Fevral oyida hamda yil davomida narx-navo qanday o’zgargan?

News media
Dolzarb:
Tashkent, Uzbekistan
Четверг, Июн 8, 2023
Fevral oyida hamda yil davomida narxlar o’zgarishi qanday kechdi?
2023-yilning fevral oyida O‘zbekiston iste’mol bozorida tovar va xizmatlar narxi o‘rtacha 0,54 foizga qimmatlashdi. Bu 2022-yilgi 0,51 foizlik o’sishga nisbatan bir oz ko’p, biroq 2019-2021-yillardagi holatga qaraganda past ko’rsatkich hisoblanadi.
Yillik hisobotda (o‘tgan yilning fevral oyiga nisbatan) inflyatsiya 12,23 foizni tashkil etdi. Bu esa 2022-yil fevral oyiga nisbatan sezilarli darajadagi – 9,69 foizlik narxning ko’tarilishi bilan bog’liq.
Oylik narxlar va tariflarning eng baland nuqtasi shubhasiz oziq-ovqat mahsulotlarida kuzatilgan boʻlib, umumiy narxlar oʻrtacha 0,7 foizga oshgan. Nooziq-ovqat mahsulotlari esa 0,3 foizga, aholiga pullik xizmatlar qiymati 0,5 foizga oshgan.
Yillik hisobotda oziq-ovqat mahsulotlari 15,5 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlar tannarxi 10,7 foizga, pullik xizmatlar esa 8,5 foizga ko’tarildi.
Ayrim mahsulotlar kontekstida sut narxining oylik o’sishi o’tgan oyga nisbatan yanada tezlashdi. Taqqoslasak, fevral oyida sut 1,7 foizga, yanvarda 0,1 foizga, dekabrda esa 2,4 foizga qimmatlashgan.
Shu bilan birga, tuxum narxining o’sishi yanvar oyidagi 2 foizga nisbatan 0,6 foizgacha sekinlashdi.
Kungaboqar yog‘i va shakar narxi ketma-ket beshinchi oy pasayganini ham aytish joiz. Fevral oyida shakar 0,2 foizga, kungaboqar yog’i esa 2 foizga arzonlashdi. Shu jumladan un narxi 1,4 foizga, mol go‘shti bahosi 0,4 foizga tushdi .
Narxlar o’zgarishining yillik o’zgarishiga nazar tashlasak ushbu jarayon mutlaqo boshqacha tus oladi. Tuxum – 32,9 foizga, kungaboqar yog‘i 7 foizga, shakar 41,2 foizga, sut 17,6 foizga, bug‘doy uni 39,4 foizga, guruch 30,4 foizga va nihoyat mol go’shti narxi 10,2 foizga oshganligining guvohi bo’lamiz.
2023-yilning fevral oyida sabzavotlar orasida piyoz narxi eng ko’p 9,8 foizga, 12 oy davomida esa qariyb 3 barobarga ko’tarilgan. Ushbu holat ham anomal sovuq va u tufayli piyoz zahiralaridan bir qismining yaroqsiz holatga kelib qolishi bilan bog’liq jarayon ekanligi aytildi.
Kiyim va poyabzal narxlari oy davomida 0,1 foizga pasaygan, biroq yil davomida 8,5 foizga oshgan. Maishiy texnika tovarlari bo’yicha 0,3 foizlik hamda 9,7 foizlik o’sish qayd etilgan.
Fevral oyida benzin 1,1 foizga, boshqa yoqilg‘ilar esa 5,3 foizgacha ko’tarilgan. Aviachiptalar narxi 3,1 foizga, avtomobil transporti xizmatlari 1,7 foizga, temir yo‘l chiptasi bahosining yuqorilashi 0,6 foizga yetgan.