Har bir tug’ilgan qozoq bolasiga mamlakat qazilma boyliklaridan ulush beriladi, o’zbek bolasiga-chi?

News media
Dolzarb:
Tashkent, Uzbekistan
Суббота, Июн 3, 2023
O’zbekistonda 2021-yil 1-sentyabrdagi farmonga ko’ra, bolaning 3 yoshga to‘lgunicha beriladigan nafaqa miqdori 325 ming so‘mni tashkil qiladi. Shuningdek, onaning ikkinchi bolasi uchun 150 ming so‘m, uchinchi va undan keyingi bolalariga 100 ming so‘mdan nafaqa puli tayinlanadi.
Shuningdek, nafaqa tayinlashda oiladagi bolalarning miqdori hisobga olinadi. Shu bilan birga oila aʼzolarining o‘rtacha daromadi ham inobatga olinadi. Masalan, oilada faqat ota ishlasa, uning oylik maoshi oila aʼzolariga teng taqsimlanadi, o‘rtacha daromad 440 ming so‘mdan ortiq bo‘lsa, nafaqa berish rad qilinadi. Aksariyat holatda ishlamayotgan fuqarolarga nafaqa tayinlash rad etiladi. “Boqimandalik”ning oldini olish maqsadida ishsiz fuqarolarga nafaqa va moddiy yordam tayinlash cheklab qo‘yilgan.
Sobiq deputat Rasul Kusherbayev ushbu cheklovlar masalasida o’z fikrini bildirib:
“2 yoshgacha «bola puli» haqida bizga ayollardan, yosh onalardan juda ko‘p murojaatlar bo‘ladi. Bu «sut puli» deyiladi. Bu bolani puli. Biz buni olib tashladik ko‘pchilikdan. Endi o‘sha kam taʼminlanganga to‘g‘ri kelsagina berish kerakmi? Aslida dunyo amaliyotini ko‘raylik. Bu bolani haqqi uni qaytarib beraylik. U kambag‘almi, boymi u bolani puli. Iltimos shu masalani Vazirlik tashabbus ko‘rsatib, 44-sonli tartibda alohida ko‘rsatsa…” – degan edi. Ushbu taklif ko’plab muhokamalarga sababchi bo’lganini ham aytish o’rinli.
Kuni kecha Qozog‘iston Moliya vazirligi mamlakatda 2024-yildan boshlab ishga tushirilishi rejalashtirilayotgan Bolalar milliy jamg‘armasi loyihasi haqida ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Milliy bank investitsiya daromadining 50 foizini Milliy jamg‘armaning o‘tgan yillardagi o‘rtacha rentabelligini inobatga olgan holda hisoblab chiqadi. Investitsion daromad stavkasini hisobot davriga qadar oldingi 18 yil uchun o‘rtacha yillik qiymat darajasida aniqlash taklif etilmoqda. Bunda har bitta bolaning jamg‘armasidagi taxminiy pul miqdori 3500 AQSH dollarini tashkil qilishi mumkin.
Bank hisobi bola tug‘ilgandayoq Adliya vazirligining maʼlumotlar bazasidan foydalanilib, avtomatik ravishda ochiladi va har yili tabiiy resurslarni qazib olishdan olingan mablag‘lar hisobidan to‘ldirilib boriladi. Hisobni to‘ldirish har yili 1-yanvarda, bola 18 yoshga to‘lgunga qadar amalga oshiriladi.
Qo’shnilarimiz tomonidan ishlab chiqilayotgan yangi dastur albatta tahsinga sazovor. Avvalo, mamlakat sarhadlaridan qazib olinayotgan tabiiy boyliklar xalqning mulki hisoblanadi. O’z farzandlari kelajagini o’ylagan har bir ota-ona esa eksport qilinayotgan tabiiy resurslar evaziga tushayotgan pullarni farzandlari kelajagi uchun ishlatishi turgan gap.
Ikkinchidan esa vaqt o’tgan sayin yer ostidagi manbalar qazib olinavergach, har qanday katta hajmdagi konlar ham tugashi, zahiralar kamayishi aniq. Davlatning kuch-qudrati inson omiliga bog’liqligini inobatga olsak, bolajonlarning ta’lim olishi va hayotda o’z o’rnini topishi uchun tikilayotgan pullar kelgusida o’z mevasini beradi.
Misol uchun, tabiiy resurslari bilan maqtana olmaydigan Janubiy Koreya eksportining katta qismini murakkab tarmoqlar (elektronika, avtomobillar, yuk mashinalari, yuqori texnologiyalar) tashkil etadi. Shu bilan birga, Janubiy Koreya, innovatsiya sohasiga dunyoda eng katta kuch sarflayotgan mamlakatdir: u o‘zining yalpi ichki mahsulotining 4,3 foizini ilmiy tadqiqot va ishlanmalarga sarflaydi, bu hatto rivojlangan mamlakatlarning ham o‘rtacha ko‘rsatkichlaridan ancha yuqori hisoblanadi. Mamlakatdagi Samsung, LG yoki Hyundai kabi yirik kompaniyalarning taʼsirchan muvaffaqiyati ham aynan shunga bog‘liqdir. Bular Janubiy Koreyadagi ishlab chiqarish tuzilmasining yadrolaridir.
Yetarlicha tabiiy boyliklarga ega bo’lishimizga qaramay, aholimizning ma’lum qismi Rossiya, Janubiy Koreya kabi davlatlarda qora mehnat qilib yurishi ham bugungi kunda hal qilinishi kerak bo’lgan muammolardan biri hisoblanadi. Ayni paytda esa innovatsion g’oyalar uchun katta miqdordagi pul to’lanayotganligini hisobga olsak, bolajonlarimizni yetuk mutaxassis qilib tarbiyalashimiz uchun ham, oilaning moddiy imkoniyati yetarli bo’lishi kerak. Behuda sovurilayotgan budjet pullari haqidagi xabarlar fonida bugun tug’ilayotgan bolalar kelajagi uchun ham ko’proq mablag’ ajratishimiz kerak emasmikan?
Your point of view caught my eye and was very interesting. Thanks. I have a question for you. https://accounts.binance.com/it/register?ref=B4EPR6J0