Toshkentdagi darz ketgan “novastroyka” haqidagi xabardan so’ng, uyni qurgan “tadbirkor”larga jinoyat ishi qo’zg’atildi

Ijtimoiy tarmoqlarda “Dahshat! Mana 1 yilga qolmasdan qurilgan yangi “novastroyka”larimizni ahvoli” nomli xabardan so’ng, “Quyun” MChJ rahbarlariga jazo tayinlandi.

Ijtimoiy tarmoqda muhokamalarga sababchi bo’lgan xabarda Toshkent shahri Mirzo Ulugʻbek tumanida yangi qurilgan koʻp qavatli uy ichidan darz ketganligi tasvirlangan. Tuman hokimligi mazkur holat yuzasidan maʼlumot berdi.

Ma’lum bo’lishicha, Mirzo Ulugʻbek tumani Magʻrur koʻchasi 55B-uy manzilida joylashgan ushbu uy xususiy uy joy sifatida “Quyun” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari A.Zokirov va boshqalar tomonidan qurilgan va fuqarolarga boʻlib-boʻlib sotilgan.

Qurilish vazirligining maʼlum qilishicha, ushbu bino koʻp kvartirali uy-joy sifatida qurilish meʼyor va talablari asosida qurilmagan. Hozirda ushbu bino vakolatli loyiha institutlari tomonidan oʻrganilmoqda. Natijalar haqida qoʻshimcha axborot beriladi.

2022-yil 18-yanvar kuni Mirzo Ulugʻbek tuman prokuraturasi tomonidan “Quyun” MCHJ rahbari A.Zokirov va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 186-moddasi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni oʻtkazish maqsadini koʻzlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud oʻtkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar koʻrsatish) 4-qismi “a”, “b” bandlari, 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi va 229-moddasi (oʻzboshimchalik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Jinoyat ishida toʻplangan hujjatlarga koʻra, A.Zokirov akasi R.Zokirov bilan Magʻrur koʻchasi, 55B-uy va boshqa manzillarda shaharsozlik normalari va qoidalarini jiddiy ravishda buzgan holda 3 qavatdan iborat boʻlgan sifatsiz uylarni qurib, aldov yoʻli bilan fuqarolarga sotgan. Yuqoridagi holatlar boʻyicha sud hukmi bilan A.Zokirovga 8 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Akasi R.Zokirov tergovdan yashiringanligi sababli unga qidiruv eʼlon qilingan.

Fuqarolarga toʻlanadigan kompensatsiya masalasi Toshkent shahar sudi apellyatsiya instansiyasida koʻrilmoqda.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *