Osiyoning eng boy odami kompaniyalari qiymatini 3 kun ichida 68 milliard dollarga yo‘qotdi

30-yanvar, dushanba kuni Hindiston sanoat konglomerati Adani Group aksiyalari narxi tushishda davom etdi. “Bloomberg” hisob-kitoblariga ko‘ra, uch kunlik yirik savdolardan so‘ng, Osiyoning eng boy odami hindistonlik milliarder Gautam Adani boshchiligidagi hind xolding kompaniyasining umumiy kapitallashuvi deyarli 68 milliard dollarga kamaydi.

Bunga 24-yanvar kuni Amerika tadqiqot kompaniyasi “Hindenburg Research” Adani Group’ni ko‘plab moliyaviy qonunbuzarliklarda ayblagan hisobot nashr etgani sabab bo’ldi. Hisobot aksiyalarni manipulyatsiya qilish va buxgalteriya hisobidagi qoidabuzarliklar bo‘yicha ikki yillik tekshiruv natijasi ekani aytildi. Shundan so‘ng aksiyalar sotuvi boshlandi.

Adani Group’ning ta’kidlashicha, “Hindenburg” tadqiqot hisoboti “ataylab uyushtirilgan noto‘g‘ri ma’lumotlar. Ular Hindistonning eng yuqori sudlari tomonidan ko‘rib chiqilib rad etilgan, eskirgan, asossiz da’volarning kombinatsiyasi”. Adani o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun Nyu-York kompaniyasiga qarshi qonuniy choralar ko‘rish imkoniyatlarini o‘rganmoqda.

Yakshanba kuni Adani Group barcha mahalliy qonunlarga rioya qilishini va bunga oid hamma ma’lumotlarni taqdim etishini aytdi. Kompaniya AQShning  hisobotiga 413 betlik raddiya e’lon qildi. Xususan, kompaniya “Hindenburg Research” tomonidan berilgan 88 savolning 65 tasiga Adani kompaniyalari o‘z veb-saytlarida mavjud bo‘lgan yillik hisobotlarda javob berganligini ta’kidladi. Qolgan 23 ta da’voning 18 tasi ommaviy aksiyadorlar va uchinchi shaxslarga (Adanining portfel kompaniyalariga emas), qolgan beshtasi tasdiqlanmagan faktlarga oid asossiz da’volar ekani aytildi.

30-yanvar, dushanba kuni Hindiston Milliy fond birjasida (NSE) Adani Group’ga tegishli “Adani Transmission” aksiyalari 15,2 foizga, “Adani Total Gas” – 20 foizga, “Adani Green Energy” – 20 foizga, “Adani Power” – 5 foizga, “Vilmar” – 5 foizga arzonlashdi. Adani Group bosh qarorgohi Ahmadobodda joylashgan Hindiston konglomeratidir. U ko‘mir qazib olish, energetika, qayta tiklanadigan energiya, aeroport sohasida faoliyat yurituvchi kompaniyalar guruhini boshqaradi.

Adani konglomeratini tashkil etuvchi kompaniyalarning aksiyalari o‘tgan yili nafaqat Hindiston bozorida, balki MSCI Osiyo-Tinch okeani mintaqasi indeksida ham yetakchilar qatorida edi. Uning kapitallashuv pasayishi tufayli hindistonlik milliarder Gautam Adanining boyligi bir kunda 20,8 milliard dollarga qisqardi, deb hisoblaydi “Bloomberg”.

2023-yil boshidan buyon Adani Group asoschisining yo‘qotishlari allaqachon 27,9 milliard dollarga yetgan. 2022-yil oxirida Gautam Adani Bernard Arno va Ilon Maskdan keyin dunyoning uchinchi eng boy odami edi. 30-yanvar holatiga ko‘ra, u milliarderlar reytingida yettinchi o‘ringa tushib ketdi.

 

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *