1991-yilgacha qurilgan uylarning fasad qismi bazalt bilan qoplanadi, “O‘zbekneftgaz”ga 5,7 trln so‘m ajratiladi – O‘zbekiston kelasi qishga qanday tayyorlanmoqchi?

Prezident topshirigʻiga asosan kecha Bosh vazir Abdulla Aripov raisligida Oʻzbekistonda davom etayotgan anomal sovuq havo sharoitida amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor boʻlib o‘tdi. Unda energetika tizimiga oid muammolar muhokama qilindi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Yig‘ilishda aytilishicha, bugungi kunda respublika boʻyicha jami 40 mingta koʻp qavatli uy-joy mavjud boʻlsa, shundan 31 mingga yaqini 1991-yilgacha qurilgan. Shu bois, ikki oy muddatda ushbu 31 mingta uylarning fasad qismini renovatsiya asosida bosqichma-bosqich bazalt qoplamaga oʻtkazish hamda muqobil energiya manbalaridan foydalangan holda issiq suv va elektr bilan taʼminlashni nazarda tutuvchi dastur loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritishi topshirildi.

Shu bilan birga, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi endilikda yangidan quriladigan koʻp qavatli uylar va ijtimoiy soha obyektlarining loyiha-smeta hujjatlariga energiya samaradorlik darajasi yuqori boʻlgan qurilish materiallari va jihozlardan foydalanishni majburiy tartibda kiritishi topshirildi.

Bu borada energiyatejamkor qurilish materiallari ishlab chiqarishni koʻpaytirishga ham eʼtibor qaratish kerakligi qayd etildi. Maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunda respublikamizda jami 13,2 ming tonna bazalt xom ashyosi ishlab chiqarilmoqda. Bu esa yillik ehtiyojning (5 mln m kv yoki 36 ming tonna) 30 foizini ham tashkil etmaydi.

Shu bois, “Oʻzsanoatqurilishbank” “Oʻzsanoqurilishmateriallari” uyushmasi bilan birgalikda ikki oy muddatda joylarda bazalt xom-ashyosi ishlab chiqarish loyihalarini koʻpaytirish boʻyicha alohida dastur tayyorlab, yil yakuniga qadar kamida 5 ming tonnalik quvvat yaratishi kerakligi taʼkidlandi.

“Oʻzeltexsanot” uyushmasi ham ikki oy muddatda transformatorlar, kabellar, quyosh panellari va suv isitish kollektorlarini ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish boʻyicha alohida dastur tayyorlab, Vazirlar Mahkamasiga kiritishi belgilandi.

Xabarda keltirilishicha, bugungi kunda jami tarmoqlarning qariyb 42 foizi, shundan elektr uzatish tarmoqlarining 39 foizi, podstansiyalarning 51 foizi hamda transformator punktlarining 35 foizi ishga tushgan muddatlari 40 yildan oshgan. Shu sababli 299 ta transformator, 124,7 km turli xil kabellar, 186 tonna transformator moyi yetkazib berish uchun tezkor ravishda qaror qabul qilib, ishlar boshlab yuborildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra yig’ilishda:

  • “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ 2023-yilda 817 km magistral, 11 ming km past kuchlanishli tarmoqlari va 2 ming 840 ta transformator punktlarini yangilash, magistral podstansiyalarning quvvatlarini qoʻshimcha 1 ming 325 Mega volt amperga oshirilishini taʼminlash;
  • “Oʻztransgaz” AJ 2023-yilda 86 ta gaz haydash agregatlarini hamda 10 ta gaz turbinali dvigatellarni kapital taʼmirlash;
  • “Hududgaztaʼminot” AJ 2023-yilda 151 km gaz quvurlarini mukammal taʼmirlash, 114 ta elektrkimyo himoya qurilmalarini modernizatsiya qilish, 2,5 mingta gaz taqsimlash punktlarini yangilash ishlarini amalga oshirish topshirilgan.

Keltirilgan hisob-kitoblarga koʻra, 2023-yilda tabiiy gaz qazib olish hajmini 56,3 mlrd kub metrga yetkazib (2022-yilda 51,7 mlrd kub metr), oʻtgan yilga nisbatan 4,6 milliard kub metrga oshirish imkoniyati bor. Shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya joriy etish va energiya samaradorligini oshirish xisobiga 1,6 milliard kub metr gaz iqtisod qilish  mumkin.

“Oʻzbekneftgaz” AJ joriy yilda tabiiy gaz qazib chiqarish hajmini 32,8 mlrd kub metrga yetkazish uchun qiymati 5,7 trillion soʻmga teng 744 ta geologik-texnik tadbirlarni amalga oshirishi zarurligi qayd etildi.

Gidrometeorologiya xizmati agentligi tomonidan, 23-27-yanvar kunlari respublikaning aksariyat hududlariga nisbatan sovuq xavo massasi kirib kelishi va buning natijasida havo harorati joylarda kechasi -5…-18 daraja sovushi bashorat qilinmoqda.

One Reply to “1991-yilgacha qurilgan uylarning fasad qismi bazalt bilan qoplanadi, “O‘zbekneftgaz”ga 5,7 trln so‘m ajratiladi – O‘zbekiston kelasi qishga qanday tayyorlanmoqchi?”

  1. I may need your help. I tried many ways but couldn’t solve it, but after reading your article, I think you have a way to help me. I’m looking forward for your reply. Thanks.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *