmas foizlar evaziga kredit berganlar oʻsha vaqtlarda dorga hukm qilingan.

Qadimgi vaqtlarda bankirlar qimmatbaho buyumlarni ochiq yerlarda saqlashdan bosh tortib, ularni qabriston chekkasidagi yer ostiga koʻmgan. 1179-yil Rim Papasi Aleksandr uchinchi, sudxoʻrlarni Xristian marosimiga koʻra dafn qilinishdan mahrum qilish boʻyicha farmon (bulla) chiqaradi.

“Qizigʻi shundaki, xristian madaniyatiga koʻra, oʻsha vaqtlarda sudxoʻrlik, deb nomlangan bank foizlari katta gunoh sanalgan. Katoliklar cherkovi sudxoʻrlikni qoralagan. Foizlar berilgan vaqt hisobiga undirilardi. Vaqt esa xristianlar talqiniga koʻra, insonning emas, Xudoning iznida. Xudoga pul bilan murojaat qilish – bu katta gunoh, deb bilishgan.

Shuning uchun, oʻrta asr Yevropasida bank operatsiyalari bilan asosan gʻayridinlar, masalan, yahudiylar shugʻullangan. Iudaizm (yahudiylar dini) esa foiz olishni taqiqlamagan. Shu asnoda, ularning qoʻlida juda katta aktivlar yigʻila boshlagan” – deydi yozuvchi va madaniyatshunos Andrey Stolyarov.

Islom olamidagi bank ishi

Islom olamida bankirlarga munosabat Yevropaniki bilan tubdan farq qilgan. Islom dini sudxoʻrlikni taqiqlaydi. Shuning uchun islomiy mamlakatlardagi banklar foiz evaziga mablagʻ ajratmagan. Shuningdek, islom banklari alkogol, tamaki, pornografiya va choʻchqa mahsulotlari savdosidan tushgan pullarni ham omonat sifatida qabul qilmagan. Bundan tashqari, musulmon bankirlar azart oʻyinlar tushumi boʻyicha ishlamaslikka imkon qadar harakat qilgan.

“Shuning uchun ham islom banklari foiz asosida pul bermasdi. Ularda umuman boshqa uslub qoʻllaniladi – islom banki oʻz mablagʻlarini mijozlari taqdim etgan pullarga tikadi. Soʻngra, tushum yoki chiqimlar tuzilgan shartnomaga koʻra, proporsional miqdorda mijoz va bank oʻrtasida taqsimlanadi. Shu tarzda, bank operatsiyalari foizlardan xoli boʻladi.

Bu juda qiziq uslub. Buni baholash hozir qiyin, albatta. Biroq, u juda jiddiy iqtisodiy rivojlanishga ega uslub boʻlishi ehtimoli ham yoʻq emas”.

Yelena Glinskayaning pul reformasi

Fransuzlar, buyuk Fransuz revolyutsiyasi davrida, pul hisob-kitoblari boʻyicha oʻnlik sanoq tizimini aynan oʻzlari ochib, yuritgani bilan faxrlanishga odatlangan. Biroq, bu tizimni ancha oldin, rubl 100 kopeykani tashkil qilgan vaqtlarda, Rossiyadagi birinchi boshqaruvchi ayol, Ivan Grozniy onasi Yelena Glinskaya yoʻlga qoʻygan. Uning pul reformasini eng omadli reforma sifatida bemalol Ginnesning rekordlar kitobiga kiritish mumkin. Yelena Glinskaya yoʻlga qoʻygan kopeykalardan bugun ham foydalanib kelinmoqda.

“Yelena ikkita yangi tanga oʻylab topgan. Biri “kopeyka” deb nomlangan boʻlib, unda nayzali chavandoz aks etgan. Ikkinchisi esa  “denga” boʻlgan – unda chavandoz qoʻlida qilich bilan oʻtirgani ifodalangan. Lekin nega kopeykalar “yashab ketgan-u” dengalar “yashamagani” – ifodalab boʻlmas va tushunarsiz masalaligicha qolgan.

Foto: EADaily

Asosiysi, kopeyka aylanmasi saqlab qolingan. Usiz hech qanday pul amaliyotini amalga oshirish mumkin boʻlmagan boʻlardi. Bir rublda 100 kopeyka boʻlishi kerakligini aynan Glinskaya joriy etgan. Mana bu ilk oʻnlik sanoq tizimi edi”, — deydi yozuvchi Aleksandr Myasnikov.

Biroq, yuqorida aytilganidek, bularning barchasi tarix. Yaratilgan pullarning baʼzilari hali-hanuz aktual, biroq, islom banklarining bir vaqtlardagi prinsipi oʻz kuchini yoʻqotgan. Yaʼni, hozir omonatlar tushumining ahamiyati yoʻq, foiz asosidagi kreditlar ham allaqachon amalda.

 

Muallif: Muqaddas Musaeva

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan