O‘zbekiston qiymati 630 million AQSh dollaridan yuqori bo’lgan samolyot import qildi

News media
Dolzarb:
Tashkent, Uzbekistan
Среда, Июн 7, 2023
Yanvar oyida O‘zbekiston qiymati 633,1 million dollariga teng 13 ta samolyot sotib oldi.
Joriy yilning yanvar oyida O‘zbekiston qiymati 633,1 million dollarlik 13 ta samolyot sotib oldi, deb xabar beradi Davlat statistika qoʻmitasi.
Xarid qilingan samolyotlarning deyarli yarmi Germaniyadan olib kelingan. Bir oy ichida respublika 421,7 million dollarga 6 dona nemis samolyotlarini sotib olgan. Aytish kerakki, 2023-yil yanvar oyida Germaniya import bo‘yicha O‘zbekistonning 1-raqamli hamkoriga aylangan.
Shu bilan birga, Litva va Fransiya ham Top-10 savdo hamkorlar ro‘yxatiga kirdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, importning asosiy qismini 6 ta samolyot tashkil etdi.
Iqtisodchi Otabek Bakirov ushbu statistik raqamlar e’lon qilinmasidan avvalroq undagi ayrim raqamlar, xususan, Germaniya importda birinchi raqamli hamkorga aylangani, yanvarda bu mamlakatdan import hajmi 490,8 mln dollarni tashkil etganiga eʼtibor qaratgan edi.
«Yanvar oyi tashqi savdo statistikasining eng hayratli hodisasi, yo‘q, bu 1,2 mlrd dollarlik oltin eksporti emas. Bu Germaniya importda birinchi raqamli hamkorimizga aylangani. Yanvarda Germaniyadan importimiz hajmi 490,8 mln dollarni tashkil etgan va nemis do‘stlar hatto Rossiya va Xitoyni ham ortda qoldirgan. Xo‘sh, yanvarda Germaniyadan nima import qilgan bo‘lishimiz mumkin? Bunga ko‘p tanqidga uchraydigan statistikamiz javob bermaydi», — deb yozgandi iqtisodchi.
Shuningdek, Litva va Fransiyaning Top-10 savdo hamkorlar ro‘yxatiga kirgani qayd etilgan. Litvadan 105 mln dollarlik, Fransiyadan 73,5 mln dollarlik import amalga oshirilgan.
Otabek Bakirov, bundan tashqari, 2022 yilda eksport tarkibida juda katta hajm va ulushga ega bo‘lgan «Energiya generatori mashinalari va asbob-uskunalari» va «Sanoat va mashina qismlari uchun maxsus bo‘lmagan mashina va uskunalar» moddalari yo‘q bo‘lib qolgani haqida yozdi.
Statistika agentligi ushbu postdan keyin yuqoridagi postga munosabat sifatida O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi tashqi savdo aylanmasi va boshqa holatlar bo‘yicha qo‘shimcha maʼlumot berdi.
Jumladan, O‘zbekistonning Top-10 savdo hamkorlari ro‘yxatiga Litva va Fransiyaning kirishida ham asosiy omil mazkur ikki davlatdan samolyotlar sotib olinishida bo‘lgan. Yanvar oyida Litvadan 66,7 mln dollarga 4 dona va Fransiyadan qiymati 64,3 mln dollarga 1 dona samolyot import qilingan.
Agentlik yuqori hajmga ega bo‘lgan tovarlar guruhlari press-relizda eʼlon qilinishi natijasida ayrim ulushi kichik yoki hajmi mavjud emas tovarlar guruhlari kiritilmasligini bildirdi.
Xususan, 2023-yil yanvar oyi uchun press-relizda eksport ko‘rsatkichlari qismida «Energiya generatori mashinalari va asbob-uskunalar» (3 mln dollar) va «Sanoat uchun maxsus bo‘lmagan mashinalar va ularning detallari» (5,3 mln dollar) tovarlar guruhlari o‘rniga «Elektr aloqasi, ovozni yozish va ovozni eshittirish apparaturalari va uskunalari» (9 mln dollar) hamda «Kanselyariya mashinalari va maʼlumotarni avtomatik ravishda qayta ishlash uchun asbob-uskunalar» (5,6 mln dollar) tovarlar guruhlari kiritilgan.
BMTning Xalqaro standartlashgan savdo tasniflagichiga (XSST) ko‘ra, samolyotlar «Boshqa transport uskunalari» bo‘limiga kiradi. 2023-yil yanvar oy uchun press-relizning import qismida «Boshqa transport uskunalari» hajmi 634,1 mln dollarni tashkil qilgani hamda ushbu hajmning asosiy qismini 633,1 mln dollarga teng samolyotlar tashkil etgani haqida xabar berilgan.