300 dollardan 1000 dollargacha — Poytaxtda uy ijarasi narxlari boʻyicha vaziyat qanday?

News media
Dolzarb:
Tashkent, Uzbekistan
Shanba, Sen 30, 2023
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari dekabr oyida Toshkent shahrida xonadonlar uchun taklif etilayotgan ijara narxlaridagi oʻzgarishlarni tahlil qildi.
Natijalar xonadonlar uchun oʻrtacha ijara narxi noyabr oyidagiga nisbatan oshgani, lekin oshish surʼati sekinlashganini koʻrsatdi. Xususan, noyabrda narxlar oktyabr oyidagiga qaraganda 4,4% ga tushgan, ammo dekabrda 3,5% ga oshgan.
Ijara narxlari Shayxontohur (10,6%), Mirobod (3,5%), Yunusobod (3,3%), tumanlarida oshgan. Boshqa tumanlarda esa pasayish kuzatilgan.
“Oybek”, “Toshkent”, “Minor”, “Buyuk ipak yoʻli” metro bekatlari atrofida va Nukus koʻchasi boʻylab joylashgan, yaxshi taʼmirlangan xonadonlar uchun 1000 AQSh dollaridan yuqori ijara narxlari taklif qilinmoqda. Chilonzor va Yunusobod tumanlarida ijara narxlari nisbatan pastroq, aniqrogʻi taʼmirlangan xonadonlar uchun asosan 400-600 dollar atrofida ijara narxlari taklif etilmoqda.
Oʻrtacha taʼmirlangan xonadonlar taklifi nisbatan kamroq boʻlib, ular asosan Chilonzor va Yunusobod tumanlarida, shuningdek, Mirzo Ulugʻbek shoh koʻchasi boʻylab taklif etilmoqda. Bu yerdagi xonadonlarning ijara narxi asosan 300-800 AQSh dollarini tashkil etadi.
Taʼkidlash kerakki, ijaraga beriladigan qimmat segmentdagi xonadonlar odatda vaqtinchalik ishlash maqsadida kelayotgan chet el fuqarolariga taklif etilayapti va ular qulay infratuzilmaga ega, transport qatnovi yaxshi hamda oziq-ovqat doʻkonlari yaqin boʻlgan hududlarda joylashgan.
Nisbatan arzon segmentdagi xonadonlarning koʻp emasligi va asosan ikkita tumanda taklif etilayotgani ijara bozorini rivojlantirish zarurati borligini yana bir bor koʻrsatadi.