O’zbekiston uchun “boshog’riq” deb atalayotgan afg’on kanali loyihasini tatarlar qo’llab-quvvatlaydi

News media
Dolzarb:
Tashkent, Uzbekistan
Четверг, Июн 8, 2023
Qariyb 700 million dollarlik Tolibon qurayotgan kanal O’zbekiston uchun qanchalik “jiddiy xavf” tug’dirishi mumkin?
“Afg‘oniston tatar jamiyati Balx va Faryob viloyatlarida Qo’shtepa sug‘orish kanali qurilishini olqishlaydi”, – deydi tatarlar kengashi raisi Zabihullo Naderi Tatar.
“Biz ushbu loyihaning amalga oshirilishini intiqlik bilan kutmoqdamiz. Qo‘shtepa kanali qurilishi bilan Balx, Juzjon va Faryob viloyatlari nafaqat Afg‘oniston, balki butun Markaziy Osiyoda qishloq xo‘jaligi sanoatining markaziga aylanadi”, — deydi Naderi Tatar-inform’ nashriga bergan intervyusida.
Uning fikricha, kanal qrim-tatarlari ixcham yashaydigan hudulargacha yetib boradi.
Mutaxassislarning fikricha, ushbu loyiha tufayli shundoq ham suv taqchilligi, qurg‘oqchilik va cho‘llanish kabi muammolar bilan kurashayotgan O‘zbekiston oldida yana bir jiddiy muammo paydo bo‘lgan. Suv kam yillarda Amudaryo suvi 34 kub kilometrgacha pasayadi. Agar bu kanal qurib bitkazilsa, daryoning deyarli 10 kub kilometri, ya’ni uchdan bir qism suvi Afg‘onistonning ichkari hududlariga oqib ketadi. Bu esa Xorazm, Buxoro, Surxondaryo va Navoiy viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, shuningdek Turkmaniston uchun jiddiy oqibatlarni yuzaga keltirishi mumkin.
2022-yil 31-mart kuni “Tolibon” hukumati mamlakat shimolidagi yirik kanal qurilishi loyihasi taqdimotini o‘tkazgan edi. Unga ko‘ra, Balx viloyati hududida Amudaryodan boshlanadigan Qo‘shtepa kanali qurib bitkazilishi kerak. Qurilayotgan kanal orqali afg‘onistonliklar shimoliy uchta viloyatda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishni maqsad qilgan. Loyiha Afg‘onistonning Milliy taraqqiyot kompaniyasi davlat mablag‘lari hisobidan amalga oshirilmoqda.
Kanal uzunligi 285 kilometrni tashkil etishi ma’lum. Loyiha qiymati 684 million dollarga baholangan. Kanalning kengligi 100 metr, chuqurligi 8,5 metr. 2022-yil mart oyidan boshlab 4 ming nafargacha kishi ishtirokida faol qurilish ishlari olib borilmoqda.
U qurib bitkazilsa, Amudaryo suvining uchdan bir qismi Afg‘onistonning shimoliy hududlariga yo‘naltiriladi. Bu esa O‘zbekistonning bir qator viloyatlarida suv taqchilligi xavfini yuzaga keltiradi.
“Qo‘shtepa kanali unchalik kichik emas. Allaqachon kanal sathi kosmosdan aniq ko‘rinib turibdi. Qurilish 65 kilometrlik uchastkada davom etmoqda. Kanal Amudaryodan yiliga 10 kub kilometr suv olish maqsadida qurilmoqda. Transchegaraviy daryodan suvning yarim miqdori yangi kanalga olinganda ham, bu quyi oqimdagi mamlakatlar uchun sezilarli ta’sir o‘tkazadi”, – deydi jurnalist Natalya Shulepina o’zining bu haqdagi maqolasida.
Bugun Amudaryoning o‘rtacha ko‘p yillik oqimi 79 kub kilometrni tashkil qiladi. Uning boshlanish manbalaridan Orol dengizigacha bo‘lgan uzunligi 2540 km. Biroq, sathi pasayib ketishi natijasida daryo endi Orol dengiziga yetib bormay qo‘ygan. Hozir daryo suvi Orol ko‘llarini oziqlantiradigan Mejdurechensk suv omboridayoq tugaydi.
So‘nggi o‘n yilliklarda tez-tez ro‘y beradigan kam suvli davrlarda Amudaryo bo‘ylab suv oqimi: 2000-yilda – 41,7 kub kilometrni, 2008-yilda – 34,9 kub kilometrni, 2012-yilda – 45,4 kub kilometrni tashkil qilgan.
Natalya Shulepinaga ko‘ra, ayni paytda MDHning beshta davlati o‘rtasida suvni taqsimlashda SSSRda 1980-yillarda o‘rnatilgan kvotalar mavjud. Ya’ni daryo bo‘ylab qancha suv oqmasin, u kvotalar bo‘yicha taqsimlanadi. Endi esa Amudaryodan Afg‘oniston ham suv oladi.
Bu yil dehqonchilik mavsumi boshlanarkan, yuqori oqimdan keladigan suv oqimi yana pasayadi. Bu esa nafaqat undan suv oluvchi mamlakatlar uchun, balki daryoning o‘zi, uning gidrologiyasi va atrofdagi landshaftlar uchun ham ta’siri sezilishi shubhasiz.