O‘zbekiston “Gazprom” bilan hamkorlik masalasida “Yo‘l xaritasi” imzoladi

News media
Dolzarb:
Tashkent, Uzbekistan
Суббота, Июн 3, 2023
“Gazprom” rahbari Aleksey Miller va O‘zbekiston Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamaxmudov o‘rtasida ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda hamkorlik boʻyicha “Yoʻl xaritasi” imzolandi. Bu haqda “Gazprom” xabar berdi.
Gazeta.uz jurnalisti Shuhrat Latipov shaxsiy blogida yozishicha, imzolash Sankt-Peterburgda boʻlib oʻtgan, oʻtgan haftada Qozogʻiston Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari Roman Sklyar ham xuddi shunday hujjat imzolagan. Shartnoma tafsilotlari esa oshkor qilinmayapti, “Gazprom” va O‘zbekiston Energetika vazirligiga soʻrov hozircha javobsiz qoldi.
“Bundan avval Rossiya O‘zbekistonga “uch tomonlama ittifoq” tuzish boʻyicha taklif ilgari surgan. Rossiyaning asosiy sharti Oʻzbekiston gaz uzatish tizimini bozor qiymatida “Gazprom”ga oʻtkazish edi. Xuddi shunday talab “Qozoqgaz” milliy kompaniyasi tomonidan ham ilgari surilgan, lekin ular bunday shartlarga rozi boʻlmagan”, – deb yozadi jurnalist Shuhrat Latipov.
Rossiya tomoni ilgari surgan ikkinchi shart – Xitoyga gaz eksport qilish huquqidan voz kechish edi. Yaʼni, “Gazprom” Oʻzbekistonning “UzGasTrade” kompaniyasi oʻrniga shartnoma tarafi boʻlishni taklif qilgan. Manbalarning xabar berishicha, dekabr oyidagi ikki tomonlama muzokaralar natijasida Rossiya tomoni bu shartlarni olib tashlagan.
Taxminlarga koʻra, yangi shartnoma bo‘yicha kompaniyalar birlashtirilishi va “Gazprom” yoki uning sho‘ba korxonasi boshqaruviga oʻtkazilishi mumkin.