Xalqaro aeroportda kutib oluvchilar bino ichkarisiga kirishiga ruxsat berildi

Anomal sovuq munosabati bilan O‘zekiston aeroportlari binosiga kutib oluvchilarning kiritilishiga ruxsat berildi. Bu haqda “Uzbairports” xabar berdi.

Xabarda keltirilishicha, ilgari kutib oluvchilarni binoga kiritish aeroportlarda faoliyat yurituvchi bir qator tuzilmalarning hujjatlari bilan cheklangan edi. Bugundan boshlab barcha kutib oluvchilar uchib kelish zallariga kirib, terminal ichida bojxona hududigacha bo‘lgan joyda uchib kelayotgan yo‘lovchilarni kutishlari mumkin bo‘ladi.

“Nihoyat, bizning takliflar eshitilgani va davlat rahbariyati tomonidan irodali qaror qabul qilinganidan juda xursandmiz. Bilaman, muammo ko‘p yillar davomida mavjud edi. Odamlar issiqda va sovuqda tashqarida turishgan va xavfsizlik nuqtai nazaridan va boshqa bir qator sabablarga ko ‘ra ularni ichkariga kiritish taqiqlangan”, — dedi “Uzbekistan Airports” AJ boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayeva.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2018-yilda qurilgan uchib kelish zali ham xalqaro standartlarga javob bermaydi, unda kutib oluvchilar uchun joy ajratilmagan. Buning ustiga zal juda kichkina. Hozirda binoning old qismini surish orqali zal maydonini ko‘paytirish loyihasini ishlab chiqilmoqda. Unda kutib oluvchilar uchun sharoit yaratiladi. Jarayon, zal atrofida ko‘plab kommunikatsiyalar o‘rnatilganligi sababli murakkablashmoqda.

“Har safar, biz mavjud aeroportni qayta qurish, kengaytirish, qulayroq qilish uchun harakat qilishga qo‘l urganimizda, poytaxtimizga yangi aeroport qurish kerak ekanligiga ishonch hosil qilmoqdamiz. Ammo, aeroportlar bir kunda bunyod etilmasligini hisobga olib, imkon qadar mavjud aeroportni rekonstruksiya qilmoqdamiz”, — qo‘shimcha qildi Ra’no Jo‘rayeva.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan