“Tesla” elektromobillar narxini keskin pasaytirgani ayrim xaridorlarni g‘azablantirdi

“Tesla” kompaniyasi og‘ir iqtisodiy vaziyatga va boshqa avtomobil ishlab chiqaruvchilarning kuchayib borayotgan raqobatiga duch kelmoqda. Shu sababdan u Yevropa va AQShda o‘zining eng mashhur elektromobillari narxini xaridorlar talabini oshirish maqsadida keskin pasaytirdi. Bu haqda “BBC” xabar berdi.

Xabarda keltirilishicha, narxlar Buyuk Britaniyada 10 foizdan 13 foizgacha, AQShda 20 foizgacha pasaytirilgan. Bundan keyin xaridorlar avtomobil sotib olishda “Model 3” uchun 5 500 funt sterling (6 707 dollar), “Model Y” uchun 7 000 funt sterling (8 500 dollar) ni tejab qoladi.

“Reuters”ning yozishicha, narxlar tushgani e’lon qilingandan so‘ng, o‘tgan yili bu modellarni sotib olgan 16 000 dan ortiq xaridorlardan ba’zilari ko‘proq pul to‘laganidan g‘azablandi. Ulardan biri “Tesla” egalari uchun “Facebook” guruhida shunday deb yozgan:

“Men mashinani kecha oldim. Nima qilishim kerak? “Tesla”ga borib, avtomobilni qaytarib beraymi? Men uni olganimdan bir necha soat o‘tgach narxlar arzonladi. Ishonolmayman. 5 ming!”.

“Tesla” o‘tgan hafta Xitoyda mashina narxlarini pasaytirishni e’lon qilgandan keyin u yerlik mijozlardan ham xuddi shunday javob olgandi. Dam olish kunlarida mashinaning norozi egalari Shanxay va boshqa shaharlardagi “Tesla” distribyutorlik markazlari oldida namoyish uyushtirib, kompensatsiya talab qilgan.

Kompaniya so‘nggi olti oy ichida Xitoyda narxlarni ikki marta pasaytirdi. Hozirgi narxlar sentyabr oyiga solishtirilganda 13 foizdan 24 foizgacha tushgan. AQSh va Yevropada shunga o‘xshash e’tirozlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun “Tesla” buyurtma bergan, ammo hali mashinani olmagan mijozlarga avtomobil uchun yangi narxda pul to‘lashini aytdi.

Ma’lumot o‘rnida, Buyuk Britaniyadagi eng arzon “Tesla Model 3” hozirda 42 990 funt sterling (52 581 dollar) ga baholanmoqda. “Model Y” ning narxi esa 44 990 funt sterling (55 027 dollar) dan boshlanadi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan