O‘zbekistonning piyoz zaxirasi mavjudmi?

News media
Dolzarb:
Tashkent, Uzbekistan
Четверг, Июн 8, 2023
O‘zbekistonda ichki isteʼmol bozori narxini arzonlashtirish maqsadida 2023-yilning 1-yanvaridan 4 oyga piyoz eksportiga vaqtincha cheklov o‘rnatildi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Vazirlik hisob-kitoblariga ko‘ra, 2022-yilda respublika bo‘yicha 1,9 mln tonna piyoz hosili yetishtirilgan. Shundan 1,2 mln tonnasi aholi isteʼmoliga, 203 ming tonna eksportga, 93,2 ming tonna zaxiraga, 210 ming tonna umumiy ovqatlanish va qayta ishlash korxonalariga yo‘naltirildi. Tabiiy yo‘qotishlar esa 228 ming tonnani tashkil qildi.
“O‘z navbatida, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish tizimida uzilishlar yuzaga kelishi oqibatida, ayrim dehqon bozorlarida mahsulot narxiga taʼsir qildi Masalan, bugungi kunda respublika dehqon bozorlarini o‘rganganimizda, piyozning o‘rtacha chakana narxi 6 000-8 000 so‘m, ulgurji narxi o‘rtacha 5 500-6 500 so‘m ekanligi maʼlum bo‘ldi”,- deb yozadi Vazirlik.
Buning asosiy sababi sifatida esa respublikada joriy yilning 9-yanvaridan 17-yanvarigacha bo‘lgan keskin sovuq (o‘rtacha -13 darajadan -22 daraja) sababli, yoqilg‘i-energetika sohasida vujudga kelgan muammolar va mahsulotni tashish logistikasi tizimida yuzaga kelgan uzilishlarni ko‘rsatdi.
Shuningdek, keskin sovuq natijasida, dehqon bozorlarida ayrim ochiq rastalarda saqlangan piyoz mahsulotlari muzlab qolgan (muzlash harorati -5 daraja) hamda noqulay ob-havo sharoiti natijasida bozorga mahsulotni olib kelish hajmi pasaygan.
Xabarda keltirilishicha, jahonda kechayotgan geosiyosiy vaziyat va iqtisodiy munosabatlar zanjiridagi murakkabliklar natijasida, piyozning dunyo bozoridagi narxi sezilarli darajada oshganligini ko‘rish mumkin. Oqibatda, O‘zbekiston va MDHda piyoz narxi 2 barobarga o‘sgan. Jumladan, bugungi kunda Ukrainada 8 300 so‘m, Gruziyada 6 300 so‘m, Belarussiya, Polsha, Moldova va Tojikistonda 5 300-5 600 so‘mni tashkil etmoqda.
“Bugungi kunda, joylardagi zaxira qilingan piyoz маhsuloti holati o‘rganildi. Jumladan, hududlarda zaxira miqdori 87 ming tonna va aholi xonadonlarida 232 ming tonna, jami 319 ming tonna piyoz mahsuloti borligi viloyatlar tomonidan tasdiqlanmoqda. Bu esa, joylarda piyoz zaxirasi mavjudligini ko‘rsatmoqda”, – deydi vazirlik axborot xizmati.
Mutaxassislarning tahlillariga ko‘ra, aholining isteʼmol talabi doirasida mavjud zaxiraga qo‘shimcha 26,5 ming tonna piyoz kerakligini ko‘rsatmoqda. Ushbu mahsulotni import qilish bo‘yicha xorijiy davlatlardagi sohaviy hamkorlar bilan muzokaralar olib borilmoqda.
Xabarda, shuningdek, hozirgi kunda mamlakatda nafaqat piyozning balki, barcha asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining zaxirasi mavjudligi va o‘rnatilgan tartibda saqlanayotgani aytildi.