2023-yilda ipoteka kreditlari uchun 1 trln. soʻm subsidiya ajratiladi

News media
Dolzarb:
Tashkent, Uzbekistan
Четверг, Июн 8, 2023
Loyihaga koʻra, 26 ming nafar fuqaroga bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari, shuningdek, 11 ming nafar fuqaroga boshlangʻich badal va foiz toʻlovlarining bir qismini qoplash maqsadida subsidiya ajratish uchun davlat byudjetidan yetarlicha mablagʻ yoʻnaltiriladi.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi 2023 yilgi davlat dasturiga oid Prezident farmoni loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun eʼlon qildi. Unga koʻra, 2023 yilda aholiga ipoteka kreditlari doirasida boshlangʻich badal va foiz toʻlovlarining bir qismini qoplashga 1 trillion soʻm subsidiya ajratiladi. Unga koʻra, joriy yilda 26 ming nafar fuqaroga bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari, 11 ming nafar fuqaroga esa boshlangʻich badal va foiz toʻlovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratilishi mo’ljallangan.
Muhokamaga qoʻyilgan 2023 yilgi davlat dasturiga muvofiq, ushbu yilda 53 ta “Yangi Oʻzbekiston” massivlari va 161 ta boshqa hududlarda, xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan yangi uy-joylar qurishning yillik hajmlari 2 barobarga oshirilib, 90 mingga yetkaziladi. 2022-yilda 44 ming xonadon qurilib, foydalanishga topshirilgan. Rejaga muvofiq 2023-yilda quriladigan xonadonlar soni oʻtgan yilga nisbatan yanada koʻpayadi.
Aholini bozor tamoyillari asosida ipoteka kreditlari orqali uy-joy bilan taʼminlashning yangi tartibi doirasida uy-joyga ega boʻlmagan fuqarolar uchun Toshkent viloyatida tajriba-sinov tariqasida “Mening birinchi uyim” dasturi ishlab chiqilib, yoʻlga qoʻyilishi ko’zlanyapti.
Shu bilan birga, xalqaro va mahalliy fond birjalarida “Oʻzbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” AJ ning ipoteka obligatsiyalarini chiqarish va joylashtirish hisobiga kompaniyaning ustav fondi 100 million dollar ekvivalentiga yetkaziladi. Bunda, obligatsiya mablagʻlari ipoteka kreditlari uchun resurs sifatida banklarga joylashtiriladi. Natijada aholiga qoʻshimcha 3 mingta ipoteka kreditlari ajratiladi.