O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida 50 dan ortiq iqtisodiy kelishuv hujjatlari imzolandi

26-yanvar kuni O‘zbekiston Prezidentining Qirg‘izistonga davlat tashrifi arafasida Bishkek shahrida “Qirg‘iziston – O‘zbekiston” biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakat hukumatlari aʼzolari, tegishli vazirlik, idoralar, tarmoq birlashmalari, hududiy maʼmuriyatlar rahbarlari, ishbilarmon doiralarining 350 dan ortiq vakillari ishtirok etdi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, so‘nggi besh yil ichida O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 7 barobarga oshib, 2022-yilda 1,2 milliard dollarni tashkil etgan. 2016-yilga nisbatan qo‘shma korxonalar soni 8 barobarga oshib, 320 taga yetgan.

Forum davomida, Andijon va O‘sh, Namangan va Jalolobod, Farg‘ona va Botken viloyatlari o‘rtasida qardoshlik munosabatlari o‘rnatilgani tufayli keyingi 3 yil ichida hududlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi ikki baravar oshgani aytildi.

Ta’kidlanishicha, har ikki davlat iqtisodiyoti yaqin kelajakda 2 milliard dollarlik marradan oshish uchun yetarli salohiyatga ega. Bunga sement, koʻmir, rangli metalllar, qishloq xoʻjaligi va toʻqimachilik mahsulotlari, kimyoviy o’g’itlar, maishiy va savdo uskunalari, farmatsevtika mahsulotlari oʻzaro yetkazib berishni koʻpaytirish evaziga erishish mumkin.

Bundan tashqari, qo’shni mamlakatlar iqtisodiyoti bir-birini to‘ldirishi tamoyili asosida temir, kaolin, travertin, bazalt konlarini o‘zlashtirish va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan yirik loyihalar ishlab chiqmoqda.

Qishloq xo‘jaligi sohasida intensiv bog‘lar va zamonaviy issiqxonalarni rivojlantirish, birgalikda kartoshka, makkajo‘xori va go‘sht yetishtirish, qo‘shma chorvachilik komplekslarini yaratish ko’zda tutilmoqda. O‘zaro ishbilarmonlik missiyalari, koʻrgazma va forumlar oʻtkazish, ikki mamlakat hududlarining turizm salohiyatini roʻyobga chiqarish boʻyicha ishlar davom ettiriladi.

O‘tgan yilning sentabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan ShHT sammitida “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish loyihasi Markaziy Osiyo mintaqasida anʼanaviy tranzit yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilish va yuk tashish hajmlarini oshirish imkonini berishi aytildi.

Tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish, ikki davlat tadbirkorlarining doimiy hamkorligi uchun shart-sharoit yaratish maqsadida maxsus onlayn platforma ishlab chiqiladi. Uning yordamida ishbilarmon doiralar vakillari savdo shartnomalarini tuzishlari, tayyor sanoat kooperatsiyasi loyihalari va biznes hamkorlar tanlashlari mumkin bo‘ladi.

Forum yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida umumiy qiymati 1,6 miliard dollar boʻlgan jami 50 dan ortiq hujjat − 300,3 million dollarlik investitsiya, 1155,6 million dollarlik eksport, 223 million dollarlik import shartnomalari imzolandi.

Xabarda ko‘rsatilgan asosiy hujjatlar quyidagilar:

  • Agrosanoat kompleksi sohasida hamkorlik boʻyicha ikki mamlakat qishloq xoʻjaligi vazirlari tomonidan imzolangan “Yoʻl xaritasi»;
  • Jalolobod viloyatida toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim;
  • Teri ishlab chiqarish va qayta ishlash sohasida hamkorlik qilish, shuningdek, Norin viloyatida kartoshka yetishtirish boʻyicha qishloq xoʻjaligi sinfini tashkil etish toʻgʻrisida kelishuv;
  • Kartoshka yetishtirish boʻyicha agrosinf va chorvachilik kompleksini yaratish boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim;
  • “Qirgʻiziston Respublikasida karbid va kalsiy ishlab chiqarish majmuasini qurish” investitsiya loyihasi doirasida qoʻshma hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim. Shartnoma summasi 20 million dollar;
  • Qirgʻiziston Respublikasining makkajoʻxori donini Oʻzbekistonga yetkazib berish boʻyicha kelishuv. Shartnoma summasi 100 million dollar;
  • Qirgʻiziston Respublikasida elektr energiyasini hisobga olish va qurilmalarni yigʻishni tashkil etish boʻyicha oʻzaro anglashuv va hamkorlik memorandumi;
  • Bazalt toshini qayta ishlash zavodini ishlab chiqarish boʻyicha memorandum;
  • Oʻzbekiston kompaniyalari mahsulotlarini Qirgʻiziston Respublikasida sotish boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim;
  • Qirgʻizistondan Oʻzbekistonga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetkazib berish boʻyicha shartnoma.

 

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *