AQShning “qizil chiziq”ni bosmaslik to’g’risidagi tavsiyalarida O’zbekiston ham bor

AQShning “qizil chiziq”ni kesib o’tmaslik to’g’risidagi maslahatlarida O’zbekiston ham tilga olingan

AQSh rasmiylari tranzaksiyalar O’zbekiston orqali amalga oshirilsa, ularni shubhali deb hisoblashini ma’lum qildi. Bu haqda RBK nashri AQSh hukumati tomonidan tuzilgan tavsiyalar ro‘yxatiga tayanib xabar beryapti.

Cheklovlar joriy qilingan mahsulotlarning Rossiyaga yaqin davlatlar orqali yetkazib berilishi sanksiyalarni chetlab o‘tishga urinish belgisi bo‘lishi mumkin, deydi Vashington.

AQSh ishlab chiqaruvchilar, distribyutorlar, sotuvchilar va yuk tashuvchilarni shubhali tranzaksiyalarga e’tiborli bo’lishga chaqiryapti. Endilikda G’arbning Rossiyaga qarshi sanksiyalarini chetlab o’tishga ishora qiluvchi belgilar AQShning ma’lum kompaniya yoki davlatga nisbatan chora ko’rishiga sababchi bo’lishi mumkin.

Bu haqda AQSH Savdo vazirligi, Adliya vazirligi va Moliya vazirligi tomonidan tuzilgan sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi kurashish bo‘yicha tavsiyanomalarda aytilgan.

Departamentlar Amerika mahsulotlari yoki cheklovlarga duchor bo‘lgan boshqa tovarlar bilan savdo qiluvchi kompaniyalarni, birinchi navbatda, hushyorlikka chaqirdi. Shuningdek, sanksiyalar buzilishi belgilari mavjud bo‘lsa, qo‘shimcha tekshiruvlar o‘tkazishni tavsiya qildi.

Sanksiyalarni chetlab o‘tishga urinish ehtimoli mavjud belgilar quyidagilar:

– Xaridor tomonidan mahsulotdan nima maqsadda foydalanishi haqidagi maʼlumotlarni berishni istamasligi, hujjatlarni to‘ldirishdan bosh tortishi;

– Xalqaro bank o‘tkazmalari uchun soxta kompaniyalardan foydalanish;

– Xaridor uskunalarni o‘rnatish, mutaxassislarni o’qitish yoki ularga texnik xizmat ko‘rsatilishidan bosh tortsa;

– Mijozning IP-manzili va u tomonidan ko‘rsatilgan manzil o‘rtasidagi tafovvut;

– Internetda to’liq ma’lumotlari mavjud bo’lmagan kompaniyalar yoki umuman notanish tashkilotlar bilan operatsiyalar;

– Mahsulotlarni Xitoy (shu jumladan Honkong va Makao), shuningdek, Rossiyaga yaqin bo‘lgan boshqa mamlakatlar – Armaniston, Turkiya, O‘zbekiston orqali yetkazib berilishi;

– Xaridorga aloqasi bo‘lmagan kompaniyalardan to‘lov qabul qilish va hokazolar shular jumlasidandir.

Qayd etilishicha, 2023-yilning uch haftasida AQSH Moliya vazirligining Moliyaviy jinoyatlarga qarshi kurashuvchi FinCEN bo‘limi banklarning Rossiyaga qarshi sanksiyalarni chetlab o‘tishga doir urinishlari bo‘yicha 100 dan ortiq holatlarni aniqlagan. Bloomberg nashrining yozishicha, shuncha miqdordagi xabar o‘tgan ikki yil davomida olingan edi. Xabarlar sonining keskin oshishi AQSH rasmiylarining xabar yetkazuvchilarni mukofotlash vaʼdasi bilan bog‘liq – ular sanksiyalarni buzganlik uchun rasmiylar undiradigan jarimaning 10 dan 30 foizigacha mukofot olishi mumkin.

Avvalroq, Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ijrosi bo‘yicha xalqaro maxsus vakili Devid O‘Sallivan Rossiyaga qarshi sanksiyalarga rioya etilishi va ularning amalda ekaniga ishonch hosil qilish muhimligini aytgan edi.

«Mening vazifam uchinchi davlatlar, qo‘shnilarimiz va boshqa davlatlar bilan bu sanksiyalarni chetlab o‘tish imkoniyati bor-yo‘qligini muhokama qilishdir», dedi siyosatchi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaga eksport hajmini oshirayotgan davlatlarga Yevropa Ittifoqi eksportining “shubhali” o‘sishi qayd etilgan. O‘Sallivanning taʼkidlashicha, bu nimadir noto‘g‘ri ketayotganini ko‘rsatishi mumkin. Misol tariqasida u Serbiya, Turkiya, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklarini ko‘rsatdi.

«Gap bu mamlakatlarni tanqid qilish emas, balki ular bilan yuzaga kelayotgan muammolarni muhokama qilishda. Ittifoqchilarimizdan farqli o‘laroq, bu davlatlar sanksiyalarga qo‘shilmaslik yo‘lini tanladi, lekin ular sanksiyalarni chetlab o‘tishga yordam berishni istamasligini aytdi. Biz ularning o‘z vaʼdasiga amal qilayotganini tekshiramiz, nima bo‘layotganini, qanday choralar ko‘rilayotganini o‘rganamiz», dedi O‘Sallivan sanksiyalarni chetlab o‘tish jinoyat ekanini eslatib.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *