Turkiyadagi zilzilalar O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday ta’sir qilishi ma’lum bo‘ldi
Joriy yilning 6-fevral kuni Turkiya janubida katta vayronalik va minglab qurbonlar olib kellgan zilzila haqidagi xabar butun dunyoni larzaga soldi. Ayni paytda qurbonlar soni muntazam oshib bormoqda. Birgina O‘zbekistonlik qutqaruvchilar brigadasi Xatayda vayron bo‘lgan uylar ostidan kamida 70 kishini qutqarishdi.
Ekspertlar tomonidan Turkiyadagi zilzila oqibatlarining Oʻzbekiston iqtisodiyotiga taʼsiri tashqi savdo, investitsiyalar, mehnat migratsiyasi va yalpi ichki mahsulot kabi yo’nalishlarda o’rganib chiqildi.
2022- yilda Oʻzbekistonning Turkiyaga eksporti 1,5 mlrd AQSh dollariga yetib, asosan mis, paxta, rux va plastmassa kabi xomashyodan iborat bo’lgan. Importi esa 1,7 mlrd AQSh dollariga baholanib, mashina va asbob-uskunalar, plastmassa, kimyoviy moddalar, pigmentlar va farmatsevtika mahsulotlari olib kirilgan.
Tahlil natijalariga ko’ra, mamlakatlar o’rtasidagi savdoda quyidagi o’zgarishlar aniqlandi:
– zilziladan jabr ko‘rgan hududlarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli rekonstruksiya loyihalari O‘zbekistondan mis, rux, plastmassa, alyuminiy, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari importiga talabni yanada oshirishi mumkin;
– to‘qimachilik sanoati markazlaridan biri bo‘lgan Qahramonmarash zilziladan katta talafot ko‘rganligi sababli, mavjud vaziyat Turkiyaga 2022-yilda 523,3 mln. AQSh dollariga yetgan ip-kalava eksportiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin;
– Turkiyadan import qilinadigan rang beruvchi pigmentlar va gazlamalar yetishmasligi sababli mavjud vaziyat O‘zbekistonda to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishga salbiy ta’sir ko‘rsatishi ehtimoldan yiroq emas.
Turkiyadagi zilzila fonida davlat xarajatlari va inflyatsiyaning keskin oshishi mehnat muhojirlari daromadiga ta’sir qilishi va bu mamlakatdan pul o‘tkazmalari oqimini kamaytirishi mumkin. Eslatib o’tamiz, 2021-yilda 230 mln. dollardan ko’proq miqdordagi o’tkazmalar amalga oshirilgan.
Turkiyada sodir boʻlgan zilzilaning Oʻzbekiston iqtisodiyotiga taʼsirini baholash The Thomson Reuters Trust Principles tomonidan taklif qilingan ssenariylarga asoslangan. Turkiya yalpi ichki mahsuloti o’sishining qisqarishi O‘zbekistonda YaIM o‘sishining -0,03 foizdan -0,1 foizgacha pasayishiga olib kelishi mumkin.
201-yilda Yaponiyada yuz bergan zilzila tabiiy ofatlar davrida “odamlar ofatga qarshi” konsepsiyasi birinchi o’ringa chiqishiga yorqin misol bo’ldi. Bunda talafotning og‘ir oqibatlarini bartaraf etish uchun odamlar birlashishga intiladi:
Yaponiyaga 23 ta mamlakatdan qutqaruv guruhlari yuborilgan;
163 ta mamlakat va 43 ta xalqaro tashkilotdan yordam taklifi olingan;
17,5 milliard iyenadan ortiq xayriya ko‘magi yo’naltirilgan.
TDT mamlakatlari tabiiy hodisalarni (zilzilalar) monitoring va tahlil qilish, shuningdek, ularga o‘z vaqtida javob berish uchun muhim ilmiy va amaliy salohiyatga ega:
– seysmik faollikni o’rganish va oldini olish bo’yicha milliy institutlarni faol rivojlantirmoqda;
– zilzilalarning oqibatlariga qarshi kurashish va bartaraf etish bo‘yicha ikki tomonlama (6 ta bitim) va ko‘p tomonlama (9 ta bitim) formatda o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda.
Shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari hududida Tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish boʻyicha Osiyo markazi va Favqulodda vaziyatlar va tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish markazi faoliyat yuritadi.
Tadqiqot natijasida TDT davlatlari tomonidan Turkiyaga yordam ko’rsatish bo’yicha takliflar tayyorlandi:
– Birinchi darajadagi tadbirlar: odamlarni qutqarish va ularga zarur birlamchi yordam ko’rsatish.
– TDT mamlakatlari o’rtasidagi o’zaro hamkorlikning keyingi chora-tadbirlari: zilzila natijasida vayron bo’lgan hudud obyektlari va iqtisodiyotini tiklash.
– Uzoq istiqboldagi harakatlar: tabiiy ofatlarga javob berish va ularning oqibatlarini bartaraf etish bo’yicha muntazam o’zaro hamkorlik, shular jumlasidandir.