Toshkentdagi sovuqdan jabr ko’rgan yo‘llarni ta’mirlashga qariyb 600 mlrd. so’m foizsiz kredit ajratiladi

News media
Dolzarb:
Tashkent, Uzbekistan
Среда, Июн 7, 2023
Toshkent shahar hokimligi kredit mablag‘lari hisobidan poytaxtning har bir mahallasiga qo‘shimcha 1 mlrd. so‘mdan mablag‘ yo’naltiradi.
O‘zbekiston Prezidentining qarori bilan Toshkent shahar hokimligiga joriy yilgi qish mavsumida g‘ayritabiiy sovuqdan eng ko‘p jabr ko‘rgan shahar mikrorayonlaridagi yo‘llar, piyodalar yo‘laklari va muhandislik inshootlarini ta’mirlash uchun 584 milliard so‘m kredit ajratiladi.
Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobidan ajratiladigan mablag’ Toshkent shahri mahallalarining infratuzilmasini rivojlantirish, havo harorati keskin sovib ketishi davrida talofat ko‘rgan mahallalardagi ichki yo‘llar, piyodalar yo‘laklari, muhandislik-kommunikatsiya obyektlarini ta’mirlash maqsadida ishlatiladi.
Mazkur kredit mablag‘larining 200 milliard so‘mi 2023-yilning IV choragida, 384 milliard so‘mi 2024-yilning har choragida teng ulushlarda Toshkent shahar mahalliy budjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan Jamg‘armaga qaytariladi.
Qarorga ko‘ra, Toshkent shahar hokimligi ushbu kredit mablag‘lari hisobidan Toshkent shahrining har bir mahallasiga qo‘shimcha 1 mlrd. so‘mdan mablag‘ yo’naltiradi. Poytaxtning tuman hokimliklari mahalla raislari bilan birgalikda mahallalarning infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshiriladigan loyihalarning ro‘yxatini xalq deputatlari tuman kengashlarida muhokama qilib, tasdiqlashlari kerak.
Eslatib o’tamiz, 2023-yil yanvarida anomal sovuq tufayli poytaxtning ayrim hududlari aholisi gaz va elektr-energiyasisiz ham qolgan edi.