Urush sababli Ukraina qarzga botyapti

Urush oqibatida Ukraina davlat qarzi 116 mlrd AQSH dollariga yetdi

Ukrainaning davlat va davlat tomonidan kafolatlangan qarzlari hajmi yanvar oyida 185,35 milliard grivnaga (5,06 milliard dollar) oshib, 4 258,20 milliard grivnaga (116,44 milliard dollar) yetdi. Bu haqda Ukraina Moliya vazirligi saytida xabar berildi.

Qayd etilishicha, qarzning 64,95 foizi xorijliklarga, 35,05 foizi Ukraina fuqarolariga to‘g‘ri keladi.

2022-yil yakuni bo‘yicha Ukrainaning davlat qarzi 13,7 foizga (13,42 milliard dollar) o‘sdi va 31 dekabr holatiga ko‘ra 111,38 milliard dollarni tashkil qildi.

Oliy Radaning Moliya bo‘yicha qo‘mitasi maʼlumotlariga ko‘ra, joriy yil budjetida davlat qarzining maksimal miqdorini 172,7 milliard dollargacha oshirish ko‘zda tutilgan.

Bu 2024-yil uchun yalpi ichki mahsulotning prognoz darajasining 102,3 foizini tashkil etadi. Ukrainaning 2023-yilgi davlat byudjetida 38 milliard dollar defitsit ko‘zda tutilgan.

Avvalroq Ukraina sobiq bosh vaziri Nikolay Azarov mamlakatning G‘arb kreditorlari oldidagi qarzi 2023-yilda mamlakat yalpi ichki mahsulotidan bir yarim baravar ko‘p bo‘lishi mumkinligini aytgandi.

Azarovning taʼkidlashicha, 2023-yilda Ukraina yalpi ichki mahsuloti pasayishda davom etadi, davlat qarzi esa 107 milliard dollardan 200 milliard dollargacha oshishi mumkin.

Rossiya va Ukraina o‘rtasida urush boshlangandan keyin Ukraina AQSH va Yevropa Ittifoqidan qarz jalb qilishni ko‘paytirdi. Bunga mamlakatning urush oqibatida qiyin iqtisodiy holatda qolib ketgani sabab bo‘lgan.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan