Piyoz narxi yoxud jahon oziq-ovqat bozorida paydo bo’layotgan global xavf

Bir yilda piyoz narxi Turkiyada 700 foiz, O’zbekistonda 300 foiz, Ukrainada 250 foizga ko’tarilgan

Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida bir kilogramm piyoz narxi 4000 so‘mdan sotilayapti ekan.

Ko‘plab dehqonlarda hali yana piyoz zaxiralari mavjud. Ramazon oyida iftorlik taomlari uchun asosan o‘tgan yilgi piyozlar ishlatilishini inobatga olib, ba’zi dehqonlar haliyam fursat kutishyapti.

Respublikaning boshqa viloyatlaridagi bozor rastalarida piyoz narxlari qimmatligicha qolyapti.

Piyoz narxi nafaqat o’zbek sigmentidagi kontentlarda muhokama qilinyapti, balki xalqaro iqtisodiy tahlilchilarning ham e’tiborini tortdi.

Masalan, Bloomberg nashri xalqaro miqyosda piyoz narxi oshishi to’g’risidagi infografikasini e’lon qildi.

Unga ko’ra, piyoz narxi eng baland pog’onalarni zabt etgan mamlakatlar qatoridan O’zbekiston ham joy olgan. Ya’ni, bir yilda piyoz narxi Turkiyada 700 foizga, O’zbekistonda 300 foizga, Ukrainada esa 250 foizga oshgan.

Bloomberg nashri oziq-ovqat ta’minoti bilan bog’liq global inqirozni tasavvur qilishimiz uchun bir-biridan 7500 milya (12 000 kilometr) uzoqlikdagi kichik oshxona biznesi bilan shug’ullanadigan ikki ayolni misol qilib keltiradi.

Lalaine Basa Manila shimolidagi o’zining oshxonasida bulyon tayyorlash uchun bir kilogramm piyoz sotib olardi. Filippinda piyoz narxlari oshib ketgani oqibatida endilikda taom retseptini o‘zgartirishga majbur bo’lmoqda.

Marokash poytaxti Rabotda yashovchi Fotima endi piyoz va pomidor sotib olmaydi, chunki ular juda qimmat. U tagin pishirish uchun artishok sotib olyapti”, -deyiladi tahliliy maqolada.

Piyoz butun dunyo oshxonalarining asosiy mahsuloti bo’lib, pomidordan keyingi eng ko’p iste’mol qilinadigan sabzavot hisoblanadi. Piyoz narxi ko’tarilib, inflyatsiyani kuchaytirmoqda va dunyo mamlakatlarini turli oziq-ovqat mahsulotlari ta’minoti choralarini ishlab chiqishga undamoqda.

So’nggi oylarda bug’doy va g’alla narxi pasayib, ba’zi asosiy mahsulotlar qiymatining haddan ortiq qimmatlashuvi muammosini biroz yengillashtirdi. Biroq omillar kombinatsiyasi hozirda sog’lom va barqaror ovqatlanishning asosi bo’lgan sabzavot bozorini larzaga keltirmoqda. Ortib borayotgan sabzavotlar narxining eng yuqori cho’qqisida “kamtargina” piyozning borligi kutilmagan holat bo’ldi.

2 Replies to “Piyoz narxi yoxud jahon oziq-ovqat bozorida paydo bo’layotgan global xavf”

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan