Nega yangi hisobotda O’zbekiston iqtisodiyoti nisbatan erkin bo’lmagan davlatlar qatoridan joy oldi?

Heritage Foundation’ tadqiqot markazi The Wall Street Journal’ nashri bilan hamkorlikda 2023-yilgi “Iqtisodiy erkinlik indeksi” hisobotini eʼlon qildi.

Unda O‘zbekiston 184 ta mamlakat orasida 56,5 ball bilan 109-o‘rinni egallagan. So‘nggi hisobotga ko‘ra, mamlakat reytingi 0,8 ballga yaxshilanib, 8 pog‘onaga yuqorilagan bo‘lsa-da, iqtisodiyoti erkin bo‘lmagan mamlakatlar guruhidan joy olgan. Markaziy Osiyo davlatlari orasida faqatgina Qozog‘iston 71-o‘rinni egallab, o‘rtacha erkin iqtisodiyotga ega hududlar qatoriga kirdi. Reytingda maksimal 100 ballik baholash tizimi qabul qilingan bo’lib, eng yuqori ko’rsatkich mamlakatda biznes uchun ideal sharoitlar mavjudligini bildiradi.

Davlatlar iqtisodiyoti besh guruhga bo‘lingan: erkin (80 dan 100 ballgacha), asosan erkin (70−79,9 ball), o‘rtacha erkin (60−69,9), nisbatan erkin bo‘lmagan (50−59, 9) va repressiv (0−49,9).

O‘zbekiston 2022-yilgi reyting bilan taqqoslaganda 12 ko‘rsatkichdan 7 tasida o‘z o‘rnini yaxshilagan. Reyting mualliflarining fikricha, soliq yuki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 19,6 foizdan 18,7 foizgacha pasaygan bo’lsada, so‘nggi uch yilda o‘rtacha budjet taqchilligi YAIMning 0,6 foizidan 2,8 foizigacha, davlat xarajatlari esa 27 foizidan 28,9 foizigacha oshgan.

Davlat xarajatlari (-3,2 ball) va fiskal salomatlik (-11,3 ball) ketma-ket ikkinchi yildirki yomonlashib bormoqda. Budjet taqchilligi ortib, davlat xarajatlari yuqorilashda davom etyapti.

“Fiskal salomatlik va davlat xarajatlari masalasida ahvol tubga qarab ketayotganini oxirgi ikki yildan beri tasdiqlangan budjet defitsiti ko‘rsatkichlariga namoyishkorona amal qilinmayotgani, xarajatlarning o‘sishini tiyuvchi institutlarning formal fasadga aylangani, davlat xarajatlari samarasiz loyihalar hamda to‘xtamayotgan zararli tajribalar sababli oshayotganini kuzatish mumkin. Bularning barchasi esa aholi qatlamlari turmush tarzida aks etib, ijtimoiy tengsizlikni kuchaytirmoqda”, – deb yozadi iqtisodchi Otabek Bakirov.

So‘nggi ikki yilda O‘zbekiston mulk huquqlarini ta’minlash sezilarli darajada yomonlashdi. Bu boradagi ko’rsatkichlar 2021-yildagi 57,8 balldan joriy yilda 30,9 ballgacha tushdi. Sud-huquq tizimining samaradorligi bo‘yicha esa 50,8 balldan 13 ballgacha kamaydi.

“O‘zbekistonda umumiy qonun ustuvorligi zaif. Mamlakatdagi mulkchilik huquqi, sudning samaradorligi va hukumat yaxlitligi reytingi jahondagi normal holatdan past”, – deyiladi hisobotda.

Hisobotda qayd etilishicha, ba’zi yutuqlarga qaramay, umumiy tartibga solish tizimida shaffoflik va aniqlik yetishmaydi. Zamonaviy mehnat bozori rivojlanishda davom etmoqda, ammo norasmiy bandlik mavdudligicha qolyapti.

O‘rtacha savdo tarif stavkasi 4,5 foiz (-0,2 foiz) ni tashkil etadi, ammo tarifsiz to‘siqlar savdo xarajatlarini yanada oshiradi. Hukumat tomonidan umumiy investitsiya qonunchiligini takomillashtirish choralari ko‘rildi.

“Moliya sektori modernizatsiya qilindi, biroq davlat banklari hamon ustunligicha qolmoqda”, – deydi ekspertlar.

Hisobot 2021-yilning 1-iyulidan 2022-yilning 30-iyunigacha bo‘lgan davrga oid maʼlumotlar tahlilidan kelib chiqqan holda tuzilgan.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan