Yuqori maoshga erishish uchun mutaxassislardan TOP-5 maslahat

Agar siz yuqori maoshli joyda ishlamayotgan bo‘lsangiz, bilingki, yolg‘iz emassiz. Bugungi kunda dunyo bo‘yicha o‘rtacha ish haqi ortib borayotgan bo‘lsa-da, unga parallel ravishda yashash narxining qimmatlashishi ko‘pchilik odamlarning mo‘may daromad topishiga to‘sqinlik qilmoqda.

Davlat yoki xususiy sektorda ishlashingizdan qat’iy nazar, hatto boshqaruvchi bilan suhbatlashgan bo‘lsangiz ham, ish haqini oshirishga ba’zan kafolat yo‘q. Biroq, o‘zingizga yuqori maosh olish uchun eng yaxshi imkoniyatni berish usullari mavjud.

“BBC” axborot agentligi ishga yollovchilar, ish boshqaruvchi va psixologlar bilan suhbatlashib, ko‘proq maoshli ish uchun qanday muzokara olib borish bo‘yicha beshta eng yaxshi maslahatni taqdim etdi.

1. To‘g‘ri vaqt tanlang

Jill Kotton, “Glassdoor” ish izlash sayti ekspertining aytishicha, suhbatni oldindan rejalashtirish sizga va menejerga tayyorgarlik ko‘rish uchun vaqt beradi va sizda samarali natijaga erishish ehtimoli ko‘proq bo‘ladi.

Kotton xonim ish vaqtini belgilashni menejer bo‘yniga yuklamaslikni tavsiya qildi. Siz undan oldinda bo‘ling va ish haqi bo‘yicha suhbat band qilmoqchi ekanligingizni ayting.

Rovsorana Begum, hindcha taomlar yetkazib berishda akasiga ko‘maklashuvchi ayolning maslahat berishicha siz tanlagan vaqt biznes uchun ham to‘g‘ri bo‘lishi kerak.

“Eltib berish xizmatida besh nafar xodim mavjud. Vaqti-vaqti bilan ular band bo‘lgan paytda qo‘shimcha ishchilarni olishga to‘g‘ri keladi. Agar xodim biznes yaxshi ishlayotgan vaqtni tanlasa, ko‘proq maoshga erishish imkoniyatiga ega bo‘ladi”, – deydi Rovsorana Begum.

2. Yuqori maoshga loyiqligingizni isbotlang

Agar siz boshlig‘ingizdan ish haqini oshirishni so‘rasangiz, nima uchun bunga loyiqligingiz haqida ko‘plab dalillarga ega bo‘lishingiz kerak. Glazgoda joylashgan “Brightwork” ishga qabul qilish firmasi direktori Shan Sabaning aytishicha, ish davomida nimalarga erishganingiz yoki o‘zingizni rivojlantirish uchun nimalar qilganingizni isbotlashingiz zarur.

Qilgan barcha samarali mehnatingizni sanab o‘ting. Siz keltirgan dalil psixolog Stefani Devisning so‘zlariga ko‘ra, menejeringiz nima uchun ko‘proq maoshga haqli ekaningizni tushunishiga yordam beradi. Chunki har qanday inson miyasida bir ishni qilishdan oldin “nima uchun kerak” degan savol paydo bo‘ladi.

Biroq, siz faqat qilgan ishlaringiz ro‘yxatini keltirish bilan kifoyalanmay, bundan keyin nima xohlashingizni aniq bilishingiz kerak. Agar ish joyingizda yuqori lavozimga ko‘tarilishni orzu qilsangiz, kelgusidagi ish faoliyati bo‘yicha samarali rejalar tuzib qo‘ying.

3. O‘zingizga ishoning

Rahbaringizdan maosh oshirilishini so‘rashda, o‘zingizga bo‘lgan ishonch va o‘z qadringizni bilish sizga yordam beradi. Jill Kotton fikricha odamlar, ko‘pincha, o‘zlariga ishonmaydilar, chunki ularda ish haqi haqida gapirishda  “stigma” bor. Lekin bu ish bo‘yicha suhbatning eng muhim qismidir.

4. Ish haqingizni taqqoslang

Suhbatga kirishishdan oldin aniq raqam va hisob-kitobga ega bo‘lish yaxshi. Internet orqali e’lonlarni ko‘rib, siz kabi xodimlarga qanday maosh to‘lanayotganini taqqoslashingiz, o‘zingiz uchun aniq raqamga ega summa belgilashingiz zarur.

Kotton xonim bu raqam real bo‘lishi kerakligi haqida ogohlantirdi. Uning fikricha, har bir inson yiliga millionlab dollar maosh olishni istaydi. Lekin biz talab qiladigan ish haqi o‘zimizda mavjud qobiliyatga mos bo‘lishi kerak.

5. Taslim bo‘lmang

Agar yuqoridagi harakatlar ish haqini oshirishga yordam bermasa, tushkunlikka tushmaslikka harakat qiling. Begum xonim ta’kidlashicha, bu suhbatlar ba’zida biroz vaqt, hatto oylab davom etishi mumkin, ammo eng muhimi, muloqotni ochiq saqlash.

Agar siz ish beruvchingizdan xohlagan narsangizni olayotganingizni his qilmasangiz, esda tutingki, u yerda boshqa imkoniyatlar bor. Nima bo‘lgan taqdirda ham o‘z ustingizda ishlashdan va mahoratingizni oshirishdan to‘xtamang. Chunki qobiliyatli xodim hammaga kerak.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan