Korzinka Biznes: Toshkentda “Korzinka” supermarketlar tarmog‘ining birinchi ulgurji do‘koni ochildi

Toshkent shahrida “Korzinka Biznes” ulgurji savdo doʻkoni ochildi.

“Korzinka” supermarketlar tarmogʻi ulgurji xaridlar uchun yangi “Korzinka Biznes” doʻkonini ochdi. U yerda yuridik shaxslar zarur hujjatlarni rasmiylashtirilgan holda katta hajmdagi tovarlarni xarid qilishlari mumkin.

Toshkent shahrining Sergeli tumanida “Korzinka” supermarketlar tarmogʻining birinchi B2B formatdagi doʻkonining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Kompaniya “Korzinka Biznes” brendi ostida biznes uchun ulgurji savdoning yangi yoʻnalishini yoʻlga qoʻydi. Doʻkonning savdo maydoni 1800 kvadrat metrni tashkil etadi.

“Korzinka Biznes” — bu Anglesey Food kompaniyasining faqat yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ulgurji savdoga yoʻnaltirilgan maxsus boʻlinmasi. Loyiha kichik va oʻrta biznes xaridorlari uchun qulay shart-sharoitlarni taʼminlash maqsadida yaratilgan: narxlardan tortib, qulay xarid jarayoni va hujjatlarni rasmiylashtirishgacha.

Tantanali ochilish marosimi “Korzinka Biznes” joylashgan hudud — Home Spot savdo markazida boʻlib oʻtdi. Tadbirga turli biznes sohalari vakillari, jumladan, turli kompaniyalar egalari, kafe va restoran tarmoqlari hamda koʻplab ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

“Oʻzbekistonda zamonaviy chakana savdo sohasida birinchi va yetakchi korxona sifatida biz tadbirkorlar tovarlarni xarid qilish jarayonida duch keladigan barcha masala va qiyinchiliklarni bilamiz. Chakana savdo biznesi oson emasligini bilamiz: oʻnlab yetkazib beruvchilar bilan ishlash, koʻplab shartnomalar va alohida hujjatlarni rasmiylashtirishni talab qiladi. Shuningdek, bozorlardan tovarlar xarid qilinganda, koʻpincha hujjatlar boʻlmaydi, bu esa soliq boʻshliqlarini keltirib chiqaradi. Biz butun zamonaviy chakana savdoning rivojlantirish va bozorda shaffoflikni taʼminlash tarafdorimiz, shu maqsadda yangi B2B formatini ishga tushirdik. Korzinka Biznesning barcha hamkorlari va mijozlari bilan birgalikda oʻsish maqsadida biz oʻz resurslarimiz bilan boʻlishishga qaror qildik”, — dedi “Korzinka Biznes” ulgurji doʻkoni asoschisi Zafar Hoshimov tadbirning ochilish qismida.

Keyingi soʻz “Korzinka Biznes” yoʻnalishi rahbari Aleksandr Lyapustinga berildi.

“Nega aynan Korzinka Biznes? Chunki bozorda koʻplab korxona va tashkilotlar bor, ularning barchasida sifatli tovarlarga ehtiyoj mavjud. Gap nafaqat yirik korxonalar, balki kichik doʻkonlar, shuningdek, kafe, restoran va mehmonxonalar haqida ham ketmoqda. Biz hartomonlama qulay yechimni taklif qilyapmiz: ulgurji narxlar, bir joyda tovarning katta zaxiralari, standartlarga muvofiq saqlash sharoitlari. Doʻkonda 3,5 mingga yaqin turli xil tovarlar, shuningdek, 800 kg gacha yuk koʻtara oladigan maxsus aravalar taqdim etilgan”, — deb ta’kidladi Aleksandr Lyapustin.

Zafar Hoshimov, Aleksandr Lyapustin va loyiha menejeri Yekaterina Nechayeva tantanali ravishda doʻkonni ochib berdilar va tadbir barcha ishtirokchilarning doʻkon boʻylab sayohati bilan davom etdi. Koʻplab mehmonlar klub kartalarini roʻyxatdan oʻtkazish istagini bildirdilar, Korzinka Biznes mutaxassislari esa bunda ularga maxsus moʻljallangan peshtaxtalarda yordam berdilar.

Ushbu doʻkon faqat yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun moʻljallangan. Ularning har biri oʻz ehtiyojlari, imkoniyatlari va xususiyatlariga ega biznesdir. B2B yoʻnalishidagi yangi format biznesning oʻzi va umuman zamonaviy chakana savdoning rivojlanishini ragʻbatlantiradigan xaridlar uchun eng qulay yechimni topishga imkon berishi kutilmoqda.

One Reply to “Korzinka Biznes: Toshkentda “Korzinka” supermarketlar tarmog‘ining birinchi ulgurji do‘koni ochildi”

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *