Oʻzbekiston Rossiyadan AI-80 benzinini import qilishni boshladi

News media
Dolzarb:
Tashkent, Uzbekistan
Четверг, Июн 8, 2023
Oʻzbekistondagi AYOQShlarda Rossiyaning AI-80 benzini paydo boʻldi. Rossiya kompaniyalari bilan 50 ming tonna, tadbirkorlik subyektlari tomonidan 5 ming tonna AI-80 rusumidagi avtobenzin importi boʻyicha shartnomalar tuzilgan. Bu haqda “Oʻzbekneftgaz” bergan ma’lumotga tayanib Kun.uz yozmoqda.
Xabar berilishicha, hozirda import benzin narxi 6000-6200 soʻmni tashkil qiladi. Oʻzbekistondagi Uzgazoil benzin quyish shoxobchalarida Rossiyadan import qilingan AI-80 benzini sotilmoqda.
“Oʻzbekneftgaz” 2023-yilning 1-martiga qadar import qilinadigan, mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan va tadbirkorlik subyektlari tomonidan yakuniy isteʼmolchilarga sotiladigan AI-80 rusumli avtobenzin mahsuloti uchun, istisno tariqasida, aksiz soligʻini “nol” stavkada qoʻllash belgilanganini ma’lum qildi.
“Respublika hududida 2022-yil dekabr va 2023-yil yanvar oyida ob-havo harorati keskin sovib ketgani hamda avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari faoliyatiga cheklovlar joriy etilgani aholining AI-80 rusumli avtobenzinga boʻlgan talabi taklifga nisbatan keskin oshishiga sabab boʻldi. Bu esa oʻz navbatida, avtomobillarga yonilgʻi quyish shoxobchalarida taqchillik hamda tirbandliklarni vujudga keltirdi. “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va aholisi ehtiyojlarini sifatli va arzon narxlarda avtobenzin bilan taʼminlash maqsadida, tasarrufdagi Buxoro neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarilayotgan mahalliy mahsulot bilan bir qatorda, tayyor mahsulotlarni import qilish yoʻlga qoʻyildi”, – deydi “O’zbekneftgaz”
Maʼlumotlarga ko’ra, joriy yil yanvar oyida “Oʻzbekneftgaz” AJ hamda Rossiyaning “Gazprom” OAJ, “Татнефть” OAJ “ОРСКНЕФТЕОРГСИНТ” OAJ kabi kompaniyalari bilan 50 ming tonna, tadbirkorlik subyektlari tomonidan 5 ming tonna AI-80 rusumidagi avtobenzini importi boʻyicha shartnomalar tuzildi va bugungi kunda respublika hududiga yetkazib kelish va ichki bozorga sotish choralari koʻrilmoqda.
Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, mahsulotni respublika hududiga temiryoʻl transporti orqali yetkazib berish va boshqa xarajatlarni inobatga olgan holda, tovar xomashyo birjasida sotish uchun qoʻyiladigan boshlangʻich narxi bir tonnasi uchun 7 084 ming soʻmni, AYOQSharda isteʼmolchilarga sotiladigan yakuniy narxi esa bir litri uchun 6 000-6 200 soʻmni tashkil etmoqda.
Shuningdek, “Oʻzbekneftgaz” tasarrufidagi “Buxoro NQIZ” MChJda AI-80 rusumli avtobenzini ishlab chiqarish quvvatlaridan 130-140 foiz (kunlik avtobenzin ishlab chiqarish hajmi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 2 750 tonnadan 3 300 tonnaga oshirilgan) darajada foydalanilayotgani aytildi.