2022-yilda O‘zbekistonda nominal hioblangan o‘rtacha ish haqi o‘sdi

News media
Dolzarb:
Tashkent, Uzbekistan
Среда, Июн 7, 2023
O‘zbekistonda nominal hisoblangan o‘rtacha oylik ish haqi 2022-yilda 21,1 foizga o‘sib, 3 892 ming so‘mga yetdi. Bu haqda Statistika qo‘mitasi ma’lumot berdi.
Xabarga ko‘ra, hududlar bo‘yicha eng yuqori o‘rtacha ish haqi 28, 2 foizlik o‘sish bilan Toshkent shahrida saqlanib qoldi. Poytaxtda o‘rtacha nominal oylik ish haqi 6,3 million so‘m. Undan keyingi o‘rinlarni 11,9 foizlik o‘sish va 5,12 million so‘m bilan Navoiy, 14,5 foizlik o‘sish, 3,94 million so‘mlik ish haqi bilan Toshkent viloyatlari egallagan.
Eng past ko‘rsatkich Samarqand (2,94 million so‘m, 21,7 foiz), Farg‘ona (2,9 million so‘m, 18,8foiz), Namangan (2,92 mln so‘m, 20,6 foiz) va Surxondaryo viloyatlariga (2,95 mln so‘m, 22 foiz) to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, O‘zbekistonda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga 2022-yil 1-iyundan o‘zgartirish kiritildi hamda 920 ming so‘m etib belgilandi. 2021-yil 9-sentabrda esa mehnatga to‘lanadigan eng kam ish haqi 747 ming so‘mdan 822 ming so‘mga oshirilgandi.
Faoliyat turlari bo‘yicha eng yuqori o‘rtacha ish haqi bank, sug‘urta, lizing va kredit vositachilik sohalariga to‘g‘ri kelib, 10,8 million so‘mni tashkil etdi. Axborot va aloqa sohasi 7,55 million so‘m, tashish va saqlash sohasi 5 079 ming so‘m, sanoat sohasi 4 920 ming so‘m oylik ish haqi oladi. Eng past o‘rtacha oylik ish haqi sog‘liqni saqlash (2,61 million so‘m) va ta’lim (2,69 million so‘m) sohalariga to‘g‘ri keladi.
Savdo sohasida o‘rtacha ish haqi 3,94 million so‘mgachani tashkil etgan. Eng yuqori o‘rtacha oylik ish haqi Toshkent shahrida kuzatildi (4,68 million so‘m). Bu boradagi eng yuqori ko‘rsatkich oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, ichimliklar va tamaki ulgurji savdosida (5,47 million so‘m), eng past ko‘rsatkich chakana savdoda (avtomobil va mototsikllar savdosidan tashqari) 3,65 million so‘mni tashkil etdi.
Axborot va aloqa sohasida eng yuqori ish haqi kompyuter dasturlash sohasida kuzatilmoqda (13,95 million so‘m), bu ko‘rsatkich 2020-yildan buyon jadal o‘sib bormoqda. Toshkent shahridagi mutaxassislar sohada eng ko‘p daromad oluvchilar hisoblanadi (9,14 million so‘m).
Sanoat sohasida Navoiy viloyatidagi xodimlar, transport sohasida Xorazm viloyatidagi xodimlar, qurilish, ko‘ngil ochish va dam olish sohalarida Toshkent viloyatlaridagi xodimlar eng ko‘p maosh oladi. Boshqa tarmoqlarda ham Toshkent yetakchilik qilmoqda.