Rossiyadagi o’zbeklarga norasmiy kurerlik xizmatida ishlamaslik maslahat berilyapti

Norasmiy kurerlik xizmati bilan shug’ullanish Rossiyadagi o’zbeklarning qamalishiga olib kelishi mumkin

Rossiyada qamalgan xorijliklar, jumladan O‘zbekiston fuqarolari Ukrainadagi harbiy harakatlarga jalb etilishi holatlari ko‘payganligi sir emas.

Ayni paytda, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi Rossiyadagi o‘zbekistonliklarni norasmiy yetkazib berish xizmatlarida ishlamaslikka va ular uchun asossiz katta miqdorda pul taklif qilayotgan tovarlarni yetkazib bermaslikka chaqirmoqda.

So‘nggi paytlarda Rossiyada mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz katta miqdordagi pul evaziga internet orqali bir manzildan ikkinchi manzilga mahsulot yetkazib berish haqidagi e’lonlar bilan muammolarga duch kelishmoqda.

“Murojaatlardan maʼlum boʻlishicha, norasmiy kurerlik xizmatlari tarkibida giyohvandlik vositalari yoki noqonuniy moddalar (zakladka) boʻlganligi taxmin qilinayotgan buyurtmalarni yetkazib berish taklif etiladi”, – deyiladi murojaatda.

«Shu munosabat bilan yurtdoshlarimizdan norasmiy kurerlik xizmatlarida ishlamaslikni, katta miqdordagi pul evaziga shubhali buyumlarni bir manzildan ikkinchi manzilga yetkazib bermaslikni yoki mahsulotni albatta tekshirishni so‘raymiz.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, narkotik moddalarni sotish yoki yetkazib berish uchun uzoq muddatli qamoq jazosi belgilangan», deyiladi agentlik xabarida.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan