Qozog‘istondan xorijga pul o‘tkazmalari bo‘yicha O‘zbekiston yetakchilik qilmoqda

Xorijdan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi 17 mlrd AQSh dollarini tashkil etdi

O‘tgan yili Qozog’istondan O’zbekistonga jami bo’lib 289,8 mlrd tenge jo‘natilgan. Shunga qaramay, ushbu ko‘rsatkich 2021-yilga nisbatan 2,9 foizga kam.

2022-yilning yanvar-dekabr oylarida Qozog‘istondan chet elga pul o‘tkazmalari hajmi 1 trln tengedan oshgan. Bu haqda “Finprom” nashri xabar berdi.

Natijada ko‘rsatkich 2021-yilning mos davriga nisbatan 2,7 foizga o‘sgan.

Mamlakatdan chet elga o‘tkazilayotgan yillik transfer hajmi ketma-ket ikkinchi yildirki 1 trillion tengedan oshadi.

Shu bilan birga, tranzaksiyalar soni 2,6 mlndan 2,5 mlnga kamaygan. Bu esa chet elga bitta o‘tkazmaning o‘rtacha chekini 2021-yildagi 391,5 ming tengedan 2022-yilda 415,3 ming tengegacha oshirdi.

Qozog‘istondan xorijga pul o‘tkazmalari bo‘yicha O‘zbekiston yetakchilik qilmoqda. O‘tgan yili mamlakatga 289,8 mlrd tenge (646 ming dollar) jo‘natilgan.

O‘zbekiston mamlakatlar orasida yetakchi bo‘lishiga qaramay, ko‘rsatkich 2021-yilning 12 oyiga nisbatan 2,9 foizga kamaygan.

Undan keyingi o‘rinda 271,9 mlrd tengelik transfer bilan Turkiya turibdi. Mamlakatga o‘tkazilgan pul hajmi 2021-yilga nisbatan 28,9 foizga oshgan.

Rossiya 196 mlrd tengelik o‘tkazmalar bilan kuchli uchlikka yakun yasagan. Qozog‘istondan jo‘natilgan pul miqdori 2021-yilga nisbatan 10,6 foizga ko‘p.

Undan keyingi o‘rinlardan Qirg‘iziston (73,9 mlrd tenge) va Gruziya (70,9 mlrd tenge) mamlakatlari joy olgan. Qirg‘izistonga o‘tkazmalar hajmi deyarli ikki baravar qisqargan bo‘lsa, Gruziyaga esa aksincha, 2,2 barobarga oshgan.

Pul o‘tkazmalari tizimlari orasida Qozog‘istondan chet elga jo‘natilgan pul mablag‘larining 76,6 foizi Rossiyaning “Zolotaya Korona” tizimiga to‘g‘ri keldi (794,1 mlrd tenge).

139 mlrd tenge bilan “Kontakt” hamda 66,1 mlrd tenge bilan “Western Union” tizimlari keyingi o’rinlarni mos ravishda band etib turibdi.

2022-yilda xorijdan O‘zbekistonga amalga oshirilgan pul o‘tkazmalari hajmi 17 mlrd AQSh dollarini tashkil etdi. Ularning asosiy qismi, ya’ni 14,5 mlrd dollari Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan