Mehnat bozori indeksi qaysi hududlarda yaxshiroq?

Oʻzbekiston hududlari boʻyicha mehnat bozori indeksi: Eng yuqori ko‘rsatkich Toshkentda, eng past ko‘rsatkich Qashqadaryoda qayd etildi.

Prognozlash va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (IPMI) mutaxassislari 2022-yil yakuni bo’yicha mintaqaviy mehnat bozori indeksi (RTI)ni hisoblab chiqishdi.

Ushbu tahlil uchun ishsizlik darajasi, mavjud bo‘sh ish o‘rinlari va rezyumelar soni, mehnat bozoridagi konsentratsiya koeffitsiyenti va o‘rtacha oylik maosh miqdori kabi ko‘rsatkichlardan foydalanildi.

Mehnat bozori indeksini hisoblash natijalariga ko‘ra, hududlar indeks ko‘rsatkichlari yuqori, o‘rta, past va o‘ta past bo‘lgan to‘rtta guruhga bo‘lindi.

2022-yil yakunlariga ko‘ra, indeks ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan guruhga Toshkent shahri, Navoiy va Toshkent viloyatlari kirdi. Bu hududlarda ishsizlik darajasi respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich (8,9 foiz) dan past – Toshkent shahrida 6,5 foiz, Navoiy viloyatida 8 foiz, Toshkent viloyatida 8,8 foiz.

O‘rta guruhga Buxoro, Andijon, Farg‘ona, Sirdaryo, Xorazm, Namangan viloyatlari kirdi. Bu hududlardagi o‘rtacha oylik maosh respublika miqyosidagi o‘rtacha ko‘rsatkichning 80 foizidan kam emas. Mehnat taklifi esa nisbatan o‘rtamiyona, yaʼni bitta bo‘sh ish o‘rniga o‘rta hisobda 5,6 ta rezyume to‘g‘ri keladi. Ishsizlik darajasi 9,1 foiz dan oshmaydi.

Jizzax, Samarqand, Surxondaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi indeks ko‘rsatkichlari past bo‘lgan hududlar qatoriga kiradi. Ushbu hududlarda eng yuqori konsentratsiya koeffitsiyenti kuzatildi, yaʼni bitta bo‘sh ish o‘rniga Qoraqalpog‘iston Respublikasida 17,4 ta, Surxondaryoda 14,1 ta, Jizzax viloyatida 12,0 ta rezyume to‘g‘ri keladi.

Qashqadaryo viloyatida mehnat bozori indeksi juda past, aniqrog‘i 2,2 ni tashkil etdi. Buning asosiy sababi har bir bo‘sh ish o‘rniga 16,8 nafar talabgor to‘g‘ri kelishi, yaʼni bo‘sh ish o‘rinlari soni ish qidirayotganlar sonidan ancha kam va o‘rtacha oylik maosh respublikadagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ancha past ekanligidir.

2022-yilda “mahallabay” ishlash tizimiga o‘tilishi va hokim yordamchilari faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi hududlardagi ishsiz fuqarolarning katta qismini ro‘yxatga olish va ularning rezyumelarini Milliy vakansiyalar bazasiga kiritish imkonini berdi. Bu esa o‘z navbatida ishsiz aholini faol ish qidiruvchi holatiga o‘tkazib, Toshkent shahridan tashqari barcha hududlarda MBI ko‘rsatkichlarining 2021-yildagiga nisbatan pasayishiga olib keldi.

2 Replies to “Mehnat bozori indeksi qaysi hududlarda yaxshiroq?”

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *