Tashqi qarz evaziga qurilgan shina zavodi 2 barobar arzonga sotildi

Angren shina zavodi “Tatneft”ga 826 mln soʻm emas, 826 mlrd soʻmga sotilgan. Bu – bitim imzolangan kundagi kurs boʻyicha 73,2 mln dollar demakdir. Vaholanki, bu zavodni qurish uchun 2017-yilda Xitoydan 156,4 mln dollar qarz olingandi.

2023-yil 20-yanvar kuni “Oʻzkimyosanoat” AJ “Birinchi rezinotexnika zavodi” MCHJ (xalq tilida Angren shina zavodi) 100 foiz ulushini Rossiyaning “Tatneft” kompaniyasiga 826,57 milliard soʻmga sotish boʻyicha shartnoma tuzdi.

Avvaliga korporativ axborotlar portalida bitim summasi 826 million soʻm deb koʻrsatilgandi. 26-yanvarda kunning ikkinchi yarmida portaldagi bu maʼlumot oʻchirilib, bitim qiymati 826 mlrd soʻm deb koʻrsatilgan boshqa maʼlumot joylandi.

826 573 075 200 soʻm – Markaziy bankning 20-yanvardagi kursi boʻyicha 73 mln 245 ming 288 dollarni tashkil etadi. Qayd etish lozim, zavod 2017-yilda Xitoyning Eksimbankidan olingan 156,4 mln dollar qarz hisobiga qurilgan edi.

Kompaniyaning ustav kapitali 658 mlrd soʻmni tashkil qiladi. Shuningdek, uning sof aktivlari qiymati bitim tuzilishidan oldingi oxirgi chorakda 2,3 trln soʻm boʻlgan.

2022-yil 2-dekabrda Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston-Rossiya biznes forumi doirasida “Oʻzkimyosanoat” va “Tatneft” oʻrtasida “Birinchi rezinotexnika zavodi” MCHJning 100 foiz ulushini sotish va sotib olish toʻgʻrisidagi shartnoma imzolangandi. Oʻsha paytda bitim narxi ochiqlanmagan edi.

Birinchi rezinotexnika zavodi

“Birinchi rezinotexnika zavodi” qurilishi 2017-yilda boshlangan edi. 2018-yil iyul oyidan zavodda ishlab chiqarish jarayoni boshlangan.

Zavod 30 gektar maydonda joylashgan boʻlib, uni qurishdan asosiy maqsad birinchi bosqichda yengil avtomobillar uchun shinalar ishlab chiqarish boʻlsa, ikkinchi bosqichda konveyer tasmalari va qishloq xoʻjaligi texnikalari uchun shinalar ishlab chiqarilishi koʻzda tutilgan edi. Bu loyihaning mahalliy tashabbuskori “Oʻzkimyosanoat” AJ hisoblanadi.

Zavodga 2019-yil avgustida bosh vazirning sobiq oʻrinbosari, Toshkent viloyatining sobiq hokimi Gʻulomjon Ibragimov bosh direktor etib tayinlangandi.

Umuman olganda, zavod chetdan qarz olib qurilgan, keyin yana chetdan qarz olib pandemiya davrida qoʻllab-quvvatlangan edi. Mahalliy ishlab chiqaruvchiga oson boʻlsin deb shina importiga boj joriy qilingandi. Ammo 2021-yilda korxona samarasiz ishlab kelgani ayon boʻlgandi.

Oʻshanda Qonunchilik palatasi vitse-spikeri Alisher Qodirov 156,4 mln dollar tashqi qarz evaziga qurilgan Angren shina zavodi atigi 15 foiz quvvatda ishlayotganini aytgandi. “Omborida 100 mingta shina sotilmay turibdi, sababi doimgidek – sifat talabiga javob bermaydi”, degandi u Hisob palatasi maʼlumotlariga asoslanib.

Zavod xususiylashtirilganidan keyin unga berilgan yengilliklar bekor qilinishi yoki yoʻqligi maʼlum emas.

Tatneft

“Tatneft” – neft va gaz qazib olish, neftni qayta ishlash, neft kimyosi, yoqilgʻi quyish shoxobchalari tarmogʻi, kompozit klaster, elektroenergetika sanoati, neft va gaz sanoati uchun uskunalarni ishlab ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish bilan shugʻullanuvchi Tatariston (Rossiya) neft kompaniyasi.

Asosiy aktivlari Rossiya Federatsiyasi hududida joylashgan, biznes loyihalarni ichki va tashqi bozorlarda amalga oshiradi.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *