“Uzbekistan Airports” 2023-yilda daromadlari 32 foizga oshishini kutyapti

News media
Dolzarb:
Tashkent, Uzbekistan
Четверг, Июн 8, 2023
“Uzbekistan Airports” kompaniyasi 2023-yilda 20 ta yangi xorijiy aviatashuvchilarni jalb etmoqchi.
2023-yilda “Uzbekistan Airports” daromadi 32 foizga, eksport tushumi esa 8 foizga o‘sishini prognoz qilmoqda, deyiladi kompaniya tomonidan taqdim etilgan press-relizda.
O’tgan yil oxirida daromad o’sishi 2021-yilga nisbatan 44 foizni tashkil etgandi. O’z navbatida eksportdan tushgan daromad ham 35 foizga oshdi. Kompaniya ko’rsatkichlarining o’sishi yangi aviakompaniyalarning jalb qilinishi, shuningdek, yo’nalishlar tarmog’ining ortishi bilan bog’liq.
“O‘zbekiston aeroportlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayevaning so‘zlariga ko‘ra, 2022-yilda “Uzbekistan Airports” 28 ta yangi aviakompaniyalarni jalb etishga va o‘z tarmog‘ini qo’shimcha 73 yo’nalishga kengaytirishga muvaffaq bo‘ldi. Joriy yilda yana 20 ta yangi xorijiy aviatashuvchilarni jalb etish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, byudjetga soliq toʻlovlari sezilarli darajada — bir yarim barobarga oshib, 560,7 milliard soʻmni tashkil etdi. 2023-yilda 590,8 milliard so‘mlik soliq to‘lanishi mo’ljallanmoqda.
Noyabr oyida kompaniya uchinchi chorak yakunlari bo’yicha o’z hisobotini e’lon qildi. Yanvar-sentyabr oylarida “O‘zbekiston aeroportlari”ning daromadi 882,3 milliard so‘mni tashkil etdi. Shundan 368,5 milliard so‘mi uchinchi chorakga to‘g‘ri kelyapti. “O‘zbekiston aeroportlari”ning to‘qqiz oy davomidagi sof foydasi 316,1 milliard so‘mga yetib, o‘tgan yilning shu davriga qaraganda 3106 barobarga oshgan.