Toshkent aeroportida yangi savdo pavilyoni, elektron chegara nazorati va bodiskanerlar ishga tushirildi

News media
Dolzarb:
Tashkent, Uzbekistan
Четверг, Июн 8, 2023
Toshkent aeroportida yaqin oylarda kapsulali mehmonxona hamda “Anjir” biznes zali faoliyat yurita boshlaydi.
“Toshkent” xalqaro aeroportida 2640 kv.m maydondagi “steril” zonaning chap qismi ishga tushirildi.
Yangi hududda yana bir Duty Free do‘koni va “Art Bazaar” savdo pavilyoni ochildi. Bu yerda hunarmandlar, milliy gastronomiya, gadjetlar va xalqaro sim-kartalar, zargarlik buyumlari, bolalar ovqatlari, shirinliklar, dorixona va kafe-bar mavjud.
Shuningdek, “steril” zonada elektron qurilmalarni quvvatlantirish imkoniyatiga ega birinchi “coworking-corner” tashkil etildi. Yaqin kelajakda terminalning turli joylarida yana bir nechta shunday burchaklarni tashkil etish rejalashtirilgan.
Mart oyi oxiriga qadar steril zonadagi yana bir blok foydalanishga topshiriladi, u yerda kapsulali mehmonxona, hammom, tahorat va namoz o‘qish xonalari hamda “Anjir” biznes zali faoliyat yuritadi. Bu mutlaqo yangi inshoot bo‘lib, aeroport majmuasini yana 875 kv.m ga kengaytirib, xalqaro va transfer yo‘lovchilari uchun qulay sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.
Shuningdek, “Uzbekistan Airports” Toshkent aeroportida elektron chegara nazorati tizimi va qo‘l yuklarini tekshirish uchun yangi rentgen uskunalarini namoyish etdi. Endilikda yo‘lovchilar poyabzalini yechmasdan va suyuqlik idishlarini ochmasdan tekshiruvdan o‘tadi.
Toshkent xalqaro aeroportida joriy etilgan yangiliklardan biri — bu chegara bojxona postida yo‘lovchilarning inson omilisiz pasport nazoratdan o‘tishi. Ushbu jarayonda yo‘lovchi pasportini skanerlaydi, yo‘lak o‘tishga ruxsat berganidan keyin kamera orqali shaxsi tasdiqlanadi. So‘ngra aviatsiya xavfsizligi nazorati zonasiga o‘tadi.
Umumiy maydoni 935 kvadrat metr bo‘lgan aviatsiya xavfsizligi uchun tekshirish zonasida 9 ta tekshiruv yo‘lagi tig‘iz vaqtda 2400 nafargacha yo‘lovchini o‘tkazish imkonini beradi.
Shuningdek, yonuvchan va portlovchi moddalarni, metall buyumlarni aniqlash imkonini beruvchi Italiya kompaniyasga tegishli CEIA skanerlari orqali suyuqlik idishlarini ochmasdan o‘tish imkoni yaratildi.
Zalda qo‘l yuki va katta o‘lchamdagi yuklarni ko‘rish uchun Smiths Detection (Germaniya) rentgen jihozi o‘rnatildi. Kengaytirilgan xavfsizlik choralarini taʼminlash uchun Leidos (AQSH) kompaniyasining ProVision2 bodiskanerlar ham o‘rnatildi. Ular yo‘lovchilarni tez va kontaktsiz tekshirish imkoniyatiga ega.
Bodiskanerlar kiyim ostidagi va inson tanasi bo‘shlig‘idagi yashirin narsalarni avtomatik aniqlash uchun millimetrli to‘lqin texnologiyasidan foydalanadi. Bu metall va boshqa temir buyumlarni, qurilishi, portlovchi moddalarni, suyuqliklarni, plastmassalar, kukunlar va boshqa man etilgan buyumlarni topish imkonini beradi.
«Xalqaro sertifikatlari mavjud ushbu tizim O‘rta Osiyo davlatlari orasida birinchi bo‘lib Toshkent va Samarqand aeroportlarida ishga tushirildi. Bu degani ko‘rikdan o‘tgan yo‘lovchini boshqa har qanday xalqaro aeroportlar qo‘shimcha tekshiruv standartlari qo‘llamagan holda qabul qila oladi. Eslasangiz, 5−6 yil oldin Nyu-Yorkka va boshqa Yevropa mamlakatlariga uchish uchun boshqa davlatlarga qo‘nib, qaytadan tekshiruvdan o‘tishga majbur edik. Hozir unday emas», — dedi aeroport xavfsizlik qurilmalari bo‘yicha mutaxassis, ITV Soft kompaniyasi taʼsischisi Jamshid Razzoqov.
Uning aytishicha, oldin bir soat ichida 60−70 yo‘lovchi tekshiruvdan o‘tkazilgan, hozirgi tizim bilan bu ko‘rsatkich 180−200 nafarga yetadi.
Ma’lumot o’rnida, Toshkent aeroportidagi aerodrom majmuasining ikkinchi uchish-qo‘nish yo‘lagini rekonstruksiya qilish va zamonaviy yoritish moslamalarini o‘rnatish jarayoni yakunlanmoqda. Samolyotlar uchun 35 ta turar joy — 3 ta yangi, 32 ta joyni rekonstruksiya qilishni loyihalash esa davom etmoqda.