O‘zbekiston barcha gaz va neft zaxiralarini 35 yilga Rossiya oligarxlariga topshirganmi?

O‘zbekistondagi barcha gaz va neft zaxiralariga oid eksklyuziv huquq 35 yilga Rossiya kompaniyalariga berilganmi?

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov hamda “O‘zbekneftgaz” rahbari Mehriddin Abdullayev OAV vakillari, blogerlar va ekspertlar bilan uchrashdi hamda jamoatchilik orasida muhokamaga sabab bo‘layotgan savollarga izoh berdi.

Eng asosiy savol, albatta — O‘zbekiston 35 yilga barcha gaz va neft konlarini Rossiya oligarxlariga berib qo‘yganiga oid maʼlumot haqida bo‘ldi.
O‘zbekiston o‘zining barcha gaz va neft zaxiralariga oid eksklyuziv huquqni 35 yilga Rossiya kompaniyalariga bermaganligini qayd etdi vazir. “Bu asossiz va noto‘g‘ri talqin qilingan ma’lumot. Ekspluatatsiyada bo‘lgan konlarning asosiy qismi „O‘zbekneftgaz“ kompaniyasida” — dedi Energetika vaziri. 35 yillik bitim haqidagi gap faqat Boysun tumanida joylashgan yagona M-25 koni haqida ketyapti.

Mahsulot taqsimotiga oid Bitim (SRP) tomonlari:

Bir tomondan (Hukumat) — O‘zbekiston Respublikasi;

Ikkinchi tomondan (Investor) — 3 ta kompaniyadan iborat konsorsium, yaʼni:

1) «Gas Project Development Central Asia AG» (Shveysariya);
2) «Altmax Holding Ltd» (Kipr);
3) “Uzneftegazdobicha” AJ (O‘zbekiston, davlat korxonasi).

Bitim muddati: 35 yil

Bitim sharti:

1) Investorlar hududga bir necha mlrd dollar investitsiya kiritadi, geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshiradi, konni o‘zlashtiradi, zavod quradi, infratuzilma yaratadi. Bularning hammasi investorlar mablag‘lari evaziga bo‘ladi. Davlat byudjetidan bir tiyin ham pul ishlatilmaydi yoki davlat kafolati ostidagi kreditlar olinmaydi;

2) Kelgusida gaz ishlab chiqarish boshlangach, daromadning (barcha xarajatlar va O‘zbekistonga to‘lanadigan soliqlardan qolgani) 50 foizi O‘zbekiston Respublikasiga, qolgan 50 foizi esa investorlarga bo‘linadi.

Mas’ullarning aytishicha, mazkur kon Surxondaryoning relyefi o‘ta murakkab bo‘lgan Boysun tog‘larida joylashgan. U yerda gaz qazib chiqarishni tashkil qilish uzoq va murakkab jarayon. Masalan, 2017-yilda ishlar boshlangan bo‘lsa, mana oradan salkam 6 yil o‘tgan bo‘lsada, haligacha gaz qazib chiqarish boshlangani yo‘q. Yaʼni bu joyda gaz qazib chiqarishni yo‘lga qo‘yishning o‘ziga kamida 8 yil, yo‘qsa taxminan 10 yil vaqt ketadi.

Shuningdek, investor kiritgan mablag‘ning qoplanish muddatini ham hisobga olish kerak. Shu sababli bitim 35 yilga tuzilgan.
Kon garchi 1960-yillarda aniqlangan bo‘lsada, lekin sobiq SSSR vaqtida ham konni o‘zlashtirish imkoni bo‘lmagan.

Huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev ham nega aynan mazkur kompaniyalar tanlangani bo‘yicha ma’lumot berdi.
Mustaqillik yillarida konni o‘zlashtirish bo‘yicha takliflar ko‘plab xorijiy kompaniyalarga berilgan (BP, Total va boshqalar), lekin ular rozi bo’lishmagan.

2006-yilda Malayziyaning Petronas kompaniyasi hamda Saudiya Arabistonining Delta Oil kompaniyalari mazkur konni o‘rganishga kirishgan. Biroq, konning murakkab geologik tuzilishi, gaz tarkibida oltingugurt va uglevodorod oksidi miqdori yuqoriligi, iqtisodiy jihatdan past rentabelligi sababli yuqoridagi kompaniyalar 2013-yilda loyihadan o‘z ixtiyorlari bilan chiqishgan.

Shundan so‘ng, kon yana bir necha yil qarovsiz qolgan. 2017-yilga kelib, yuqoridagi investorlarga berilgan.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *