“Tolibon” birinchi afg‘on avtomobilini namoyish qildi

News media
Dolzarb:
Tashkent, Uzbekistan
Суббота, Июн 3, 2023
Afg‘onistonda Kobul texnika va kasb-hunar instituti muhandislari tomonidan besh yillik sa’y-harakatlar natijasi – birinchi afg‘on avtomobili namoyish qilindi. Unda Tolibon hukumati ishtirok etib, loyihani olqishladi. Bu haqda “The Telegraph” xabar berdi.
Tolibon rasmiy vakili Zabihullo Mujohid avtomobil suratlarini ijtimoiy tarmoqlarga joylab, uning yaratilishi butun mamlakat uchun sharaf ekanini ta’kidladi.
Avtomobilning texnik xususiyatlari hali oshkor etilmagan, biroq mashina ortidagi jamoa uni “Bugatti”dan ilhomlanib yaratgani, avtomobil “Toyota Corolla” dvigateli bilan jihozlanganligi haqida ma’lumot berdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, “Mada-9” deb nomlangan yangi mashina “ENTOP” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladi.
Mashina dizayneri Muhammad Rizo Ahmadiy “ilm qadrini xalqqa yetkazish uchun” mashinada mamlakat boʻylab sayohat qilishni xohlayotganini aytdi.
“U Afg‘onistonda o‘z sayohatini boshlaydi va bir kun xalqaro miqyosga chiqadi”, – dedi u mahalliy “Tolo News” kanaliga bergan intervyusida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mashinani qurish besh yil davom etgan, jarayonga o‘ndan ortiq ishchi jalb qilingan. Ahmadiy avtomobilni Qatarda bo‘lib o‘tadigan ko‘rgazmaga qo‘yishga va keyinchalik mashinaga elektr dvigatel o‘rnatishga umid qilmoqda.