Toshkentga yaqin oylarda 300 ta elektrobus hamda 700 ta avtobus olib kelinadi

Toshkent shahri jamoat transporti parki ekologik toza elektrobus va avtobuslar bilan kengaytiriladi.

2025-yilgacha Toshkent shahrida jamoat transportini qulay va ekologik toza harakat tarkibi bilan yangilash orqali atrof-muhitga salbiy ta’sirini 35 foizga kamaytirish belgilangan.

Ushbu maqsadlarga erishish yo‘lida 2022-yilda Toshkent shahriga 20 dona katta sig‘imli elektrobuslar olib kelinib, muntazam yo‘nalishlarga joylashtirildi.

Elektrobuslarning 10 oylik ekspluatatsiyasi natijasida atmosferaga chiqariladigan zararli moddalar hajmi o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlar bilan taqqoslaganda 56,8 tonnaga qisqardi.

Prezidenti topshirig‘iga muvofiq, keyingi oylarda Toshkent shahriga jami 1000 dona, shundan 300 ta elektrobus hamda 700 ta siqilgan tabiiy gazda ishlaydigan avtobuslar olib kelinadi.

Avvalroq, tadbirkorlarga avtobuslar sotib olish uchun 10 yilgacha imtiyozli kredit berilishi haqida ma’lum qilingandi. Ular olib kelgan yangi avtobuslar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini bo‘lib-bo‘lib to‘lashlari mumkin bo‘ladi.

Eslatib o’tamiz, Prezidentning dekabrdan jamoat transporti haydovchilarining oylik maoshi 2 barobarga oshirishi to’g’risidagi topshirig’idan so’ng, “Toshshahartransxizmat” avtobus haydovchilariga joriy yilning ushbu oyidan boshlab 5−6 mln so‘m miqdorida oylik maosh bera boshladi.

Davlat rahbari sohada moliyalashtirish, avtobus yo‘nalishlarini tashkil etish, avtoparkni yangilash va infratuzilmani takomillashtirish bo‘yicha yangi tizim joriy qilish chora-tadbirlari to’g’risida to’xtalib o’tgandi.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *