QQS pasaytirilishi mahsulotlar narxiga kutilganidek ta’sir qilmadi

Qoʻshilgan qiymat soligʻi pasaytirilsada, nega narxlar prognoz qilinganidek tushmadi?

Ekspertlar guruhi Oʻzbekistonda qoʻshilgan qiymat soligʻi (QQS) ning 15 foizdan 12 foizga tushirilishi isteʼmol tovarlari narxiga qanday taʼsir koʻrsatishini oʻrgandi.

QQS toʻlovchisi boʻlgani va asosan rasmiy ish yurituvchi hisoblangani sababli tahlil uchun milliy supermarketlardagi narxlar asos qilib olindi. Jumladan, 97 turdagi 3754 ta isteʼmol tovarlari boʻyicha toʻrt oylik statistik maʼlumotlar data-scraping yoʻli bilan yuklab olindi. Har bir tovar turi boʻyicha dekabr va yanvar oylarida narxlar oʻrtasidagi oʻzgarish (treatment group) noyabr-dekabr va yanvar-fevral oylaridagi narxlar oʻzgarishi (control group) bilan solishtirildi.

Natijalar shuni koʻrsatadiki, QQS 15 foizdan 12 foizga kamaytirilishi narxlarning tegishli ravishda tushishiga olib kelmagan. Jumladan, dekabr-yanvar oylarida narxlardagi oʻzgarish noyabr-dekabr va yanvar-fevral oylaridagi narxlar oʻzgarishiga nisbatan 0,3 foiz punktiga koʻp boʻlgan. Bu degani boshqa barcha omillarning taʼsir kuchi toʻxtatib turilgan taqdirda ham 2,6 foizga (1,12/1,15*100 foiz-100 foiz) tushishi kerak boʻlgan narxlar 0,3 foizga oshgan.

Xususan, 46 ta guruh boʻyicha 1115 ta tovar narxi oʻzgarmagan (bolalar ozuqasi, muzqaymoq, makaron, tana parvarishi mahsulotlari va b.). 20 ta guruh boʻyicha 1306 ta tovar narxi 1foizgacha oshgan (shokolad, shirinlik, gigiyena mahsulotlari va b.). 12 ta guruh boʻyicha 585 ta tovar narxi 1-5 foizga ko’tarilgan (kir yuvish kukunlari, meva, goʻsht mahsulotlari, sut va b.). 7 ta guruh boʻyicha 567 ta tovar narxi (1,6 foizgacha) pasaygan (kanselyariya tovarlari, souslar, qahva va b.).

Avvalroq Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari Input-output modeli asosida iqtisodiyotning 78 ta tarmogʻi uchun QQS stavkasining 3 foiz punktiga pasaytirilishi, xarajatlarning kamayishiga va buning hisobiga iqtisodiyotning real sektorida narxlarning 0,8 foiz punktiga pasayishiga olib kelishi aniqlagan edi. Ammo, amaliyotda esa hozircha tadbirkorlar soliq boʻyicha olgan yengillikni isteʼmolchiga oʻtkazish boʻyicha qaror qabul qilmayapti.

QQSning tushirilishi narxlar darajasiga taʼsir etmaganligining asosiy sabablari qatoriga quyidagilarni kiritish mumkin:

– Isteʼmol tovarlari bozorida xufyona iqtisodiyot ulushining kattaligi va soliqlardagi pasayishlar rasmiy ishlayotgan firmalarning nisbatan kichik miqdordagi foyda marjasi oshishiga yoʻnaltirilishi;

– Bozorlarda tegishli ravishda raqobat muhitining shakllanib ulgurmagani;

– Narxlarga taʼsir etuvchi boshqa asosiy omillar (dollar kursi, qayta moliyalash stavkasi, pul massasi va b.) taʼsir kuchining oshib borishi.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *