Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti O‘zbekiston bank tizimini tahlil qildi

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari Herfindal-Hirshman indeksi (HHI) ma’lumotlari asosida O’zbekiston bank tizimida raqobat darajasini tahlil qildi. Bu haqda institut axborot xizmati xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, Herfindal-Hirshman indeksi bozor kontsentratsiyasining umumqabul qilingan o’lchovi va bozor raqobatbardoshligini aniqlash uchun ishlatiladi. HHI 1500 dan past bo’lgan bozor raqobatbardosh bozor hisoblanadi, HHI 1500 dan 2500 gacha bo’lgan bozor o’rtacha konsentratsiyalangan va HHI 2500 yoki undan yuqori bo’lgan bozor yuqori darajada konsentratsiyalangan.

Tahlilga ko‘ra, so‘nggi 5 yilda O‘zbekiston bank tizimida raqobat aktivlar bo’yicha ham, kreditlar bo’yicha ham, depozitlar bo‘yicha ham ortib bormoqda. 2018-yil 1-yanvar holatiga aktivlar bo‘yicha HHI indeksi 1520 bo’lgan bo‘lsa, 2022-yil 1-dekabr holatiga 1016 gacha pasaydi. Kreditlar bo’yicha ushbu ko’rsatkich 1709 dan 1082 gacha tushgan.

“Depozitlar bozorida bozor iqtisodiyoti tamoyillariga asosan faoliyat olib borilishi sababli banklar o’rtasida depozitlar uchun kuchli kurash mavjud va bu kurash yildan yilga ortib bormoqda. Ushbu tendensiya depozitlar bo’yicha HHI indeksining 919 dan 852 gacha tushganida ham yaqqol namoyon bo’lmoqda”, – deyiladi xabarda.

Aktivlar bo’yicha

Davlat ulushi mavjud eng yirik top-5 banklarning (O’zmilliy bank, Sanoatqurilishbank, Asaka bank, Ipoteka bank, Agrobank) bank tizimi aktivlaridagi ulushi 70,9 foizdan 60,5 foizgacha kamaydi. Davlat ulushi mavjud boshqa banklar ulushi 11 foizdan 18 foizgacha oshgan bo’lsa, xususiy banklar ulushi 18,1 foizdan 21,5 foizgacha ko‘paygan. 2025-yilga borib, bank tizimi aktivlarining umumiy hajmida davlat ulushi bo‘lmagan banklar aktivlari ulushini 60 foizgacha oshirish rejalashtirilgan.

Mazkur davrda bank tizimiga Tenge bank, TBC bank, Anor bank, Uzum (Apelsin) bank va Poytaxt bank kirib keldi. Ushbu banklarning jami aktivlardagi ulushi 1,8 foizga yetgani aytildi.

Kreditlar

Top-5 banklarning jami kredit portfelidagi ulushi 77 foizdan 64 foizgacha kamaydi. Xususiy banklar ulushi 11,6 foizdan 16.6 foizgacha ko’paygan bo‘lsa, davlat ulushi mavjud boshqa banklar ulushi 19 foizga yetdi. Xususiy banklardan Kapital bank, Hamkor bank, Ipak yo‘li bank tijorat kreditlari bozorida davlat ulushi mavjud banklar uchun ham, boshqa xususiy banklar uchun ham jiddiy raqobatchiga aylandi.

Kapital bankning jami kredit portfelidagi ulushi 1,2 foiz foizdan 3,8 foizgacha oshgan bo‘lsa, Ipak yo’li banki ulushi 1,8 foizdan 2,1 foizgacha ko’paygan. Hamkor bank esa bozordagi 3 foizlik ulushini saqlab kelmoqda.

Depozitlar

2018-yilning boshida top-5 banklar bank tizimidagi jami depozitlarning 51,2 foizga egalik qilgan bo’lsa, 2022 yil 1 dekabr holatiga kelib ularning ulushi 46,9 foizgacha qisqardi. Xususiy banklar tomonidan jalb qilingan depozitlar ulushi 34,1 foizdan 36,4 foizgacha ko’paydi. Davlat ulushi mavjud boshqa banklarning depozit bozoridagi ulushi 2 foiz bandga – 14,7 foizdan 16,7 foizgacha oshdi.

Depozitlar bozorida davlat ulushi mavjud banklar va xususiy banklar o‘rtasidagi raqobatdan ko‘ra xususiy banklar o‘rtasidagi o‘zaro raqobat kuchliroq hisoblanadi. O‘zKDB bankning ushbu bozordagi ulushi 8,6 foizdan 3,6 foizgacha kamaygan bo‘lsa, Kapital bank o‘z ulushini 4,8 foizdan 10,9 foizga yetkazib oldi. Hamkor bank depozitlari ulushi 5,5 foizdan 3 foizgacha kamaydi.

Depozitlar uchun raqobatning kuchayishi muddatli depozitlar bo‘yicha foiz stavkalarining jozibadorligida ham o‘z aksini topadi. Masalan, 2017-yilning aprel oyida yuridik shaxslar muddatli depozitlari bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 5,8 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2017-yilning dekabr oyiga kelib 12,1 foizgacha ko‘tarildi. 2022-yilning dekabr oyida esa 16,9 foizga yetdi. Jismoniy shaxslarning muddatli depozitlari bo‘yicha o‘rtacha stavka esa so‘nggi 2 yilda 20 foizni tashkil etib kelmoqda.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *