Yanvar oyida O‘zbekistonning YOII bilan savdo aylanmasi 1 milliard dollardan oshdi

News media
Dolzarb:
Tashkent, Uzbekistan
Четверг, Июн 8, 2023
2023-yilning yanvar oyida O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOII) davlatlari bilan savdosida qanday o‘zgarishlar bo’ldi?
O‘zbekiston Respublikasining Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo davlatlar bilan 2023-yilning yanvar oyidagi tashqi savdo aylanmasi 2022-yilning shu davriga nisbatan 21,5%ga o‘sib, 1,1 mlrd. dollarni tashkil etdi.
Shundan eksport hajmi 327 mln. dollar, import hajmi esa 802 mln. dollar.
O‘zbekistonning umumiy tashqi savdo aylanmasida YOII davlatlarining ulushi 22,4%ni, jami eksport – 15,7%ni, jami import – 27,1%ni tashkil etdi.
2023-yilning yanvar oyi yakunida O‘zbekistonning YOII davlatlari bilan tashqi savdo hajmidagi ulushi:
Rossiya bilan tashqi savdo aylanmasi 19,7%ga o‘sdi va 688 mln. dollarni (O‘zbekistonning YOII mamlakatlari bilan tashqi savdo aylanmasining 61%i) tashkil etdi. Shundan:
eksport – 219 mln. doll.
import – 470 mln. doll.
Qozog‘iston bilan tashqi savdo aylanmasi 26,4%ga o‘sdi va 334 mln. dollarni (30%) tashkil etdi. Shundan:
eksport – 57 mln. doll.
import – 277 mln. doll.
Qirg‘iziston bilan tashqi savdo aylanmasi 62 mln. dollarni (5%) tashkil etdi. Shundan:
eksport – 43 mln. doll.
import – 18 mln. doll.
Belarus bilan tashqi savdo aylanmasi 66%ga o‘sdi va 44 mln. dollarni (4%) tashkil etdi. Shundan:
eksport – 7 mln. doll.
import – 36 mln. doll.
O‘zbekiston 2020 yilning dekabrida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi maqomini oldi. Aynan shu uyushma bilan eng yaqin savdo-iqtisodiy aloqalar yo‘lga qo‘yilib, YOII bilan yanada integratsiyalashuv ularni yanada mustahkamlash imkonini beradi.
Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlarining 2020-yilda O‘zbekiston Respublikasi bilan savdo aylanmasi qariyb 10 milliard dollarni tashkil etdi. YOII mamlakatlarining ulushi O‘zbekiston umumiy tovar eksportining 30-31% ini tashkil etadi.
O‘zbekiston 2019-yilda umumiy qiymati 9,42 milliard dollarlik mahsulot eksport qildi, shundan 2,83 milliard dollarlik mahsulot YOII hududiga yetkazib berildi. ITSV ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston va YOII mamlakatlari o‘rtasidagi savdo aylanmasi to‘rt yilda 75% ga oshgan.
An’anaga ko‘ra, O‘zbekiston to‘qimachilik, metallurgiya va kimyo sanoati mahsulotlari, shuningdek, oziq-ovqat, birinchi navbatda, meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiladi. Respublikada qurilish materiallari, yog‘ochni qayta ishlash va kimyo sanoati mahsulotlari, shuningdek, qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, sut va go‘sht mahsulotlari YOIIdan olinadi.
YOIIga yanada integratsiyalashgan holda O‘zbekiston tashqi bozorlarga chiqishda, xususan Vetnam, Eron, Serbiya va Singapur bilan savdo qilishda yanada qulay sharoitlarga ega bo‘ladi.
Avval xabar qilinganidek, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markaziga O‘zbekistonning YOIIda ishtirok etishi mumkinligini tekshirish va dastlabki baho berish vazifasi yuklatildi.