Turkiyada qutqaruvchilar vayronalar orasidan ikki million AQSh dollari topib olishdi

Qutqaruvchilar Turkiyaning Gaziantep shahridagi vayronalar orasidan ikki million dollar topib olishdi.

Turkiyaning Gaziantep shahrida dahshatli zilzila natijasida qulagan uy vayronalari ostidan qutqaruvchilar 2 million dollar miqdoridagi pullarni topishdi. Bu haqda Anadolu xabar bermoqda.

Unga ko’ra, bu pullar “Ayshe-Mehmet Po’lat” turar-joy majmuasi vayronalari ostidan bir kishi olib chiqilayotganda topilgan va politsiyaga topshirilgan.

“Qutqaruv ishlari bilan olib chiqilayotgan odamning yonida umumiy miqdorda 2 million dollar bor edi. Qutqaruvchilar pulni maxsus kuchlarga topshirishdi. Yigitlarimiz birinchi navbatda hayotlarni qutqarishadi, ammo ba’zida qimmatbaho buyumlar ham topiladi. Ular darhol politsiyaga topshiriladi, bunday holatlar ko’p bo’lgan.”, – deydi Gaziantep yong’in xavfsizligi boshqarmasi boshlig’i Jafer Yilmaz.

Avvalroq Rossiya favqulodda vaziyatlar vazirligi ham Turkiyada vayron bo‘lgan uydan 150 ming dollar topishgani haqida ma’lum qilgan edi. Ushbu pullar ham politsiyaga topshirilgani aytilgandi.

6-fevralda Turkiyaning Qahramonmarash viloyatida birin-ketin ikki marta 7,7 va 7,6 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf qilish boshqarmasining ma’lumot berishicha, halokat sababli halok bo‘lganlar soni shu kungacha 39 mingdan, jarohat olganlar esa 108 mingdan oshgan.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan