AQSh Markaziy Osiyoga 25 mln dollar ajratmoqchi

Qo’shma Shtatlar ERICEN orqali Markaziy Osiyoga 25 mln dollar ajratmoqchi

Amerika Qo‘shma Shtatlari ma’muriyati Markaziy Osiyoda iqtisodiy barqarorlik tashabbusi (ERICEN) orqali mintaqaviy dasturlarga 25 mln dollar ajratmoqchi. Bu haqda Davlat departamenti tomonidan berilgan yozma bayonotda aytilgan.

Hujjatda qayd etilishicha, 2022-yil sentyabr oyida tashkil etilgan tashabbus mintaqada iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishga qaratilgan.

Qayd etilishicha, Vashington o‘z yo‘nalishi orqali 2022-moliya yilida (mamlakatda o‘tgan yilning 30-sentyabrida yakunlangan) “savdo yo‘llarini diversifikatsiya qilish, mintaqaga sarmoya jalb etish va bandlik imkoniyatlarini kengaytirish” uchun 25 mln dollar yo‘naltirgan.

“Kongress bilan hamkorlik qilib, AQSH ma’muriyati ERICEN doirasidagi dasturlarni kengaytirish uchun 2023-moliya yilida 20 mln dollar qo‘shish niyatida. Qo‘shma Shtatlar, shuningdek, iqtisodiy va energetika dasturlari orqali mintaqaviy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun 5 mln dollar, mintaqaviy dasturlarga jami 50 mln dollar ajratishni rejalashtirmoqda”, deyiladi AQSH tashqi ishlar idorasi xabarida.

Mablag‘lar savdo yo‘llarini kengaytirish, transkaspiy savdo yo‘llari bo‘ylab infratuzilmani rivojlantirish, xususiy sektorni mustahkamlash, G‘arb transmilliy kompaniyalarini Markaziy Osiyoga jalb qilishga ko‘maklashish, mintaqa bo‘ylab yosh mutaxassislar uchun ingliz tilini o‘qitish dasturlarini kengaytirish, yuk mashinalarini boshqarish kabi eng talab qilinadigan ko‘nikmalarni o‘rgatish uchun sarflanadi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan