Braziliya va Argentina umumiy valyuta yaratishga qaror qildi

Braziliya va Argentina kelasi hafta umumiy valyutani e’lon qiladi. Kelajakda Lotin Amerikasidagi ikki yirik iqtisodiyotning yagona valyuta loyihasiga mintaqaning boshqa mamlakatlari ham taklif qilinadi. Yangi valyuta bloki dunyodagi ikkinchi yirik valyuta blokiga aylanishi mumkin. Bu haqda “Financial Times” xabar berdi.

Braziliyada asosiy valyuta real, Argentinada esa peso. Nashrning yozishicha, Braziliya sur (janubiy) deb nomlashni taklif qilayotgan yangi valyuta mintaqaviy savdoni rag‘batlantirishi va dollarga qaramlikni kamaytirishiga umid qilinmoqda.

“Financial Times” hisob-kitoblariga ko’ra, butun Lotin Amerikasini qamrab olgan valyuta ittifoqi global yalpi ichki mahsulotning taxminan 5 foizini tashkil qiladi. Dunyoning eng yirik valyuta ittifoqi − yevro hududi dollar hisobida jahon yalpi ichki mahsulotining taxminan 14 foizini tashkil qiladi. Biroq, uni yaratish uchun Yevropaga 35 yil kerak bo’ldi.

Rejalar Braziliya Prezidenti Lula da Silvaning yakshanba oqshomida Argentinaga tashrifi chog‘ida rasman e’lon qilinishi kutilmoqda.Ma’lumotlarga ko‘ra, Braziliya va Argentina so‘nggi bir necha yil davomida umumiy valyuta yaratish masalasini muhokama qilishgan, biroq Braziliya Markaziy bankining qarshiligi tufayli muzokaralar muvaffaqiyatsizlikka uchragan.

Braziliya va Argentina oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi oʻtgan yilning birinchi 11 oyida 26,4 milliard dollarga yetdi, bu 2021 yilning shu davriga nisbatan qariyb 21 foizga koʻp. Har ikki davlat ham MERCOSUR (Janubiy Amerika mamlakatlari umumiy bozori: Argentina, Braziliya, Urugvay, Paragvay va Venesuela) ning harakatlantiruvchi kuchi hisoblanadi.

“Financial Times” ma’lumotlariga ko‘ra, yangi valyuta yaratish zarurati yillik inflyatsiya 100 foizga yaqinlashayotgan va markaziy bank xarajatlarini moliyalashtirish uchun pul chop etayotgan Argentinada yaqqol namoyon bo‘ladi.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *