Dunyoda yangi gegemon valyuta paydo bo‘ladimi?

“Credit Suisse” iqtisodchilari yangi gegemon valyutaning paydo bo‘lish imkoniyatlarini baholadilar. Ular dollarning global moliyaviy tizimdagi pozitsiyasini yo‘qotish bilan bog‘liq uchta ssenariyni ko‘rib chiqdi. Bu haqda “Forbes” xabar berdi.

Iqtisodchilar xulosasiga ko‘ra, yangi jahon valyutasining paydo bo‘lishi dargumon. Bunday xulosaga kelishning sabablaridan biri sifatida ular mamlakatlar o‘rtasidagi ishonchsiz geosiyosiy vaziyatni ko‘rsatishdi.

Tadqiqotchilar fikricha, dollarning jahon zaxira valyutasi sifatidagi roli zaiflashishi mumkin, ammo ko‘p qutbli moliyaviy tizimda dollar ustunlik qiladi. Shuningdek, yagona jahon valyutasini yaratish yoki mavjud valyulatalar orasidan gegemon valyutaning paydo bo‘lish ehtimollari ham mavjud. Lekin bu ikkisi haqiqatdan ancha yiroq.

Iqtisodchilarning aytishicha, jahon valyutasini yaratish mamlakatlar o‘rtasida yuqori darajadagi siyosiy ittifoqni talab qiladi, bu esa hozirgi geosiyosiy vaziyatda uddalab bo‘lmas ish. Hisobot mualliflari, shuningdek, yaqin kelajakda mavjud valyutalarning birortasi ham dollar rolini o‘z zimmasiga olishi va xalqaro valyuta zaxiralarida xuddi shunday o‘rin egallashi mumkin emasligini tan oldi.

“Yevro va yuan dollar o‘rnini bosa olmaydi: Yevropa valyuta idoralari bunga intilmaydi, Xitoy valyutasi esa erkin konvertatsiya qilinmaydi. Dollar gegemonligini ko‘rsatuvchi omil uning jahon valyuta zaxiralaridagi ulushidir”, – deydi Shvetsariya banki tahlilchilari.

Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu zaxira ko‘rsatkichi 2015-yildan beri pasayib, 2022-yilning uchinchi choragida 59,8 foizni tashkil qilgan. Zaxiralarning qariyb 20 foizi yevro, 2,8 foizi yuan hisobiga to‘g‘ri keladi.

Mutaxassislar fikricha, vaqt o‘tishi bilan global moliya tizimi o‘zgaradi va ko‘p qutbli tizimga aylanadi. Milliy valyuta bilan savdoning ko‘payishi, mintaqaviy kapital bozorlari va sug‘urta mexanizmlarining rivojlanishi bunga yordam beradi. Rivojlanayotgan mamlakatlar markaziy banklari o‘z aktivlarini diversifikatsiya qilishni davom ettiradilar. Natijada, tahlilchilar prognoz qilganidek, dollarning zaxira valyuta sifatidagi roli pasayadi, lekin uning hukmronligi to‘xtamaydi.

“Expert RA” agentligining bosh iqtisodchisi Anton Tabax bozorlarning “balkanizatsiyasi” (parchalanishi) va mintaqaviy bloklarning shakllanishini ehtimolga yaqin variant deb atadi. Valyuta gegemonligiga yuan va rupiy, Afrikada esa yevro talabgorlik qilishi mumkin. Uning qo‘shimcha qilishicha, Britaniya funti dollarga o‘z o‘rnini bo‘shatishi uchun 20 yil va ikki jahon urushi kerak bo‘lgan.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *