2023-yilda Markaziy Osiyoning iqtisodiy istiqbollari qanday?

News media
Dolzarb:
Tashkent, Uzbekistan
Среда, Июн 7, 2023
“The Diplomat” nashri jahon bankining Markaziy Osiyo davlatlari uchun joriy yilda iqtisodiy istiqbollar toʻgʻrisidagi hisobotiga tayanib, tahliliy maqola chop etdi.
Keltirilishicha, Jahon banki hisoboti kishini u qadar umidlantirmaydi. “Jahon iqtisodiyoti istiqbollari”da bulutlari koʻplab global omillar tufayli yanada quyuqlashuvchi retsessiya hosil boʻlishi haqida gap boradi. 2022-yildagi singari bu yuqori inflatsiya, investitsion oqimlar susayishi va tinchimayotgan Rossiya-Ukraina urushi oqibatlari boʻladi.
Jahon bankining joriy prognozlari ushbu antitrendlarini oʻzida toʻlaligicha akslantirmoqda. Ekspertlarning soʻzlariga koʻra, 2023-yilda jahon iqtisodiyoti oʻsishi 1,7 foiz boʻlishi mumkin. Hisobotda shuningdek, COVID-19 pandemiyasi oqibatlari haqida ham soʻz boradi.
“Jahonning deyarli barcha mintaqalarida aholi jon boshiga oʻsish COVID-19gacha boʻlgan oʻn yillikka nisbatan sekinroq boʻladi”, — deyiladi hujjatda.
Oʻz navbatida, Markaziy Osiyo ham ogʻir istiqbollardan xalos boʻla olmaydi.
Baholashlarga koʻra, Yevropa va Markaziy Osiyoda 2022-yilda oʻsish 0,2 foizgacha sekinlashgan. Biroq Rossiya va Ukraina hisobga olinmasa bu koʻrsatkich 4,2 foizni tashkil etadi va bu bir yil avvalgidan ikki barobar kam. Bu esa hisobotda qayd etilgan ishlab chiqarish hajmlariga nisbatan “2023-yil amalda oʻzgarish qolishi”ni bildiradi.
Raqamlarga eʼtibor berilsa, Markaziy Osiyoda oʻsish surʼatlari 2020-yildan soʻng yana osha boshlagan. Biroq tiklanish Ukrainadagi urush va uning oqibatlari tufayli tormozlanadi. The Diplomatʻning yozishicha, birgina Qozogʻistonning oʻzida 2023-yilda oʻsish surʼatlari 3,5 foizgacha yaxshilanishi mumkin.
Qirgʻiziston iqtisodiyoti uchun oʻtgan yil tiklanish yili boʻldi. Manbaga koʻra, 2020-yilda surʼatlar 8,4 foizgacha pasaygan, 2021-yilda oʻsish 3,6 foizni, 2022-yilda esa hattoki 5,5 foizni tashkil etgan. 2023-yilda oʻsish yana 3,5 foiz boʻlishi prognoz qilinmoqda.
Tojikistonda 2020-yilda oʻsish surʼatlari 4,4 foizgacha pasaygan. Biroq, 2021-yilda kutilmaganda 9,1 foizgacha oʻsgan. 2022-yilda oʻsish 7 foizni tashkil etgan, biroq 2023-yilda u 5 foizgacha pasayishi taxmin qilinmoqda.
Oʻzbekiston iqtisodiyoti oʻsishi 2020-yilda 1,9 foizni tashkil etgan. 2021-yilda koʻrsatkich 7,4 foizga yetgan. 2022-yilda barcha kabi pasayish yuz berib, 5,7 foizgacha tushgan. 2023-yilda ekspertlar Oʻzbekistonda oʻsish 4,9 foizni tashkil etishini prognoz qilishmoqda.
Turkmanistonga doir koʻrsatkichlar hisobotdan oʻrin olmagan. Mamlakat “ishonchli maʼlumotlar yoʻqligi sababli” hisob-kitoblardan olib tashlangan, deb taʼkidlaydi “The Diplomat”.
Jahon banki tahlilida qayd etilishicha, Markaziy Osiyo iqtisodiyotlarida oʻsishning pasayishi “avvalboshdan kutilganiga nisbatan kamroq boʻlgan”.
Inflatsiya — joriy yilda iqtisodiy tahdidlardan biri boʻladi. Manbada aytilishicha, oʻtgan yilda “1998-yildan buyon har yilgidan keskinroq” oʻsgan. Inflyatsiyaning oʻsib borishi xomashyo mahsulotlari narxining oʻsishi bilan mos tushgan. Ayniqsa energiya tashuvchilar va oziq-ovqat mahsulotlari narxi koʻproq oʻsgan, deyiladi manbada.
Garchi Markaziy Osiyo davlatlari pandemiyadan soʻng oʻsishni tiklay olishgan bo‘lsa-da, Ukrainadagi urush “butun mintaqaga ogʻir koʻlanka tashlagan”, shuningdek mintaqaning uzoq muddatli istiqbollarini ham xiralashtirgan.